10.11.2025
Qadrli vatandoshlar!
Mamlakatimizdagi eng ommaviy fuqarolik instituti a’zolari bo‘lgan siz, azizlarni 11-noyabr – Kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Hech shubhasiz, ushbu bayramning yurtimizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120-yilligi keng nishonlanayotgan kunlarda o‘tayotgani uning fayzi va shukuhini yanada oshirmoqda.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, Yangi O‘zbekiston – avvalo, inson hayoti, uning salomatligi, huquq va manfaatlari, qadr-qimmati qonun asosida ishonchli himoya qilinadigan davlat degani.
Shu bois, o‘z saflarida sakkiz millionga yaqin a’zoni birlashtirgan kasaba uyushmalarining mehnat sohasidagi huquq va manfaatlarni himoya qilish, adolat va tenglik tamoyillarini ta’minlash borasidagi bir asrdan ziyod tajriba maktabi mamlakatimizda yangi jamiyat, yangi davlat barpo etishda biz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Bu haqiqatni chuqur tushungan kasaba uyushmalari faollari ijtimoiy sohadagi dasturlarimizni amalga oshirish, ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, yoshlar, muhtaram keksalarimiz, aziz ayollarimiz manfaatlarini himoya qilishda alohida jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.
Faqat so‘nggi 5-yilda sizlarning sa’y-harakatlaringiz bilan qariyb 500 ming nafar fuqaroning huquqlari tiklangani, korxona va muassasalarda 20 mingga yaqin jamoatchilik nazorati va gender tenglikka oid audit tadbirlari o‘tkazilgani, mehnat muhofazasi yuzasidan 21 mingdan ortiq kamchilik bartaraf etilgani, salkam
1 million xodim va ularning oila a’zolari, 1 ming 200 nafar urush va mehnat fronti faxriylari sanatoriylarda sog‘lomlashtirilgani, 800 ming nafardan ziyod bolalar uchun yozgi dam olish imkoniyatlari yaratilgani diqqatga sazovordir.
Mamlakatimiz kasaba uyushmalarining xorijiy mamlakatlardagi turdosh tashkilot va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, Federatsiyamiz o‘nga yaqin xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarga a’zo bo‘lgani ham uning keng faoliyatidan dalolat beradi.
Hurmatli do‘stlar!
Yaqinda sizlar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan, harakat tarixiga yorqin sahifa bo‘lib kiradigan uchrashuvda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, uning tarmoqlar va joylardagi bo‘limlari faoliyatini atroflicha tahlil etib, kelgusi vazifalarni aniq belgilab oldik.
Ana shu uchrashuvda sizlarning ko‘pgina sohalarda ijtimoiy sheriklikni kengaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha korxona va tashkilotlarda xodimlar, ayniqsa, norasmiy tarzda band bo‘lgan fuqarolar, xotin-qizlar va yoshlarning kasb va mehnatga oid huquqlarini ta’minlash tizimini kuchaytirish, umuman, norasmiy bandlikka chek qo‘yish bo‘yicha tashabbuslaringiz bilan tanishib, soha xodimlari butun xalqimiz qatori o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yib yashayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Turli ijtimoiy-iqtisodiy ziddiyatlarga to‘la bo‘lgan hozirgi murakkab zamonda bunday keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirish albatta oson emas.
Buning uchun, avvalo, “yashil” iqtisodiyot va sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan davrda mehnat bozorida yangicha munosabatlar shakllanayotgani, o‘nlab kasblar bo‘yicha platformali bandlik yo‘lga qo‘yilayotganini hisobga olib, mehnat huquqlarini ta’minlash, hayot va xavfsizlikni sug‘urtalashga doir huquqiy normalarni qonunchiligimizda aniq belgilab qo‘yishimiz, shu asosda yangicha ish tizimiga o‘tishimiz zarur.
Xalqaro mehnat standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va ijtimoiy hayotga tatbiq etish, mamlakatimizning 2026-2030-yillar uchun mo‘ljallangan Munosib mehnat bo‘yicha dasturini ishlab chiqish va kasaba uyushmalari faoliyatining kelgusi besh yillik strategik yo‘nalishlarini belgilab olish ham dolzarb masaladir.
Ana shu vazifalarni samarali ado etishda o‘z hayotini inson manfaatlarini himoya qilishdek ezgu ishga bag‘ishlagan, sohada ko‘p yillardan buyon samarali xizmat qilib kelayotgan O‘zbekiston kasaba uyushmalarining barcha jonkuyar faollari va a’zolari boy bilim va tajribasini ishga solib, fidokorona mehnat qiladilar, deb ishonaman.
O‘z navbatida, biz hozirgi o‘ta muhim taraqqiyot bosqichida yurtimizda mehnat munosabatlarini takomillashtirishda kasaba uyushmalarining davlat idoralari bilan yanada yaqin hamkorlikda ish olib borishlari uchun qo‘shimcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib berishga tayyormiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Sizlarni mamlakatimiz kasaba uyushmalarining qutlug‘ ayyomlari bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik va fayz-u baraka tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


