
22.09.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifi doirasida AQSHning eng yirik moliyaviy korporatsiyasi – “Citigroup” raisi Jon Duganni qabul qildi.
“Citigroup” bank, investitsiya va moliya xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Uning bozor kapitallashuvi 100 milliard AQSH dollaridan ortiqni tashkil etadi, kompaniya umumiy qiymati 2,3 trillion AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan aktivlarni boshqaradi.
Uchrashuvda korporatsiya bilan hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
“Citigroup” ko‘magida O‘zbekiston banklari va davlat korxonalarining obligatsiyalari xalqaro fond bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirildi. Toshkentda kompaniyaning ofisi ochildi.
Yirik davlat korxonalari bo‘yicha IPO bitimlarini tayyorlash va tuzish, yevroobligatsiyalar chiqarish, mamlakat reytingini oshirishni ta’minlash uchun maslahat yordamini ko‘rsatish, shuningdek, moliyaviy yechimlarni ishlab chiqish va savdoni moliyalashtirishning yangi vositalarini ishga tushirish borasida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Korporatsiya bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.