15.11.2025
Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi tarixiy voqea bo‘lgani hamda O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojida muhim bosqichni boshlab berganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Tashrif doirasida Oliy Davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda ikki tomonlama kun tartibining muhim jihatlari muhokama qilindi.
Iqtisodiy hamkorlik masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi. Qozog‘iston O‘zbekistonning muhim savdo sheriklaridan biri ekani ta’kidlandi.
Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 15 foizga o‘sib, qariyb 4 milliard dollarga yetdi. Uning hajmini 2030-yilga borib, 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kompleks ishlar olib borilmoqda. “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazining ochilishi tashrifning muhim voqeasi bo‘ldi.
Ushbu ilg‘or loyiha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish va zamonaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan.
Shuningdek, ustuvor sohalarda umumiy qiymati 1,3 milliard dollarlik yangi loyihalarga start berildi.
Bundan tashqari, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari batafsil muhokama qilindi. Zamonaviy transport yo‘laklarini birgalikda rivojlantirish, chegaraoldi infratuzilmasi samaradorligini oshirish, yuk tashishlarni, jumladan, Aqtau va Quriq portlari orqali rag‘batlantirishga kelishib olindi.
Energetika sohasidagi hamkorlik, xususan, an’anaviy va muqobil energetika bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish strategik yo‘nalish sifatida belgilandi.
Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish sohasida, eng avvalo, Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantiradilar.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari muhim ahamiyatga ega. Bu yil Olmaota va Ostonada “Lazgi” baleti namoyishi, rassomlar ko‘rgazmasi, adiblar forumi va yoshlar festivali katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi. O‘zbekistonda Qozog‘iston tibbiyoti kunlari aholida katta qiziqish uyg‘otib, iliq taassurot qoldirdi.
Fan va ta’lim muassasalari, ijodiy va yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi almashinuvlarni faollashtirish, turizm sohasidagi qo‘shma dasturlarni kengaytirishga kelishib olindi.
Tomonlar mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishlarini yana bir bor ta’kidladilar. Shu ma’noda, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Ertaga Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy integratsiya va butun Markaziy Osiyoda birdamlikni mustahkamlash jarayonlariga yangi sur’at bag‘ishlashi alohida ta’kidlandi.
Ko‘p tomonlama, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, “Markaziy Osiyo plyus” formatlarida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
– Hurmatli Qasim-Jomart Kemelevichning tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari yuksak darajada ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqladi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar ikki tomonlama sheriklikni aniq mazmun bilan boyitishi, qo‘shma loyihalar uchun yangi ufqlar ochishi, birodar davlatlarning barqaror taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirdi.


