
15.10.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Anglesey Food” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mahsulotlarni saqlash va taqsimlash markazi faoliyatini ham borib ko‘rdi.
“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi hududida tashkil etilgan mazkur korxona “Korzinka” do‘konlar tarmog‘i uchun mahsulotlarni saqlash, saralash va qadoqlash xizmatlarini ko‘rsatadi.
Korxona 10 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, 49 ming kvadrat metr hududiga ombor joylashtirilgan. Qurilish materiallari va muzlatkich kameralar uchun jihozlar Xitoy, Turkiya, Belarus va Rossiya davlatlaridan olib kelingan, barchasi “EDGE Advanced” xalqaro sertifikatiga ega.
Ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi “A” sinfiga kiruvchi eng yirik taqsimot markazi hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida 145 ta darvozada tekislovchi moslamalar yuklash hamda yukni tushirish imkoniga ega.
Markazda 4 xil haroratli hudud mavjud. Shu bois, mahsulotlar turiga qarab muzlatkichda, past haroratli sovitish kameralarida hamda quruq joyda saqlanadi.
Shuningdek, markazda tun-u kun ishlovchi 96 ta sinov usuliga ega maxsus laboratoriya barpo etiladi. 1 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Tanishuv yakunida bo‘lib o‘tgan jamoatchilik vakillari bilan muloqotda oqilona iqtisodiy siyosat va investorlarning bunga ishonchi haqida so‘z yuritildi.
- So‘nggi sakkiz yilda 130 milliard dollarlik xorijiy investitsiya kirib keldi, bu qanchadan qancha zavod va korxonalarga aylandi. Bugun ham yana bir katta loyiha - yangi xalqaro aeroport qurilishini boshladik. Unga Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Koreya investitsiya kirityapti. Bu o‘z o‘zidan bo‘lmaydi. Bu - mamlakatimiz kelajagiga bo‘lgan katta ishonch belgisi, - deya ta’kidladi Prezidentimiz.