icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Hududlarda ijtimoiy xizmatlar qamrovini kengaytirish va bolalarni himoya qilish masalalari ko‘rib chiqildi

17.12.2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini kengaytirish hamda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi.

Kambag‘al hamda kambag‘allikka tushish xavfi bo‘lgan oilalarni aniqlash, ularga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va xizmatlarni yagona tizim asosida, aholining real ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkil etish yo‘nalishidagi ishlar ko‘rib chiqildi.

O‘tgan davrda Ijtimoiy himoya yagona reyestri doirasida 1,8 million oilaning ijtimoiy holati baholanib, 739 ming oila, shu jumladan kambag‘al hamda kambag‘allik chegarasidagi oilalar reyestrga kiritildi. Ularga nafaqa va moddiy yordamlar tayinlandi.

Endilikda bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambag‘al oilalar reyestri negizida Ijtimoiy reyestr yuritiladi va unda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib alohida toifalarga – davlat ta’minotidagi oilalar, kambag‘al oilalar hamda kambag‘allik chegarasidagi oilalarga ajratiladi, har bir toifaga mos yordam va xizmatlar ko‘rsatiladi.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari aholining daromad darajasi va bandlik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda differensial yondashuv asosida amalga oshiriladi. 

Xususan, ayrim toifadagi imkoniyati cheklangan oilalar uchun bandlik talab etmagan holda ijtimoiy yordamlar berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi, “mahalla yettiligi”ga mehnat qilish imkoniyati cheklangan va og‘ir hayotiy vaziyatdagi oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish huquqi beriladi.

Shuningdek, reyestrga kiritilgan oilalarning daromadini oshirish, sog‘liqni saqlash, bandlik, uy-joy va boshqa yo‘nalishlarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, mehnatga layoqatli a’zolarni bandlikka jalb qilish hamda tadbirkorlikka yo‘naltirish choralari ko‘riladi.

Hududlarda ehtiyojmand aholiga kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatishni kengaytirish maqsadida hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. 2026-2027-yillarda 20 ta shunday markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Markazlarda qarab turish, parvarishlash, abilitatsiya, reabilitatsiya va ta’lim bilan bog‘liq kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi.

Markazlar orqali nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar, hamda yolg‘iz shaxslarni qamrab olish, kunduzgi xizmatlar hisobiga ularning ijtimoiy muassasalarga doimiy joylashtirilishini qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, xizmatlardan foydalanish jarayonlarini raqamlashtirish, elektron yo‘llanmalarni joriy etish hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar monitoringini ta’minlash belgilangan.

Prezidentimizga 2026–2030-yillarda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan strategiya to‘g‘risida axborot berildi.

Strategiya bolalar uchun zo‘ravonlikdan holi muhit yaratish, zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalarni barvaqt aniqlash hamda jabrlanuvchi yoki guvoh bo‘lgan bolalarga kompleks xizmatlar ko‘rsatishni asosiy maqsad qilib olgan.

Mazkur hujjat doirasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, xavf ostidagi bolalar bilan erta bosqichda ishlash, bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy, psixologik, ta’lim va huquqiy xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.

Strategiyada bolalar bilan ishlashda ijtimoiy yondashuvga asoslangan kichik hajmli, ochiq formatdagi markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, har bir bola bo‘yicha individual ish rejalarini shakllantirish hamda bolaning ta’lim olishi va jamiyatga integratsiya qilinishiga qaratilgan choralar nazarda tutilgan.

Shuningdek, bolalarning huquqiy himoyasini ta’minlash maqsadida protsessual harakatlarda bolalar manfaatlarini kafolatlash, bolalar bilan ishlaydigan mutaxassislarni maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish hamda bolalarga oid ishlarda idoralararo hamkorlikni kuchaytirish vazifalari belgilangan.

Strategiya doirasida ijtimoiy xavfli bolalarni ta’lim bilan qamrab olish imkoniyatlarini kengaytirish, muqobil joylashtirish mexanizmlarini rivojlantirish, kasbga yo‘naltirish hamda bolalarni jamiyatga moslashtirishga qaratilgan choralar ko‘zda tutilgan.

Oilalar bilan ishlash yo‘nalishida esa bolaga nisbatan zo‘ravonlik xavfini kamaytirish, ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash, psixologik va ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish bo‘yicha alohida vazifalar belgilangan.

Shu bilan birga, bolalarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ma’lumotlarni yagona elektron platforma asosida yuritish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha yagona hisob va monitoring tizimini joriy etish strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

Prezidentimiz belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ijtimoiy himoya va bolalarni himoya qilish sohalarida tizimli yondashuvni ta’minlash, ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar ijrosini doimiy nazoratda ushlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo