09.08.2017
2017-yil 8-avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3182-son qarori
Qisqa davr mobaynida mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish, birinchi navbatda, qishloq joylarida aholi uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish, shuningdek, islohotlarni amalga oshirishda fuqarolarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan qator muhim davlat va hududiy dasturlar, qonun hujjatlari qabul qilindi.
Senatorlar va deputatlar korpusi, fuqarolar yig‘inlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini keng jalb etgan holda, joylarda ishlarning haqiqiy ahvolini har tomonlama va chuqur o‘rganish, xalq bilan bevosita muloqotning sifat jihatdan yangi va samarali shakllarini joriy etish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarning natijalari mazkur dasturlar hamda hujjatlarning qabul qilinishiga asos bo‘ldi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amaliy ro‘yobga chiqarish doirasida qabul qilingan 20 dan ortiq qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 180 dan ortiq farmonlari va 450 dan ortiq qarorlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlash hozirgi bosqichda ko‘zlangan maqsadlarga erishishning muhim sharti hisoblanadi.
Shu bilan birga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini tashkil etish va faoliyatini baholashning amaldagi tizimi oldimizga qo‘yilgan vazifalarni samarali hal qilishga imkon bermayapti. Xususan,
birinchidan, ijro etuvchi va vakillik hokimiyati markaziy organlarining mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorligining darajasi hududlarda yechimini kutayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha uyg‘un faoliyatni ta’minlamaydi. Aksariyat hollarda ularning faoliyati bir martalik xususiyatga ega, alohida topshiriqlarni bajarishdan iborat bo‘lib qolgan. Buning ustiga, joylarda yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilish bo‘yicha lozim darajada tashabbus ko‘rsatilmayapti;
ikkinchidan, ijro etuvchi va vakillik hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining hududlarga xizmat safarlarini samarali muvofiqlashtirishning mavjud emasligi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning takrorlanishiga olib kelmoqda, oqibatda, mahalliy davlat hokimiyati organlarini asosiy funksional majburiyatlarini bajarishdan chalg‘itmoqda;
uchinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonini baholash amaliyoti joylarda ishlarning haqiqiy ahvolini tanqidiy tahlil qilishga asoslanmagan, eng asosiysi, erishilgan iqtisodiy ko‘rsatkichlar aholining hayot sifatiga qay darajada ijobiy ta’sir etayotganligiga qat’iy baho berilmayapti. Respublika davlat organlarining hududlardan ajralib qolganligi hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, rivojlanish darajasi va talab-ehtiyojini inobatga olgan holda, asoslantirilgan va har tomonlama puxta o‘ylangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish imkonini bermayapti;
to‘rtinchidan, respublika va mahalliy byudjet mablag‘larini shakllantirish va taqsimlash, investitsiya dasturlarini ishlab chiqish hamda bajarishning amaldagi mexanizmlari, birinchi navbatda, eng ustuvor loyihalarni manzilli, o‘z vaqtida va mutanosib moliyalashtirishni ta’minlamayapti;
beshinchidan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni tashkil etish o‘rniga aksariyat hollarda ko‘plab yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda va ularning yakuni bo‘yicha chuqur o‘ylanmagan qarorlar qabul qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan, aholini arzon uy-joy va ish bilan ta’minlash, sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalardagi hayotiy muhim masalalar ko‘tarilgan bir milliondan ortiq murojaatlar yuqoridagilardan dalolat bermoqda.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni so‘zsiz amalga oshirish, ishni tashkil etish, birinchi navbatda, jamoatchilik oldida hisobot berish shakllari va uslublarini tubdan takomillashtirish, aholining hayot sifati va darajasini yuksaltirish, davlat organlari rahbarlarining mas’uliyatsizligi holatlarining yuzaga kelishiga qat’iy ravishda barham berish hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
1. Vazirlar Mahkamasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimlarining e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan tadbirlar va topshiriqlarning ijrosini tashkil etishdagi jiddiy kamchiliklarga, shuningdek, ko‘rilayotgan choralarning kutilayotgan natijalarni bermayotganligiga qaratilsin.
Ko‘rsatilgan rahbarlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida belgilangan vazifalarning so‘zsiz va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgarligi haqida ogohlantirilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining joylarda ishlarni tashkil etishning quyidagilarni nazarda tutuvchi mutlaqo yangi tizimini joriy qilish haqidagi takliflari qabul qilinsin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hududlarini tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarga (keyingi o‘rinlarda sektorlar deb yuritiladi) bo‘lish;
sektorlar rahbarlariga hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini tashkil etish va hal qilish, shu jumladan, aholining eng muhim muammolarini yechish yuzasidan javobgarlik yuklash hamda vakolatlar berish;
hududlarni O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlariga 1-ilovaga muvofiq biriktirish;
sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning amalga oshirilishi ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan parlament nazoratining samarali shakllarini joriy etish;
huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularni barvaqt oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan parlament nazoratining samarali shakllarini joriy etish.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlariga:
islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni tizimli va har tomonlama o‘rganish, umumlashtirish hamda ishlab chiqishga mas’ul bo‘lgan deputat va senatorlarni hududlarga biriktirish;
tegishli mansabdor shaxslarning, birinchi navbatda, aholi oldida davriy hisobot berish tizimini, ularning faoliyatini baholash mezonlarini, shuningdek, yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlik choralarini nazarda tutgan holda, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularni barvaqt oldini olish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratining samarali shakllarini joriy etish bo‘yicha ishlarni tashkil etishning namunaviy tartibini tasdiqlash tavsiya etilsin.
3. Quyidagilar sektorlar rahbarlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
birinchidan, uy-joy kommunal va yo‘l xo‘jaligi, energiya, suv va issiqlik ta’minoti, transport qatnovi, arxitektura, arzon uy-joylar qurish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, namunaviy mahalla va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini shakllantirish sohasidagi muammolarni aniqlash hamda hal etish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish;
ikkinchidan, ijtimoiy muhofazaning manzilliligi, iste’mol bozorida narxlarning barqarorligi, ijtimoiy soha ob’ektlari, eng avvalo, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa muassasalarning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
uchinchidan, hududlarni jadal iqtisodiy rivojlantirish, shu jumladan, ularning tabiiy, iqtisodiy va inson salohiyatidan samarali foydalanish, qurilishi tugallanmagan ob’ektlardan, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish va yer maydonlaridan oqilona foydalanish, mahalliy byudjetlarning daromad qismi va hududning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, joylarda zamonaviy bozor infratuzilmasini tashkil etish, xizmat ko‘rsatish, turizm sohalarini rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlariga amaliy yordam ko‘rsatish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
to‘rtinchidan, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa uchun ajratilgan yerlardan maqsadli foydalanish, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa faoliyat turlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etishda fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashish bo‘yicha choralar ko‘rish;
beshinchidan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlikda huquqbuzarliklarni, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida profilaktika qilish hamda ularni barvaqt oldini olish bo‘yicha ta’sirchan ishlarni tashkil etish.
4. Belgilansinki, sektorlar ishini tashkil etish 2-ilovada keltirilgan, quyidagilarni nazarda tutadigan Hududlar va tumanlar (shaharlar)ni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar ishini tashkil etish sxemasiga muvofiq “mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyiliga ko‘ra amalga oshiriladi:
uyma-uy yurish va aholi bilan uchrashuvlar asosida eng quyi bo‘g‘inda – mahallada dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq choralar ko‘rish, tuman (shahar)ni rivojlantirish bo‘yicha dasturlarga kiritish uchun takliflar tayyorlash va kiritish;
mahallalarda aniqlangan muammolarni har tomonlama chuqur tahlil qilish va umumlashtirish asosida tumanlar (shaharlar)ni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish, tumanlar (shaharlar) xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida hisobot berish tizimini joriy etish, qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarga kiritish, shuningdek, mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish uchun takliflar tayyorlash va kiritish;
tumanlar (shaharlar)da aniqlangan muammolarni har tomonlama chuqur tahlil qilish va umumlashtirish asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida hisobot berish tizimini joriy etish, qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilish, davlat, hududiy, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturlariga takliflar tayyorlash va kiritish, shuningdek, mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish uchun takliflar tayyorlash va kiritish;
hududlar “yo‘l xaritalari” amalga oshirilishining samaradorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan har tomonlama tanqidiy tahlil va umumlashtirish o‘tkazish, shuningdek, davlat, hududiy, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida har choraklik hisobot berish tizimini joriy etish, qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilish, joylardagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqishni tashkil etish, mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida takliflar kiritish.
5. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) Kengashlari majlislarida har chorakda sektorlar rahbarlarining hisobotlari har bir hududga biriktirilgan mas’ul mansabdor shaxslar, deputatlar va senatorlar ishtirokida eshitiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) Kengashlariga sektorlar rahbarlarining hisobotlarini eshitishda quyidagi masalalarga e’tibor qaratish tavsiya etilsin:
tegishli davrda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tanqidiy baholash;
aholi, tadbirkorlik sub’ektlari, fermer xo‘jaliklari, yoshlarni tashvishga solayotgan dolzarb muammolarni, shuningdek, hududning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni aniqlash;
hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini va davlat, hududiy, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturlariga kiritish uchun takliflarni muhokama qilish.
Hisobotlarni eshitishga hududlarni rivojlantirish jarayoniga ta’sir ko‘rsatishning, shuningdek, sektorlar rahbarlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslari mas’uliyatini oshirishning muhim vositalaridan biri sifatida qaralsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashiga sektorlar rahbarlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslari hisobotlarini eshitishning aniq tartibini nazarda tutgan holda, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamentini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etilsin.
6. Sektorlar ishining shakllari va uslublarini, davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorligini, ularning vakolatlarini, shuningdek, hisobot berishi va faoliyatini baholash tartibini nazarda tutadigan Tumanlar (shaharlar) va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarining ishlarini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Quyidagilar hududlarga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlarining asosiy vazifalari va funksiyalari etib belgilansin:
hududlarni komleks rivojlantirish bo‘yicha sektorlarning ishini, eng avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda orqada qolgan tumanlar va shaharlarda samarali tashkil etish;
tumanlar, shaharlar,mahallalardagi yechimini kutayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha ishlarning samaradorligi va uyg‘unligini ta’minlash maqsadida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan uzviy hamkorligini tashkil etish;
hududning ishchanlik muhiti va ishchanlik faolligini tahlil qilish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan dolzarb muammolarni hal etishga ko‘maklashish, shakllangan tadbirkorlik madaniyati va mahalliy an’analar, hududning o‘ziga xos xususiyatlari va rivojlanish darajasini inobatga olgan holda, hududni rivojlantirish bo‘yicha manzilli amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ahvolini tahlil qilish, amalga oshirilayotgan tadbirlarning aholi hayotining sifatiga ta’sir etish darajasini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
Hukumat, respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari darajasida qaror qabul qilishni talab etadigan aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
tegishli rahbarlarning faoliyatini tanqidiy tahlil qilish yakunlari asosida ularni amaldagi rahbar kadrlar zaxirasiga qo‘shish yoki egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy javobgarlikka tortish haqida takliflar kiritish.
8. Belgilab qo‘yilsinki:
hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini, qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bajarilishini o‘rganish hududlarga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari tomonidan, qoida tariqasida, bir yo‘la kompleks o‘rganish (3-4 kun davomida) o‘tkazish orqali muvofiqlashtiriladi;
hududlarga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari ish vaqtining uchdan ikki qismidan kam bo‘lmagan davrini joylarda ishlarning haqiqiy ahvolini, shu jumladan aholi bilan muloqot qilish orqali o‘rganishga ajratadi.
9. Kalendar yilning chorak yakuni bo‘yicha majlislarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishning hozirgi amaliyoti samarasiz hamda eskirgan deb topilsin.
Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini sarhisob qilishning yangilangan konsepsiyasi 4-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq joriy qilinsin va quyidagilar uning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
tuman (shahar) va viloyat darajasida, birinchi navbatda, fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari, deputatlar va senatorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tomonidan ko‘tarilgan eng dolzarb muammolarni aniqlash, shuningdek, ularning yechimi bo‘yicha aniq choralar ko‘rish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ishbilarmon doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb qilish orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bajarilishi monitoringining ochiqligi va xolisligini oshirish;
amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va erishilgan ko‘rsatkichlarning, ayniqsa qishloq joylarida aholining hayot darajasi va sifatiga real ta’sirini hisobga olgan holda maqroiqtisodiy tahlil o‘tkazish;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ahvoli, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat idoralari takliflari, aholi ehtiyojlarining har tomonlama va chuqur tahlili asosida O‘zbekiston Respublikasining investitsiya (davlat) dasturlari va hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini, shu jumladan, joylarda yechimini kutayotgan muammolarni hal qilishda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari hamda xodimlarining mas’uliyati va tashabbuskorligini oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bajarilishini nazorat va monitoring qilishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini sarhisob qilishning yangi konsepsiyasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
10. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini o‘rganishning yangi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha komissiya 5-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda sektorlar rahbarlari, davlat organlari mansabdor shaxslari va xodimlari o‘rtasida mazkur qaror talablarini tushuntirish bo‘yicha ishlarni tashkil etsin;
2017-yil 20-avgustga qadar muddatda joylarda aniqlangan muammo va kamchiliklarning har tomonlama tahlil etish va umumlashtirish asosida namunaviy “Yo‘l xaritasi”ni hamda sektorlar rahbarlarining namunaviy ish tartibini ishlab chiqsin;
bir oy muddatda sektorlar rahbarlari faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
2018-yil 1-yanvarga qadar muddatda mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini va bajaradigan ishlar hajmini tanqidiy o‘rganish asosida ularning tuzilmasi, vazifalari, funksiya va vakolatlarini optimallashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin.
12. Asossiz, samarasi kam, amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga keraksiz ma’muriy ish hajmini oshiradigan va yuklatilgan vazifalarni bajarishdan chalg‘itadigan idoralararo yig‘ilishlarni o‘tkazish qat’iy taqiqlansin.
Davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga o‘tkaziladigan yig‘ilishlarga ko‘rib chiqiladigan masalalarga bevosita aloqador bo‘lmagan davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining mansabdor shaxslari taklif qilinishi va ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatib o‘tilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ko‘rsatilgan talablarning qat’iy bajarilishi ustidan lozim darajada monitoring olib borilishini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda kollegial yig‘ilishlar o‘tkazish zaruratini asoslovchi aniq mezonlarni, ularda ishtirok etuvchi shaxslar doirasini belgilashni, shuningdek, yig‘ilishlar yakunlarining natijadorligiga talablarni nazarda tutgan holda, barcha darajalarda yig‘ilishlarni tashabbus qilish, unga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish tartibini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati (T.Xudaybergenov) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Hisob palatasi bilan birgalikda:
sektorlar rahbarlarining faoliyatini ularga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring qilishni, hududlarning rivojlanish ahvolidagi real o‘zgarishlardan va boshqa haqqoniy mezonlardan kelib chiqib, ularning faoliyatini xolisona baholashni ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorakda alohida o‘rnak ko‘rsatgan sektorlar rahbarlari, davlat organlarining mansabdor shaxslari va xodimlarini rag‘batlantirish yoki yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Hisob palatasi bilan birgalikda uch oy muddatda tanqidiy tahlil asosida Respublika va mahalliy byudjet mablag‘larini shakllantirish va taqsimlash, investitsiya dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishning samarali hamda shaffof mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari U.S.Ismailov, V.A.Golishev, T.A.Xudaybergenov, O.B.Murodov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev