
08.09.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-sentyabr kuni Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantinoni qabul qildi.
Suhbat avvalida FIFA prezidenti O‘zbekiston yetakchisi va xalqini tarixiy voqea – milliy terma jamoamiz 2026-yilda AQSHda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatining final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani bilan yana bir bor samimiy tabrikladi. Ushbu haqli yutuq mamlakatimizda olib borilayotgan samarali islohotlar, sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va har tomonlama ko‘makning amaliy natijasi ekani ta’kidlandi.
O‘zbekistonning ushbu nufuzli xalqaro tuzilma bilan, eng avvalo, futbolni tashkil etish va boshqarish tizimini takomillashtirish, yosh iste’dodlarni yuzaga chiqarishga ko‘maklashish, murabbiylar, hakamlar, menejerlar, sport shifokorlari va texnik mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlash borasidagi sermahsul hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Futbolni, birinchi navbatda, yoshlar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
FIFAning texnik ko‘magida zamonaviy Milliy futbol markazi, shu jumladan, innovatsion yechimlarni joriy etgan holda raqamli futbol bo‘yicha situatsion markaz tashkil etildi.
O‘tgan yili mamlakatimizda futzal bo‘yicha jahon chempionati muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zbekistonda FIFAning yirik musobaqalari va tadbirlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti o‘zbek futbolini rivojlantirish va xalqaro maydonda ilgari surishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun FIFA rahbari Janni Infantinoga davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.