icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Temir yo‘l sohasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish rejalari yuzasidan ma’lumot berildi

13.11.2025

Prezident Shavkat Mirziyoyevga temir yo‘l sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimot qilindi.

Temir yo‘l tarmog‘ida boshlangan keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari o‘zining ijobiy natijalarini bera boshladi. O‘tgan yilni tarmoq ilk bor sof foyda bilan yakunladi, joriy yilning birinchi to‘qqiz oyida sof foyda 800 milliard so‘mdan oshdi. Tranzit va yo‘lovchi tashish, eksport va investitsiya hajmlari o‘sib bormoqda.

Taqdimotda bu natijalar bilan cheklanmay, aholi soni va iqtisodiyot o‘sishiga mos ravishda temir yo‘l transporti xizmatlarining sifati hamda qamrovini kengaytirish, tarmoqda xarajatlarni qisqartirishni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Xususan, transport hisobidan boshlab, harakat oqimigacha bo‘lgan barcha bosqichlarda sun’iy intellekt asosida nazorat o‘rnatish orqali xarajatlarni tahlil qilish, yo‘l qo‘yilayotgan yo‘qotishlarni aniqlash va shu asosda tannarxni 20 foizga kamaytirish mumkinligi qayd etildi.

2026-2030-yillarda yo‘lovchi va yuk tashish hajmini kamida ikki barobarga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Buni ta’minlash uchun 151 kilometr yangi temir yo‘l qurish, 182 kilometr masofadagi yo‘llarni elektrlashtirish, shuningdek, 27 ta mavjud stansiya va 1 ming kilometr yo‘lni modernizatsiya qilish rejalari haqida ma’lumot berildi.

Jumladan, “Nurafshon – Pskent – Bo‘ka – Bekobod – Boyovut – Yangiyer” va “Xovos – Dashtobod” yo‘nalishlarida elektrlashtirilgan yangi temir yo‘llar quriladi. “Qumqo‘rg‘on – Quduqli”, “Samarqand – Urgut” va “Baytqo‘rg‘on – Parkent” yo‘llarini elektrlashtirish, “Toshkent – Samarqand”, “To‘qimachi – Angren” va “Angren – Pop” yo‘llarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish rejalashtirilgan.

Respublika bo‘ylab shaharlar atrofida qatnaydigan poyezdlar harakatini faollashtirish maqsadida mavjud 40 ta yo‘nalishga qo‘shimcha yana 15 ta yangi yo‘nalish ochish taklif qilindi.

Xususan, “Toshkent – Nurafshon – Ohangaron – Angren”, “Navoiy – Zarafshon – Uchquduq”, “Qo‘qon – Namangan – Andijon – Marg‘ilon”, “Termiz – Qumqo‘rg‘on – Boysun – Darband”, “Nukus – Shovot – Urganch – Xiva”, “Jizzax – Do‘stlik – Aydar-Arnasoy ko‘li”, “Qarshi – Shahrisabz” kabi yo‘nalishlarda shahar atrofi qatnovlarini yo‘lga qo‘yish orqali aholining kundalik safarlari uchun qulay sharoit yaratilishi qayd etildi.

Yig‘ilishda yuqori tezlikda harakatlanuvchi tarmoqni kengaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Uzunligi 102 kilometrlik “Navoiy – Buxoro” temir yo‘l liniyasini foydalanishga kiritishni jadallashtirish topshirildi. Bu yo‘lning ishga tushishi yuk va yo‘lovchi tashishda vaqt va xarajatlarni sezilarli qisqartirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Kelgusi yillarda yangi ochiladigan yo‘nalishlar va qurilayotgan yo‘llar uchun lokomotiv va vagonlar parkini kengaytirish bo‘yicha ham rejalar bayon etildi.

Jumladan, Xitoydan 38 ta magistral lokomotiv, 50 ta manyovrli va gibrid manyovrli lokomotiv xarid qilish nazarda tutilgan. Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan hamkorlikda 6 ta yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelib, ulardan birinchisini kelgusi yilda “Toshkent – Urganch – Xiva” yo‘nalishida qatnovga qo‘yish topshirildi. Bu orqali yo‘nalishda yo‘l vaqti hozirgi 14 soatdan 7,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda 250 ta zamonaviy yo‘lovchi vagonlarini qurish, shaharlararo qatnaydigan 23 ta elektr poyezdini xarid qilish orqali yo‘lovchilarga sharoitlar kengaytiriladi. 10 mingta yuk vagonlarini qurish, 6 mingdan ziyodini tiklash hamda 12 ta elektrovozni kapital ta’mirdan chiqarish vazifalari belgilab olindi.

Temir yo‘l sohasida xususiy sheriklik loyihalarini ko‘paytirish zarurligi ham ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l qurilishi bo‘yicha amaliy ishlarning borishi ham ko‘rib chiqildi.

Prezidentimiz mazkur yo‘lning Markaziy Osiyoda transport bog‘liqligini oshirish va mamlakatimizning tranzit salohiyatini yanada mustahkamlashdagi strategik ahamiyatini alohida ta’kidlab, qurilish ishlarining sifatini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Yig‘ilish yakunida temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha belgilangan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan keng foydalanib, xarajatlarni maqbullashtirish, shuningdek, sohada yo‘lovchilar hamda biznes uchun yanada qulay, xavfsiz va ishonchli muhit yaratish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo