icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Prezident Olimpiadasiga start berildi

26.11.2025

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-noyabr kuni Olimpiya shaharchasidagi stadionda Prezident Olimpiadasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Katta sport bayramiga chorlov musiqasi yangradi. Stadionga hududiy saralash musobaqalaridan muvaffaqiyatli oʻtgan sportchilar va jamoalar, jahon, Osiyo va Olimpiya oʻyinlari chempionlari chiqib keldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

– Bugun Yangi Oʻzbekiston timsoli boʻlgan mana shu muazzam Olimpiya shaharchasida sizlar bilan birga Prezident Olimpiadasi oʻyinlariga start bermoqdamiz. Mamlakatimizda birinchi marta oʻtkazilayotgan, butun yurtimiz yoshlarini olimpiya harakatining ezgu gʻoyalari asosida birlashtirayotgan ushbu sport bayrami barchamizga muborak boʻlsin! – dedi davlatimiz rahbari.

Islohotlarning ilk kunlaridanoq barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda.

Soʻnggi sakkiz yilda budjetdan sportga berilayotgan yillik mablagʻ 250 milliard soʻmdan 3 trillion soʻmga oshdi, sport murabbiylarining oʻrtacha maoshi 7 barobar koʻpaydi, 250 dan ziyod yirik sport obyektlari yangidan qurildi, 100 ga yaqini rekonstruksiya qilindi.

Mahallalarda, ayniqsa, chekka-chekka qishloqlarda 2 mingga yaqin sport maydonchalari barpo etildi, 14 ta Оlimpiya va Paralimpiya markazlari toʻliq zamonaviy infratuzilma bilan taʼminlandi.

Bu ishlar yurtimizning nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishi va sporti yuksak rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishiga mustahkam zamin yaratmoqda.

Jumladan, Parij Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida mard va bahodir sportchilarimiz chinakam jasorat koʻrsatib, 13-oʻrinni egalladi. Ana shunday zafarli yurishning davomi sifatida joriy yilda yoshlarimiz jahon universiadasida 13-oʻrinni, Bahraynda oʻtkazilgan Yoshlar oʻyinlari va Saudiya Arabistonidagi Islom birdamligi musobaqalarida faxrli 2-oʻrinni egalladilar.

Ayniqsa, oʻgʻil-qizlarimiz jahon, Osiyo va Olimpiya oʻyinlarida 50 dan ortiq rekord natijalarga erishgani yurtimizning xalqaro Olimpiya harakatidagi oʻrni va nufuzini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ilk bor jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgani xalqimiz 34 yil kutgan tarixiy voqea boʻldi.

– Hech shubhasiz, Yangi Oʻzbekistonning sport tarixini yuzlab irodasi mustahkam, jasur va matonatli, yuksak intellektual salohiyatga ega oʻgʻil-qizlarimiz yaratmoqda. Ana shunday qahramon sportchilarimizga shon-sharaflar boʻlsin! Ularning boshi uzra Vatanimiz bayrogʻi hamisha magʻrur hilpirab tursin! – dedi Prezidentimiz.

Bugungi kunda dunyoda barcha sohalar qatori sport olamida ham keskin kurash va raqobat kechayotgani taʼkidlandi. Bu esa nufuzli xalqaro sport musobaqalari, jumladan, Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirishni talab etmoqda.

Bu ishlarni eng quyi boʻgʻin boʻlgan mahalladan boshlash uchun joriy yil besh bosqichli ommaviy sport musobaqalari bilan 15 million aholi qamrab olindi. Adaptiv sportga berilayotgan eʼtibor tufayli soʻnggi uch yilda parasportchilar soni qariyb yetti karra oshib, 70 mingdan ortiq nogironligi bor shaxslar ommaviy sportga jalb etildi.

Sohani raqamlashtirish va shaffofligini oshirish hisobiga barcha 10 ming maktab va 9 ming mahalladagi oʻgʻil-qizlar oʻz salohiyatini namoyon qilish imkoniga ega boʻldi.

Endi eng iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish va ularni katta sportga yoʻnaltirish boʻyicha mutlaqo yangi tizim – Prezident Olimpiadasi oʻyinlari boshlanmoqda.

Musobaqaning tuman va viloyat bosqichlarida umumtaʼlim maktablaridagi sport toʻgaraklari, xususiy sport klublari va 310 ta sport maktabidan 100 mingdan ortiq yoshlarimiz ishtirok etdi.

Eng yuqori natijaga erishgan 3 mingdan ziyod oʻgʻil-qizlar Prezident Olimpiadasiga keldi. Ular sportning 10 ta yoʻnalishi boʻyicha oʻzaro bellashuvlarni boshladi.

Gʻoliblar maxsus sovrinlar va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Eng asosiysi, ular terma jamoalarga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnaltiriladi.

Aʼlo darajadagi tayyorgarlikni davom ettirish uchun ular Olimpiya va Paralimpiya markazlariga qabul qilinadi va har biriga stipendiya beriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, bundan buyon har yili oʻtkaziladigan Prezident Olimpiadasi yangi iqtidorlarni kashf qilib, samarali seleksiya tizimiga aylanadi.

Kelgusi yildan boshlab, suv sporti, velosport, triatlon, qilichbozlik va jamoaviy oʻyinlar boʻyicha ham musobaqalar oʻtkazilib, Prezident Olimpiadasidagi sport turlari 20 taga yetkaziladi.

2026-yilda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 2027-yilda 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasida Jahon chempionati hamda 2029-yilda Yoshlar Osiyo oʻyinlari Oʻzbekistonda oʻtkaziladi.

– Bunday yirik musobaqalar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun katta bayram, katta mahorat maktabi boʻladi, mamlakatimizning doʻstlik va hamkorlik diyori sifatida xalqaro obroʻ-eʼtiborini yanada oshiradi. Prezident Olimpiadasi tizimi esa hech shubhasiz, bunday musobaqalarga javohir sportchilarni tanlab olishga, xususan, 2028-yilda Los-Anjelesda oʻtadigan Olimpiya oʻyinlari uchun har bir hududdan litsenziyalar sonini koʻpaytirishga xizmat qiladi, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari xushxabarni eʼlon qilish uchun nutqida tanaffus qildi. Shaxmat boʻyicha Jahon kubogi finalida grossmeysterimiz Javohir Sindarov gʻalaba qozongani haqidagi yangilik gulduros qarsaklar bilan kutib olindi.

Soʻzini davom ettirar ekan, Prezidentimiz sportning tarbiyaviy ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi. Turli zararli gʻoya va taʼsirlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab davrda yosh avlodimizni har tomonlama sogʻlom etib tarbiyalash hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.

– Men bu borada sportni tarbiyadan, tarbiyani esa sportdan ayri holda tasavvur etolmaydigan sizdek hurmatli sportchilar, faxriylarimiz va ustoz-murabbiylarga tayanaman, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida Olimpiada ishtirokchilariga omad va zafarlar tiladi.

Stadionga Oʻzbekiston bayrogʻi olib chiqildi va ko‘tarildi, mamlakatimiz madhiyasi ijro etildi.

Olimpiya mashʼalasi yoqilib, katta sport bayrami boshlandi. Tadbir teatrlashtirilgan madaniy dastur bilan davom etdi.

Marosimdan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmatchimiz Javohir Sindarov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari grossmeysterimizni Hindistonda o‘tgan shaxmat bo‘yicha Jahon kubogida erishgan g‘alabasi bilan o‘z nomidan va barcha yurtdoshlarimiz nomidan qizg‘in tabriklab, ushbu tarixiy voqea butun xalqimizni quvontirganini ta’kidladi. Yosh sportchimizga kelgusi yilda Kiprda bo‘lib o‘tadigan Da’vogarlar turnirida muvaffaqiyatlar tiladi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo