19.11.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-noyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan davrda bu yo‘nalishdagi ishlarni quyida to‘g‘ri tashkil qilish, mahallama-mahalla yurib, yangi tashabbuslarni topib, odamlar hayotini yaxshilashga mas’ul bo‘lgan viloyat, tuman hokimlari va ular xodimlarining moddiy va texnik imkoniyatlari tubdan yaxshilandi.
Joriy yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushdi (o‘tgan yili 5,5 foiz bo‘lgan). Ayniqsa, Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on, Samarqand, Shirin shaharlarida ishsizlik 4 foizdan pasayib, ilk bor “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashdi.
Ehtiyojmand 302 ming oila kambag‘allikdan chiqdi. Yil yakunigacha kambag‘allik darajasi 6 foizgacha kamayishi kutilmoqda (o‘tgan yili 8,9 foiz bo‘lgan).
Sharoiti og‘ir bo‘lgan Xovos, Mirzaobod, Oqoltin, Do‘stlik, Paxtakor, Forish, Bo‘ston, Vobkent, Mirishkor, Mingbuloq, Uzun va Piskentda kambag‘al oilalarning soni 4,5 barobargacha kamaydi. Ilgari qiyin ahvolda bo‘lgan 105 ming oila daromad ko‘rishni boshladi.
Joriy yilda ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi.
Shu bilan birga, ayrim tumanlarning hokimlari katta resursi va mablag‘i bo‘la turib, ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani, odamlarga imkoniyatiga yarasha tayyor loyiha bermagani tanqid qilindi.
Shu bois, Denov tumani hokimi va uning birinchi o‘rinbosari, Chiroqchi tumani hokimi va uning birinchi o‘rinbosari ishdan olinishi, yana 20 ta tuman hokimiga o‘rnatilgan tartibda tegishli chora ko‘rilishi belgilandi.
Umuman, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik rejalarini bajarishdagi mas’uliyatsizlik uchun yil boshidan 261 nafar mas’ul ishdan olingani, yana 492 nafariga intizomiy jazo berilgani ma’lum qilindi.
Kelgusi yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizdan kamaytirish mutasaddilarning asosiy vazifasi bo‘lishi qayd etildi. Buning uchun kelgusi yilda iqtisodiyotga 450 trillion so‘m kredit ajratilishi, 140 trillion so‘mi mahalladagi kichik va o‘rta loyihalar uchun berilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari bu boradagi ishlarni tashkil qilishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Birinchisi – qurilish orqali aholini ishli va daromadli qilish.
Kelgusi yilda mamlakatimizda 675 trillion so‘mlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shundan 380 trillion so‘mi qurilish ishlariga to‘g‘ri keladi. 140 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joy qurish maqsad qilingan.
Har bir hokim bundan samarali foydalanib, qurilish sohasining o‘zidan kamida 20-25 ming, yaratilgan infratuzilma orqali 10 ming kishini bandligini ta’minlashi mumkinligi qayd etildi.
Eng katta yangilik – 2026-yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m viloyatlarning o‘ziga beriladi.
Ikkinchi yo‘nalish – servis loyihalarini ko‘paytirib, aholi bandligini ta’minlash.
Mamlakatimizda eng yuqori o‘sish sur’atini ta’minlayotgan soha xizmatlar sohasi ekani ta’kidlandi. Lekin viloyat, tuman hokimlari xizmatlar sohasiga katta sur’at berayotgan turizmni rivojlantirish orqali ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadini ko‘paytirish imkoniyatlarini to‘liq ishga solmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Turizm salohiyati yuqori 150 ta mahallaning infratuzilmasi yaxshilansa, bu yerlarda xizmatlar hajmini 10 trillion so‘mga yetkazish, 45 ming nafar odamni savdo va servisda band qilish mumkin.
Shu bois, kelasi yilda 150 ta mahallaning har biriga infratuzilma uchun 3-5 milliard so‘mdan beriladi. Tuman banklari bu joylarda mehmon uylarini barpo etish uchun 150 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratishni yo‘lga qo‘yadi.
Chegara va anklav hududlardagi mahallalarga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlab, u yerda mehmon uylari, dam olish maskani, savdo-servis obyektlari tashkil qilish orqali oilalarning daromadini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi. Ushbu mahallalarda dam olish va servis obyektlarini qurish loyihalari uchun 1 trillion so‘m resurs ajratish topshirildi.
Bundan tashqari, sohil va yo‘l bo‘yida servisni rivojlantirish bo‘yicha 500 ta mahalla tanlab olingan. Tuman banklari bu joylarda kamida 5 ta doimiy ish o‘rni yaratadigan loyihalarga 1 milliard so‘mgacha kredit berishni yo‘lga qo‘yadi.
Shu yilning o‘zida 255 ta tun-u kun ishlaydigan ko‘cha ishga tushdi. Ularda 11 ming xizmat ko‘rsatish obyektlari ish boshladi, 27 mingga yaqin aholining bandligi ta’minlandi. Kelgusi yilda bunga qo‘shimcha yana 200 ta shunday ko‘chani tashkil qilish rejalashtirilgan.
Bir oyda aniq “yo‘l xaritasi”ni tuzib, ishni boshlab yuborgan hokimlarga har bir ko‘cha infratuzilmasi uchun 4 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Ovqatlanish, savdo va servis sohasida o‘zining brendini yaratgan korxonalar butun respublika bo‘ylab 100-150 tadan filialini ochish niyatida.
Bu borada viloyat hokimliklariga milliy brendlarga ko‘maklashish topshirildi. Agar brendlar yangi ochiladigan filial uchun xodimlarni o‘zim o‘qitaman, desa, buning xarajati Bandlik jamg‘armasidan qoplab beriladi. Filialini ko‘paytirish istagidagi brendlar uchun yangi moliyaviy instrumentlar joriy qilinib, 2026-yilda bunga 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Uchinchi yo‘nalish – sanoat loyihalari orqali doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirish.
Kelgusi yilda hududlardagi korxonalarda 52 milliard dollarlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish reja qilingan. Mutasaddilar mahalliy sanoat tarmoqlarida 22 milliard dollarlik 3,5 mingta loyihani ishga tushirib, 130 ming doimiy ish o‘rni tashkil qilishi zarurligi qayd etildi.
Hozirda 400 ta mahalla mebelchilik, hunarmandchilik va tikuvchilikka ixtisoslashgan. Tadbirkorlarning joyi kengaytirib berilsa, har biri yana 5-10 kishini ishga olishga tayyor.
Shu munosabat bilan tuman hokimlariga kelasi yilda sanoatga ixtisoslashgan bunday mahallalarda 50 ta “mikro sanoat markazi”ni ishga tushirib, 10 ming nafar odamni ishli qilish topshirildi. Bu markazlarning infratuzilmasi uchun 200 milliard so‘m ajratiladi.
To‘rtinchi yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi hisobidan aholi daromadlarini oshirish.
Kambag‘allikni qisqartirishda aholiga 232 ming gektar yer bo‘lib berilgani natijasida 770 ming odam daromad manbaiga ega bo‘ldi. Lekin tajribasi yetishmagani, sifatli urug‘, mahsulotiga bozor topishga qiynalgani uchun ularning uchdan birida daromad kamligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan Termiz tumanidagi Tomorqa maktabi tajribasini barcha hududlarda joriy qilish, har bir viloyatda kamida 5 tadan bunday maktablarni tashkil qilib, ijaraga yer olgan odamlarni serdaromad ekin ekishga o‘rgatish topshirildi. Dehqonlar ijaraga olgan yerida yetishtirgan mahsulotni kafolatli sotishi uchun “Eksportchi kooperativlari” tashkil qilinadi.
Beshinchi yo‘nalish – ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.
Yangi yildan “Teng imkon – inklyuziv bandlik” loyihasini joriy etib, nogironligi bo‘lgan 40 ming odamni ishli qilish muhim ekani ta’kidlandi. Bandlik jamg‘armasidan ularga 30 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Kambag‘allikka qayta tushish xavfi mavjud oilalarga ijtimoiy yordam va imtiyozlar saqlab qolinadi. Ularga 6 oy mobaynida moddiy yordam va bolalar nafaqasi to‘lanishi davom ettiriladi, bog‘cha va to‘garak xarajatini qoplash, davolanish orderi kabi 110 ta ijtimoiy xizmat va yordamdan 12 oy davomida qo‘shimcha foydalanish imkoni beriladi.
Bundan tashqari, og‘ir hayotiy vaziyat sababli kambag‘allikka tushib qolishi xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni oldindan aniqlab, ularga manzilli yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Ish o‘rinlarini “soyadan chiqarish” masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
– Ulkan maqsadlarni mablag‘i bilan boshlayapmiz. Vazirlar, ularning hududiy boshqarma va bo‘limlari, viloyat va tuman hokimlari, eng asosiysi, “mahalla yettiligi” ishga qattiq kirishmasa, o‘zgarish bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
Bosh vazirga aytilgan topshiriqlarni vazir va hokimlarga 2026-yil uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) sifatida belgilab berish topshirildi.
Yig‘ilishda hudud va tarmoqlar rahbarlarining hisobotlari, tadbirkorlarning fikr-mulohazalari tinglandi.


