19.11.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining FarmoniEkologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalarida belgilangan vazifalarni tezkor hamda yangi yondashuv asosida sifatli tashkil etish, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Boshqaruv tizimini takomillashtirish
1. Quyidagilar:
(a) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilsin;
(b) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Ekologiya qo‘mitasi) tashkil etilsin.
2. Belgilansinki:
(a) Ekologiya qo‘mitasi qulay ekologik holatni barqaror saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, o‘rmonlarni ko‘paytirish, global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va cho‘llanishga qarshi kurashish sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi;
(b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tashkiliy tuzilmasida 2 ta shtat birligidan iborat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasi tashkil etiladi;
(v) O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi o‘z faoliyatini Ekologiya qo‘mitasi huzurida davom ettiradi.
3. Belgilab qo‘yilsinki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining asosiy vazifalaridan tashqari, Ekologiya qo‘mitasi 1-ilovaga muvofiq quyidagi umummilliy loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi:
(a) chiqindilarni qayta ishlash va ular bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan “Chiqindidan holi hudud” umummilliy loyihasi;
(b) atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasi;
(v) 2028-yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil qilishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi;
(g) aholi orasida eko-odatlarni shakllantirish va ekologik hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi;
(d) bioxilma-xillikni kelajak avlod uchun asrashga qaratilgan “Bio meros” umummilliy loyihasi.
4. Ekologiya qo‘mitasi huzurida 15 nafargacha xorijiy va mahalliy ekspertlarni fuqaroviy-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilgan holda ekologiya sohasidagi “Ekoloyihalar fabrikasi” (keyingi o‘rinlarda – Loyiha ofisi) tashkil etilsin.
II. Ekologik nazoratni kuchaytirish
5. Belgilansinki, 2026-yil 1-apreldan boshlab 2-ilovaga muvofiq ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi, bunda:
(a) moliyaviy sanksiyalar pul undirish (jarimalar) tarzida faqat yuridik shaxslarga qo‘llanadi;
(b) bir xil huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llangan yuridik shaxslarning xodimlariga ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi;
(v) huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish olish hamda jarimani to‘lash ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxsni Ekologiya qo‘mitasining qarorini (taqdimnomasini, ko‘rsatmasini) bajarish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish majburiyatidan ozod etmaydi.
6. Quyidagilar negizida alohida yuridik shaxs bo‘lmagan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) (keyingi o‘rinlarda – Ekopolitsiya) tashkil etilsin:
(a) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi;
(b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy maxsus prokuraturalar;
(v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishidagi bo‘linmalarining optimallashtiriladigan shtat birliklari.
7. Belgilansinki:
(a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalariga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida ajratilgan 40 ta shtat birligi Ekopolitsiyaga o‘tkaziladi;
(b) Ekopolitsiya Ekologiya qo‘mitasining ekologik xavfsizlikni ta’minlash va bu boradagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan maxsus bo‘linmasidir;
(v) Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi;
(g) Ekopolitsiya boshlig‘ining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hisoblanadi va Ekopolitsiyaning tezkor shtabiga rahbarlik qiladi;
(d) Ekopolitsiyaga uning hududiy bo‘linmalarini ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olmagan holda tabiiy ekologik hududlar chegaralari doirasida tashkil etishga ruxsat etiladi.
III. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
8. Ekologiya qo‘mitasi quyidagilar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot kiritib borsin:
(a) yirik korxona va tarmoqlar tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar, ular va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan ko‘rilgan choralar;
(b) sohadagi mas’ul boshqaruv va nazorat organlarining o‘z vazifalarini sifatli va o‘z vaqtida bajarishi holati;
(v) davlat organlarining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga zid bo‘lgan qarorlarini bekor qilish.
9. Ekologiya qo‘mitasi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalarni joriy etish va ularni qo‘llashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
10. Ekologiya qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmon talablaridan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
12. Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev


