13.12.2025
Qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha jonkuyarlari!
Avvalo, siz, azizlarni, oʻz hayotini qishloq xoʻjaligi sohasiga bagʻishlagan yurtimizdagi barcha olijanob kasb egalarini qutlugʻ bayram – Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlugʻ ayyomda sizlarning nafaqat qishloq xoʻjaligi, balki butun iqtisodiyotimizni yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ulkan xizmatlaringizni yana bir bor minnatdorlik bilan taʼkidlaymiz.
Ayniqsa, bu yil, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq qiyinchiliklarga qaramasdan, agrar sektor rivojida sizlar bilan birga tub burilish yasashga muvaffaq boʻldik.
Paxta, gʻalla va meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha yangi navlarni ekish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga yuqori hosildorlikka erishdik.
Bu yil 3 mingdan ziyod mirishkor fermerlarimiz paxtachilikda hosildorlikni oʻrtacha 50-60 sentnerdan, ularning 1,5 ming nafari esa 70 sentnerdan oshirganlari, gʻallachilikda esa 3,5 mingdan ortiq tajribali fermerlarimiz oʻrtacha 100 sentnerdan hosil olganlari, hech shubhasiz, ushbu tarmoqlar rivojida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi.
Yana bir eʼtiborga molik jihat shundan iboratki, qishloq xoʻjaligida eksport salohiyatimiz ortib bormoqda. Birgina shu yilning oʻzida meva-sabzavotlarimiz yetkazib berilgan davlatlar soni esa 18 taga koʻpayib, 83 taga yetdi.
Albatta, ana shunday raqam va koʻrsatkichlar ortida dehqon va fermerlarimiz, klasterlar, umuman, qishloq va suv xoʻjaligi sohasida jonbozlik koʻrsatayotgan har bir insonning mehnati, jasorati, fidoyiligi mujassam, desak, toʻgʻri boʻladi. Shuning uchun ham mazkur bayram arafasida sizlar bilan joriy yildagi faoliyatimizni atroflicha muhokama qilib, agrotarmoq vakillaridan 110 nafariga davlatimizning yuksak mukofotlarini topshirdik. Ana shunday yuksak eʼtirof bilan ularni yana bir bor samimiy muborakbod etaman.
Muhtaram yurtdoshlar!
Global iqlim oʻzgarishi, suv tanqisligi sharoitida xalqimizning sifatli oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash eng ustuvor vazifaga aylangan bugungi kunda barcha sohada boʻlgani kabi qishloq xoʻjaligida ham faqat zamonaviy bilim va tajriba, innovatsion yondashuvlar asosida ish olib borgan taqdirdagina koʻzlagan ezgu maqsadlarimizga erisha olamiz. Buni dehqon va fermerlarimiz ham chuqur tushunib yetmoqda. Yaqinda Samarqand, Jizzax va Sirdaryoda sohada boʻlayotgan oʻzgarishlar bilan tanishib, bunga yana bir bor amin boʻldim.
Shu maʼnoda, qishloq xoʻjaligi sohasida Yangi Oʻzbekistonning strategik yoʻlini amalga oshirishda men avvalo sizlarga, agrotarmoqda faoliyat koʻrsatayotgan 3,5 million nafardan ortiq yurtdoshlarimizga tayanaman. Sizlar uchun yana qanday sharoit va imkoniyatlar yaratish kerak boʻlsa, barchasini taʼminlab berishga tayyorman.
Chunki qishloq xoʻjaligining taqdiri va kelajagi – butun mamlakatimizning taqdiri va kelajagidir.
Shu maqsadda kelgusi yildan boshlab, qoʻshimcha ravishda paxta hosilining 50 foizini oʻz hisobidan yetishtirgan fermerlarga 5 foiz subsidiya, shuningdek, soliq, lizing va kreditdan qarzi boʻlmagan fermerlarga esa imtiyozli kredit 2 foizgacha pasaytirilgan stavkada beriladi.
Qishloq xoʻjaligida subsidiyalarni boshqarish boʻyicha yangi tizim joriy etilib, 6 ta vazirlik tomonidan berib kelingan 53 turdagi subsidiyalar endi faqat Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda subsidiyalarni ajratishdagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlar olib tashlanadi hamda fermer va dehqonlar subsidiyalarni olish uchun faqat elektron platforma orqali murojaat qiladi.
Yana bir imkoniyat – qishloq xoʻjaligida hosilni sugʻurtalash boʻyicha yangi tizimni yoʻlga qoʻyamiz. Endi qishloq xoʻjaligi hosilini sugʻurta qilishda dehqon va fermerlar xarajatlarining 50 foizini davlat qoplab beradi. Hosilni yoʻqotishdagi zarar Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali toʻliq qoplab beriladi.
Ilgʻor fermerlarni ustoz sifatida kam hosil olayotgan fermerlarga biriktirib, har ikki tomonga ham manfaatli boʻladigan tizimni yoʻlga qoʻyamiz. Bundan tashqari, “Yangi agronom” dasturi doirasida 180 nafar iqtidorli talabalarimizni yuqori malakali kadrlar sifatida tayyorlaymiz.
Birgina paxtachilikning oʻzida dehqon va fermerlarni qoʻllab-quvvatlashga 35 trillion soʻm yoʻnaltiramiz.
Gʻalla yetishtirayotgan fermerlarga paxtadagi kabi yetishtirgan hosilining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratish tizimini yoʻlga qoʻyamiz. Bogʻdorchilikda yangi bogʻ va tokzorlarni tashkil qilish, eskilarini yangilash boʻyicha ishlarni uch yillik dastur asosida tashkil qilamiz.
Bundan buyon baliqchilikda naslni yangilash, natijadorlikni oshirish va shaffoflikni taʼminlash uchun yangi rivojlantirish dasturini qabul qilamiz. Bunda karp va sovuq suv baliqlari naslchiligini yoʻlga qoʻyish boʻyicha vengriyalik va norvegiyalik hamkorlarimiz bilan ishlarni boshlaymiz.
Chetdan nasldor baliqni olib kelish xarajatlarining 50 foizi byudjetdan qoplab beriladi.
Baliq xoʻjaliklari inkubatsiya, laboratoriya, yopiq suv aylanma tizimlarini import qilishda bojxona bojidan ozod qilinadi. Intensiv baliqchilikni yoʻlga qoʻygan xoʻjaliklar uchun yer va mol-mulk soliqlari 2 barobar kamaytiriladi.
Qishloq xoʻjaligidagi salohiyatdan toʻliq foydalanish maqsadida “ilm-fan – taʼlim – ishlab chiqarish” integratsiyasini taʼminlaydigan Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi tashkil etiladi.
Ana shunday keng koʻlamli vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishda siz, azizlar faol ishtirok etasiz va soha rivojini yangi bosqichga koʻtarishga munosib hissa qoʻshasiz deb ishonaman.
Sizlarni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga tinchlik-omonlik, baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Joriy yilda erishgan ulkan yutuq va zafarlaringiz bardavom boʻlsin!
Mehnatingizning rohatini koʻring, azizlarim, qadrdonlarim!
Shavkat MIRZIYOYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti


