13.12.2025
Butun hayoti va mehnat faoliyatini qishloq xo‘jaligi sohasi taraqqiyotiga bag‘ishlagan taniqli fermer, O‘zbekiston Qahramoni Abduraim Hamidov shu yil 10-dekabr kuni 82 yoshida vafot etdi.
A.Hamidov 1943-yil 20-oktyabrda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ildi. Mehnat faoliyatini 1960-yilda tumandagi “O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligida mexanizatorlikdan boshladi. Keyinchalik shirkat xo‘jaligi pudratchisi sifatida mehnat qildi. 2007-yilda “Shahand humo qushi” fermer xo‘jaligini tashkil etib, ko‘p yillar davomida fidoyilik bilan faoliyat yuritdi.
A.Hamidov qariyb 60-yillik ish faoliyati mobaynida o‘zini dehqonchilik ilmini chuqur biladigan haqiqiy mirishkor, zamonaviy agrotexnologiyalarni puxta egallagan, paxtachilikda o‘z maktabini yaratgan fidoyi fermer, mehnatsevar, samimiy va el-yurtiga sadoqatli inson sifatida namoyon etib, mamlakatimizda agrar sohada keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakati rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shdi.
U Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi deputati sifatida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush darajasini yaxshilash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlarida alohida faollik ko‘rsatdi.
Abduraim Hamidovning uzoq yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni va O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlangan edi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasining taniqli namoyandasi, jonkuyar ustoz, samimiy va kamtarin inson Abduraim Hamidovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, S.Turdiyev, Sh.Abdurazzoqov


