04.12.2025
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Yigʻilish avvalida davlatimiz rahbari “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasi sifatida Sirdaryo viloyatidagi ulkan oʻzgarishlarni alohida taʼkidladi.
– Ilgari asosan qishloq xoʻjaligiga bogʻlanib qolgan bu zaminda soʻnggi yillarda sanoat, servis, turizm yoʻqdan bor boʻldi. Biznes muhiti butunlay oʻzgardi, ilgʻor tadbirkorlar qatlami shakllandi, – dedi davlatimiz rahbari.
Sakkiz yilda Sirdaryo viloyatiga 4 milliard dollar investitsiya kiritildi. Shu davr mobaynida 187 ta yirik quvvat ishga tushirilib, 120 ming yangi ish oʻrni yaratildi. 50 ga yaqin yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Natijada sanoat hajmi 4 trillion soʻmdan 25 trillion soʻmga yetdi.
Ilgari dotatsiya olgan Guliston, Yangiyer shaharlari, Boyovut, Mirzaobod, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlari bugun oʻz xarajatini oʻzi qoplash darajasiga yetgani qayd etildi.
Sirdaryo tumanida kelgusi yili xitoylik sheriklar bilan 122 million dollarlik avtomobilsozlik loyihasi ishga tushiriladi. Yaqinda Qozogʻiston bilan hamkorlikda Sirdaryo tumanida Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markaziga start berildi. Ushbu markaz hududida qiymati 300 million dollarlik 14 ta sanoat korxonasi kelasi yilning birinchi choragi yakuniga qadar ish boshlashi, 2026-yilda yana 720 million dollarlik 40 ta yangi loyiha joylashtirilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari Sirdaryoda bogʻcha, maktab, shifoxona oʻrinlarini koʻpaytirish, elektr, suv, kanalizatsiya va yoʻllarni yaxshilash borasida ham amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi. Birgina joriy yilning oʻzida aholi turmush sharoitini yaxshilash uchun 100 million dollar resurs yoʻnaltirildi. Natijada 47 ta maktab, 45 ta bolalar bogʻchasi, 31 ta tibbiyot muassasasi, 5 ta sport va madaniyat maskani tubdan taʼmirlanib, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi. Bu ishlar izchil davom ettirilib, kelasi yili yana 100 million dollar ajratilishi eʼlon qilindi.
Sessiyada tashkiliy masala ham koʻrildi. Prezidentimiz hokim vazifasini bajarayotgan Erkin Turdimov nomzodini Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga ilgari surdi.
Viloyat faollarining fikr-mulohazalari tinglanib, nomzod ovozga qoʻyildi. Ovoz berish natijasiga koʻra, Erkin Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
Davlatimiz rahbari yangi hokim oldiga Sirdaryoni rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar qoʻydi. Jumladan, kelasi yillar davomida viloyatga jami 3 milliard dollar investitsiya kiritish, eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish, 185 ming aholini ish bilan taʼminlash boʻyicha qatʼiy ishlash zarurligi qayd etildi.
Yigʻilishda viloyatda sanoat, servis, qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi.
Soʻnggi yillarda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda umumiy qiymati 500 million dollar boʻlgan 31 ta korxona ishga tushirilib, 5 ming nafar fuqaro yuqori daromadli ish oʻrinlari bilan taʼminlandi. Xitoylik hamkorlar bilan yana 700 million dollarlik 40 ta loyiha boʻyicha ishlar jadal davom etmoqda.
Yangiyer, Guliston va Shirin shaharlari, Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos tumanlari hisobiga Sirdaryo erkin sanoat zonasi hududi 1080 gektargacha kengaytirildi. Viloyat va tuman hokimlariga sanoat zonasiga qoʻshib berilgan maydonlarda kamida 4 milliard dollarlik loyihalarni boshlash muhimligi koʻrsatib oʻtildi.
Buning uchun loyihalarning samaradorligini puxta hisoblab, investorlarga taqdimot qilish maqsadida Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos tumanlari, shuningdek, Yangiyer, Guliston va Shirin shaharlari hokimlaridan iborat delegatsiyani Xitoyga yuborish topshirildi.
Qurilish materiallari boʻyicha Szyansu, Shandun va Guandun, kimyo sanoati boʻyicha Tyanszin, elektrotexnikada Fuszyan va Gonkong, yengil sanoatda Shandun va Sinszyan, farmatsevtika sohasida Shanxay va Szyansi hududlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik oʻrnatish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, Guliston shahrida kamida 5 ming ish oʻrniga ega “Oʻzbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti” savdo va sanoat zonasi tashkil etilishi belgilandi. Bu yerdagi obyektlar tayyor loyiha sifatida tadbirkorlarga sanoat ipotekasi yoki lizing asosida taklif etiladi.
Toshkent shahridagi sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich poytaxtdan tashqariga koʻchirish jarayonida Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasidagi boʻsh yerlar mavjud quvvatlarni joylashtirish uchun katta imkoniyat ekani taʼkidlandi.
Shu bois, poytaxtdan oʻz korxonasini Sirdaryoga koʻchirish istagida boʻlgan tadbirkorlarga sanoat zonasidagi yerlar soddalashtirilgan tartibda, chegirma bilan taqdim etiladi, ularga 10 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi, xomashyoni temir yoʻl orqali tashishda arzonlashtirilgan tariflar qoʻllanadi.
Yigʻilishda tadbirkorlik va servis infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
2026-yilda viloyat infratuzilmasini yaxshilashga 1,5 trillion soʻm, tadbirkorlik loyihalari uchun 10 trillion soʻm resurs ajratish rejalashtirilgan. Shuning 753 milliard soʻmi ilk bor Sirdaryo viloyati va tuman budjetlariga mahallalar sharoitini yaxshilash uchun yoʻnaltiriladi.
Prezidentimiz aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yangicha yondashuvlar, samarali yechimlarni joriy etish uchun doim izlanish, oʻrganish va tajriba orttirish juda muhimligini taʼkidladi.
Shu maqsadda 11 ta tuman hokimining birinchi oʻrinbosarini Pekindagi Kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha xalqaro markazda amaliyot oʻtashini tashkil qilish, sirdaryolik 50 yoshni Pekin shahrida avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha kurslarda oʻqitish topshirildi.
Shuningdek, Guliston universiteti qoshida Xitoyning “Lu Ban ustaxonasi” dasturi doirasida kasb-hunarga oʻqitish markazini, Sirdaryo tumanidagi tibbiyot texnikumi negizida esa Xitoy bilan hamkorlikda farmatsevtika texnologiyalari yoʻnalishida oliygoh tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish masalalari ham atroflicha koʻrib chiqildi.
Ekin yerlarida suv taʼminotini yaxshilash maqsadida kelasi yili Boyovut tumanida sigʻimi 100 million kub metr boʻlgan “Sultonhovuz” suv ombori qurilishi boshlanadi. Bu orqali Boyovut, Guliston, Sayxunobod, Sirdaryo va Mirzaobod tumanlaridagi 110 ming gektarda yiliga ikki marta hosil olish imkoniyati yaratiladi.
Yigʻilishda aholi va tadbirkorlarning hayotini yengillashtirishga qaratilgan tashabbuslarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.
A-373 yoʻlining Sayxunobod va Guliston tumanlaridan oʻtuvchi 37 kilometr qismini oltita tasmali qilib rekonstruksiya qilish ishlarini boshlash topshirildi. Boyovut, Guliston, Xovos, Mirzaobod, Sirdaryo va Sayxunobodning 18 ta mahallasidagi 67 kilometr yoʻlni sement-beton qoplamaga oʻtkazish rejalashtirilgan.
Ikki kun oldin Guliston shahri Taraqqiyot mahallasidagi buyum bozori hududida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida gaz balloni portlashi natijasida 29 nafar fuqaro jarohat oldi.
Afsuski, mazkur baxtsiz hodisada qurbonlar ham bor. Prezidentimiz halok boʻlganlarning oila aʼzolariga chuqur hamdardlik bildirdi. Uch kun muddatda qurbonlarning oilasiga 100 million soʻmdan moddiy yordam ajratish topshirildi.
– Bugun sizlar bilan viloyatni yanada rivojlantirish, aholi va tadbirkorlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilish boʻyicha katta-katta reja va maqsadlarni belgilab oldik. Hech shubhasiz, sirdaryoliklarning bunyodkorlik, tashabbuskorlik va fidoyilik fazilatlariga tayanib, bu marralarga albatta erishamiz, – dedi Prezidentimiz yigʻilish yakunida.
Sessiya davomida mutasaddilarning hisobotlari, ishtirokchilarning fikr va takliflari tinglandi.
Shu bilan davlatimiz rahbarining hududga tashrifi yakunlandi, Prezidentimiz Toshkentga qaytib keldi.


