15.12.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-dekabr kuni kapital bozorini yanada rivojlantirish hamda bank sohasida xalqaro standartlarni joriy etishni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Bugungi kunda muomaladagi qimmatli qogʻozlarning bozor qiymati 275 trillion soʻmni tashkil etib, birjada erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlar hajmi 4 trillion soʻmga yetdi, bozorda 717 ta emitent va 77 ta professional ishtirokchi faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, kapital bozorining kapitallashuv hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20 foizni tashkil etib, jahon koʻrsatkichlaridan ancha past ekani, mazkur sohada hali katta salohiyat mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan mahalliy kapital bozoriga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Jumladan, mahalliy va xorijiy fond birjalarida xalqaro standartlar asosida qimmatli qogʻozlarni joylashtirish – “dual listing” amaliyotiga ruxsat berish, shuningdek, valyuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar, xorijiy qimmatli qogʻozlar hamda birja investitsiya fondlari kabi yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda “tartibga solish qumdoni” huquqiy rejimini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu mexanizm doirasida qumdon shartlarini nafaqat norezidentlar, balki rezidentlar uchun ham tatbiq etish, xorijiy investorlar uchun muddatsiz amal qilishini belgilash, shuningdek, chet el kompaniyalarining aksiyalari, obligatsiyalari va boshqa qimmatli qogʻozlar bilan savdo qilishga ruxsat berish taklif qilindi. Bu xorijiy qimmatli qogʻozlarning norasmiy savdosini qisqartirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Mahalliy investorlarni kapital bozoriga faol jalb etish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Bunda mahalliy kompaniya va banklarga Toshkent fond birjasida xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish orqali tashqi bozorga chiqmasdan turib valyuta mablagʻlarini jalb qilish imkoniyatlari yaratilishi qayd etildi.
Shuningdek, emitentlarga oʻz kapitali hajmidan ortiq, taʼminotsiz obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini yaratish orqali obligatsiyalar bozorini kengaytirish mumkinligi taʼkidlandi.
Kapital bozorida nazorat va tartibga solish tizimini takomillashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Milliy qonunchilikni Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti talablariga moslashtirish, regulyator vakolatlarini kuchaytirish, shuningdek, professional ishtirokchilarning ustav kapitaliga qoʻyiladigan talablarni bosqichma-bosqich oshirish rejalari taqdimot qilindi.
Bank sohasidagi islohotlar doirasida soʻnggi yetti yilda tijorat banklarining aktivlari 5,3 barobar oʻsib, 877 trillion soʻmdan oshgani, banklarning soni 35 taga yetib, 2017-yildan beri 3 ta xorijiy bank Oʻzbekistonda faoliyatini yoʻlga qoʻygani taʼkidlandi.
Mamlakatimiz ilk bor Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon bankining Moliyaviy sektorni baholash dasturida ishtirok etdi, unda bank nazorati, risklarni boshqarish, toʻlov tizimlari, makroprudensial siyosat va inqirozlarni boshqarish kabi yoʻnalishlar baholandi.
Baholash natijalaridan kelib chiqib, kelgusi yilda Oʻzbekiston moliya sektorini Bazel qoʻmitasining Samarali bank nazorati boʻyicha 29 ta asosiy tamoyiliga toʻliq moslashtirish belgilangan. Bu maqsadda barcha tijorat banklarida moliyaviy hisobotlarni toʻliq xalqaro standartlar asosida yuritish, Bazel III standartlarini joriy qilish, Hukumat va Markaziy bank ishtirokida Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish vazifalari belgilandi.
Davlatimiz rahbari kapital bozori hamda bank sohasidagi islohotlar iqtisodiyotni barqaror moliyalashtirish, xususiy sektor ulushini oshirish va xalqaro investitsiyalarni faol jalb etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.


