08.08.2017
2017-yil 8-avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3178-son qarori
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida madaniyat sohasini izchil rivojlantirish, jahon miqyosidagi ijobiy tajriba va tendensiyalar, yutuq va natijalarni har tomonlama chuqur o‘rganish asosida madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, ularning tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor berilmokda.
Ayni shu maqsadda 2002-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan Toshkent davlat konservatoriyasi uchun yangi bino qurilib, u zamonaviy talablar asosida jihozlandi. Ushbu oliy o‘quv yurtining nufuzi va maqomini oshirish uchun unga “O‘zbekiston davlat konservatoriyasi” nomi berildi, konservatoriya qoshida iqtidorli yoshlar uchun akademik musiqa litseyi ham tashkil etildi.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatining tanqidiy tahlili o‘tgan davr mobaynida ushbu oliy ta’lim muassasasi tomonidan akademik va milliy musiqa san’ati yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, o‘quv-pedagogik va ilmiy-ijodiy ishlarni tashkil etish borasida muayyan yutuqlarga erishilganini, shu bilan birga, bir qator jiddiy kamchilik va nuqsonlarga ham yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatmoqda.
Mutasaddi tashkilotlar, birinchi navbatda Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan yetarli darajada amaliy yordam va ko‘mak berilmagani, tegishli nazorat olib borilmagani, mas’uliyat va talabchanlik bo‘shashtirib yuborilgani oqibatida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi mamlakatimiz madaniy hayotidagi o‘zining yetakchi o‘rni, obro‘-e’tibori va ta’sirini yo‘qotib borayotgani, uning faoliyati bugungi zamon talablaridan orqada qolayotgani, bu borada kechiktirmasdan hal qilish zarur bo‘lgan bir qancha jiddiy muammolar mavjudligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqsa.
Jumladan, ta’lim-tarbiya ishlarining zamonaviy standartlar va sohaning o‘ziga xos xususiyatlari asosida to‘g‘ri tashkil etilmagani, o‘quv dasturlari va metodikasining mukammal emasligi, darslik va qo‘llanmalarning yetishmasligi, professor-o‘qituvchilar, ilmiy va ijodiy xodimlarning salohiyati aksariyat hollarda talabga javob bermasligi, konservatoriyaning moddiy-texnik bazasi nochor ahvolga kelib qolgani tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘qishga qabul qilish kvotalarida nomutanosiblik vujudga kelgani, xususan, 700 nafar o‘quv o‘rni mavjud bo‘lgani holda, amalda 1346 nafar talaba tahsil olayotganini albatta normal holat sifatida baholab bo‘lmaydi.
Mana shunday kamchilik va muammolar o‘z navbatida ushbu oliy ta’lim muassasasi oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli va samarali amalga oshirishga, madaniyat sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xalqimiz, xususan, yoshlarimizning dunyoqarashi, ma’naviy saviyasi va estetik tarbiyasini yuksaltirishda g‘oyat muhim o‘rin va ahamiyatga ega bo‘lgan musiqa san’atini har tomonlama rivojlantirish, boy musiqiy merosimizni chuqur o‘rganish, yosh avlodni milliy va jahon musiqa san’atining mumtoz namunalariga muhabbat ruhida tarbiyalash, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda - Dastur deb ataladi) 1-ilovaga;
O‘zbekiston davlat konservatoriyasining tarkibiy tuzilmasi 2-ilovaga;
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Dasturning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
o‘zbek xalqining milliy musiqiy merosi va jahon musiqa madaniyati durdonalari negizida musiqa san’atini rivojlantirish, musiqiy ta’lim tizimini sifat jihatidan yanada ko‘tarish;
aholimiz, birinchi navbatda yoshlarni milliy va umumbashariy musiqa san’atining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish, shu asosda ularning madaniy saviyasini yuksaltirish, ma’naviy yetuk va barkamol shaxslarni tarbiyalash;
mulkiy yoki idoraviy mansubligidan qat’i nazar, musiqa san’ati, musiqa ta’limi yo‘nalishi uchun kadrlar tayyorlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va ularni joriy etish bo‘yicha kelishuvlarda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi metodik va ijodiy jihatdan tayanch oliy ta’lim muassasasi ekanini e’tirof etish;
O‘zbekiston davlat konservatoriyasining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, jumladan, konsert zallari, auditoriyalar va maxsus xonalarni ta’mirlash va zamon talablari darajasida jihozlash;
konservatoriyada faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik mahoratini oshirish, o‘quv jarayoni sifati va saviyasini tubdan yaxshilash, musiqa san’ati sohasida jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ijodiy markazlar, taniqli kompozitor, musiqachi va ijrochilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, xorijiy mutaxassislarni mamlakatimizga taklif etish bilan bir qatorda respublikamizda yuqori natijalarga erishgan musiqachi va pedagoglarning mahorat darslarini chet davlatlarda tizimli tashkil etish;
O‘zbekiston davlat konservatoriyasining yosh pedagog kadrlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida zarur maishiy sharoitlar yaratish, ipoteka kreditlari asosida uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha aniq chora- tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
Konservatoriya va uning tarkibidagi Iqtidorli bolalar akademik litseyi professor-o‘qituvchilari hamda talabalarining ijodiy faolligini yanada oshirish, yozgi ta’til davomida yoshlarning bo‘sh vaqti mazmunli o‘tishi uchun Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan sanatoriyni “Musiqa oromgohi” degan nom bilan konservatoriya tasarrufiga o‘tkazish.
3. Belgilab qo‘yilsinki, konservatoriyaning maqomi va nufuzini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri, bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston davlat konservatoriyasining rektori hisoblanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘quv binolari yetishmaganligi sababli hamda talabalar kontingenti sezilarli darajada ortganini inobatga olib, 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Mirzo Ulugbek tumanidagi, Mustaqillik prospekti, 31-uyda joylashgan V.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyiga tegishli bo‘lgan binoni O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga o‘rnatilgan tartibda berilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent shahri, Buxoro ko‘chasi, 10-uyda joylashgan binoni O‘zbekiston davlat konservatoriyasi tasarrufiga o‘tkazish va ushbu binoda jahon andozalariga to‘liq mos bo‘lgan, akademik jamoalarning badiiy dasturlari namoyish etiladigan, jonli ijroga mo‘ljallangan zamonaviy konsert zalini barpo etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi mazkur loyihalarni amalga oshirishda xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda konservatoriyaning loyihalashtirish, qurilish va ta’mirlash ishlarida ma’sul etib belgilansin.
uch oy muddatda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi binosida “Noyob cholg‘ular davlat kolleksiyasi”ni tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
to‘rt oy muddatda O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlari tartibiga o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
2018-yilning 1-martiga qadar O‘zbekiston davlat konservatoriyasi muassisligida musiqa san’ati ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha “Musiqa” ilmiy-uslubiy jurnal faoliyatini tashkil etsin;
respublikadagi eng yaxshi bolalar musiqa va san’at maktablari, madaniyat va san’at kollejlarida konservatoriyaning tayanch ijodiy markazlari tashkil etilsin hamda ularga konservatoriyaning yetakchi professor-o‘qituvchilarini yuborib, “Mahorat maktabi” mashg‘ulotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilsin;
noyob va murakkab cholg‘u sozlarini yanada puxta o‘zlashtirishlari uchun har yili yosh ijrochilar va texnogen san’at turlari mutaxassislarini xorijdagi nufuzli musiqa akademiyalari va konservatoriyalariga kelishuv shartnomalari asosida Madaniyat vazirligi qoshidagi byudjetdan tashqari Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qisqa muddatli (2-3 oygacha) o‘qishga yuborsin;
iqtidorli o‘quvchi va talabalarning mamlakatimizda, xorijiy davlatlarda o‘tkazib kelinayotgan nufuzli tanlov, festival va ilmiy-ijodiy konferensiyalarda Madaniyat vazirligi qoshidagi byudjetdan tashqari Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan muntazam ishtirok etishlarini ta’minlasin.
5. Quyidagilar Dasturni amalga oshirishning moliyaviy manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xuzuridagi byudjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muasasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari - 2018-2019-yillarda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi qoshida musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi va 400 o‘rinli yotoqxona binolarini qurish va jihozlash qismida;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining tashabbusi bilan xayriya asosida ajratiladigan mablag‘lar - Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Olmazor ko‘chasi, 1-uy manzilida joylashgan O‘zbekiston davlat konservatoriyasining bino va inshootlarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish qismida;
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari - “Noyob cholg‘ular davlat kolleksiyasi”ni, “Musiqa” ilmiy-uslubiy jurnali faoliyatini tashkil etish, yosh ijrochilar va texnogen san’at turlari mutaxassislarini xorijdagi nufuzli musiqa akademiyalari va konservatoriyalariga o‘qishga yuborish, iqtidorli o‘quvchi va talabalarning mamlakatimizda, xorijiy davlatlarda o‘tkazib kelinayotgan nufuzli tanlov, festival va ilmiy-ijodiy konferensiyalarda ishtirok etishlarini ta’minlash qismida;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar - boshqa tadbirlarni bajarish qismida.
6. Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston davlat konservatoriyasida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali xodimlar, jumladan, iqtidorli yosh mutaxassislar uchun munosib turarjoy sharoitlarini yaratish maqsadida imtiyozli ipoteka kreditlari asosida Toshkent shahrida quriladigan ko‘p qavatli uylardan uy-joylar ajratilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha Hukumatning tegishli qarorini qabul qilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari X.Sultonov va A.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev