
09.10.2025

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Avvalo, an’anaviy samimiy qabul va uchrashuvimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun Tojikiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Emomali Sharipovich Rahmon sha’niga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
Biz har safar Tojikistonga tashrif buyurar ekanmiz, Sizning rahbarligingizda ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ko‘z o‘ngimizda mamlakat qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda – iqtisodiyot va infratuzilma jadal rivojlanmoqda, eng asosiysi – aholi farovonligi oshib bormoqda.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga Markaziy Osiyo bilan keng ko‘lamli strategik sheriklikni rivojlantirishning qat’iy tarafdori bo‘lib kelayotgani uchun samimiy tashakkur izhor etaman.
Sizning mintaqa bilan ittifoqchilik munosabatlari va ko‘pqirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalaridagi doimiy qo‘llab-quvvatlashingiz va shaxsiy e’tiboringizni O‘zbekiston doimo his etib kelishi va qadrlashini alohida qayd etmoqchiman.
Siz ilgari surgan, tabiiy sheriklar bo‘lgan mamlakatlarimizning o‘zaro hamkorligiga yangi sur’at berishga qaratilgan tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.
Hurmatli davlat rahbarlari!
Rossiya biz uchun muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi bo‘lib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday bo‘lib qolishini ta’kidlayman.
Umumiy tarix, ko‘pasrlik aloqalar, xalqlarimizning madaniy va dunyoqarash jihatdan yaqinligi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlar bunday hamkorlikning mustahkam va o‘zgarmas asosi hisoblanadi.
Shu bilan birga, geosiyosiy ziddiyatlar va jahon iqtisodiyotida inqiroz holatlari kuchayib borayotgani, yangi xavf va tahdidlar mintaqada barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bizning formatimiz doirasida yanada yaqin muvofiqlashtirish va hamkorlikni talab etmoqda.
Kun tartibidan kelib chiqib, Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi keng miqyosdagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha o‘z qarashlarimizni aytib o‘tmoqchiman.
Biz ushbu formatda aniq natijaga erishishga yo‘naltirilgan tizimli siyosiy muloqotlarni kuchaytirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz.
Biz har yili oliy darajadagi uchrashuvlarni, hukumatlar, vazirlik, idora va mintaqalarning muloqotlarini muntazam ravishda o‘tkazib borish tarafdorimiz. Shu munosabat bilan 2027-yilgacha bo‘lgan Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shu bilan birga, hukumatlarimizga amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan kengaytirilgan “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash bo‘yicha topshiriq berishni taklif etamiz.
Topshiriqlarimiz o‘z vaqtida ijro etilayotganini nazorat qilish, mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan dastur va loyihalarni tayyorlash va amalga oshirilishini tezlashtirish uchun hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash ta’sis etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Biz mintaqamizning Rossiya bilan iqtisodiy sherikligini tubdan kengaytirishdan manfaatdormiz. Buni birgalikdagi faoliyatimizning asosiy yo‘nalishi, deb hisoblaymiz.
Bozorlarda noqulay kon’yunktura saqlanib qolayotgan va tashqi ta’sirlar kuchayib borayotgan sharoitda o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarida ijobiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashga erishmoqdamiz. Jumladan, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha va joriy yilda O‘zbekistonning Rossiya va mintaqa mamlakatlari bilan o‘zaro tovar aylanmasi 15 foizga o‘sdi.
Bu ishlarni davom ettirish va biz taklif etayotgan Kengash doirasida mahsulot ayirboshlash hajmini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bu o‘rinda so‘z mahsulot bozorlariga o‘zaro kirishni yengillashtirish, jarayonlarni soddalashtirish, “Markaziy Osiyo – Rossiya agroekspress” loyihasini ishga tushirish haqida bormoqda.
Mamlakatlarimizning tranzit-transport salohiyatidan, birinchi navbatda, Shimol–Janub yo‘lagi doirasida samarali foydalanish hayotiy muhim ahamiyat kasb etadi.
Biz avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya aloqalari sohasida milliy dasturlarni uyg‘unlantirish va shu asosda infratuzilmaviy sheriklikning kompleks rejasi – mamlakatlarimiz Transport-logistika konturini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Tashqi xavf-xatarlarga nisbatan barqaror bo‘lgan integratsiyalashgan, o‘zaro bog‘liq mintaqaviy transport infratuzilmasini shakllantirish bizning pirovard maqsadimiz bo‘lishi zarur.
Biz barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishni yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘ramiz.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Rossiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat bo‘yicha sheriklikni faol kengaytirmoqda. Shu borada gaz-kimyo sohasida yirik strategik sanoat loyihalari amalga oshirilayotgani va zamonaviy mis boyitish xabi yaratilayotganini misol sifatida keltirib o‘tishni istar edim.
Ayni vaqtda mashinasozlik, asboblar ishlab chiqarish, kimyo, elektrotexnika, tog‘-kon va boshqa sohalarda klaster asosida hamkorlikni kengaytirish uchun hali ishga solinmagan ulkan zaxiralar mavjud.
Yetakchi korxonalar va xususiy sektorning innovatsiyaga yo‘naltirilgan kooperatsiyasini rag‘batlantirish uchun Buxoro shahrida “Markaziy Osiyo – Rossiya” sanoat injiniring xabini tashkil etishni taklif qilamiz. Ushbu loyiha ilg‘or muhandislik yechimlarini ishlab chiqish, joriy qilish va ommalashtirish uchun noyob texnologik maydonchaga aylanishiga ishonaman.
Toshkentda o‘tkaziladigan “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmali forum imkoniyatlarini yuqori darajada ishga solish muhim ekanini qayd etmoqchiman. Aprel oyida o‘tkazilgan ko‘rgazma 35 mamlakatdan 10 mingdan ortiq ishtirokchilarni birlashtirdi. Besh milliard dollarlik bitimlar imzolandi.
Ushbu tadbirga “Markaziy Osiyo – Rossiya” muloqoti formatidagi asosiy sanoat va innovatsiya maydoni maqomini berishni taklif etamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Mamlakatlarimizning Rossiya bilan energetika sohasidagi hamkorligi bundan buyon ham mintaqaning tinchligi va barqarorligi omili bo‘lib qoladi. Biz bugun strategik, jumladan, gaz quvurlari va energetika infratuzilmalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiryapmiz.
Shu kunlarda tarixiy bir voqea bo‘lib o‘tadi – O‘zbekistonda barpo etiladigan atom elektr stansiyasining birinchi reaktori va ko‘ptarmoqli yadro tibbiyoti markazi qurilishi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi.
Ushbu yo‘nalishda keng ko‘lamli ilmiy-amaliy hamkorlik o‘rnatishni – O‘zbekistonda atom energetikasi bo‘yicha Mintaqaviy kompetensiyalar markazini ta’sis etish, shuningdek, Moskva davlat muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali bazasida kadrlar tayyorlash dasturini qabul qilishni taklif etamiz.
Bundan tashqari, uglevodorod resurslarini qidirish va qayta ishlash, elektr energetikasi tizimini modernizatsiya qilish, energiyani tejaydigan yechimlarni joriy etish sohasida hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz.
Ilg‘or bilim va texnologiyalar transferi, qo‘shma loyihalarni tayyorlash va ilgari surish uchun “Markaziy Osiyo va Rossiya energetik sherikligi” kompleks dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Innovatsiyalar sohasida mamlakatimizda “Skolkovo” markazi filialini ochishni taklif etamiz.
Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha Mintaqaviy ekspert kengashini ta’sis etishni davrning o‘zi talab etmoqda, deb hisoblaymiz. Ishonchim komil, bunday platforma yetakchi markazlar, tashkilotlar va IT kompaniyalar darajasida sa’y-harakatlarni birlashtirish va loyihalar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun imkon yaratadi.
Biz, shuningdek, qo‘shma dasturlarni amalga oshirish yo‘li bilan gumanitar hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz. Shu borada etnomadaniyat forumi – Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati, san’ati va ijodiyoti festivalini har yili o‘tkazib borish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
“Kelajak muhandislari” ilmiy-ta’lim konsorsiumini tashkil etishni taklif qilamiz. Bu muloqot maydoni dual va professional ta’lim tizimini joriy etish, fundamental ilmiy ishlanmalarni amalga oshirish maqsadida mamlakatlarimizning yetakchi oliygohlari va tadqiqot tuzilmalari salohiyatini birlashtirishga xizmat qiladi.
Rossiya universitetlarining muvaffaqiyatli ishlayotgan filiallari konsorsiumning intellektual bazasi bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda 15 ta ana shunday filiallar faoliyat yuritmoqda.
Bu borada Markaziy Osiyo va Rossiyadagi yosh tadqiqotchilar va olimlar uchun Maxsus grantlar dasturini birgalikda ta’sis etishimiz mumkin.
Bundan tashqari, onalik va bolalikni muhofaza qilish, mehnat migratsiyasi sohasida ijtimoiy moslashuvga ko‘maklashish dasturlarini qabul qilish, shuningdek, mintaqaviy yo‘nalishlar asosida sayyohlik oqimini kengaytirish dolzarb ahamiyatga ega.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tishni istar edim.
Terrorizm, ekstremizm, radikalizm, uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi va narkotrafiklarga qarshi kurashda maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yaqin hamkorligini yanada kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz.
Yangi kibertahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etamiz.
Afg‘oniston bilan hamkorlikni rivojlantirish va ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan taraqqiy ettirishga ko‘maklashish bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida yuqori darajadagi maslahatlashuvlarni o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz. Xavfsizlik sohasida o‘zaro hamkorlik, ushbu mamlakatda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalari ushbu uchrashuvlar kun tartibiga kiritilishi mumkin.
Hurmatli hamkasblar!
So‘zimning yakunida mamlakatlarimiz xavfsizligi, barqaror taraqqiyoti va farovonligini ta’minlash yo‘lida Rossiya bilan ko‘pqirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiq ekanimizni yana bir bor ta’kidlamoqchiman.