icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi

08.09.2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-sentyabr kuni ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda ta’limning barcha bo‘g‘inlari izchil rivojlantirilmoqda. Yangi ta’lim maskanlari qurilib va zamonaviy jihozlanib, yoshlarning bilim olishiga barcha sharoit yaratilmoqda. O‘quv dasturlari yangilanib, eng ilg‘or tajribalar joriy etilmoqda.

Lekin bu uzluksiz jarayon. Iqtidorli bolalarga ixtisoslashgan bilim berish, yoshlarning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish doimiy e’tiborni talab etadi.

Taqdimotda shu boradagi rejalar va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari bayon qilindi.

Ma’lumki, ma’naviy-tarbiyaviy ishlar ta’limning bir qismi. Ammo hozirda ta’lim muassasalarida bunday tadbirlarga turlicha yondashilib kelinmoqda. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va iste’dodini yuzaga chiqarishda yaxlit tizim yo‘q.

Shu bois, bolalar bog‘chasidan oliy ta’limgacha qamrab olgan yagona milliy g‘oya konsepsiyasi ishlab chiqildi. U ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning namunaviy rejasi bo‘ladi. Natijada bunday ishlar tartibli va saviyali tashkil etilib, o‘quvchilar ortiqcha tadbirlarga jalb etilmaydi.

O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va intilishini yuzaga chiqarish bo‘yicha ham yagona vertikal tizim joriy etiladi. Shu maqsadda “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi hamda “Ëshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. O‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi.

So‘nggi sakkiz yilda bog‘chalarda o‘rinlar soni 2,5 milliontaga ko‘paytirilib, maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetdi. Bu qamrovni oshirish maqsadida har yili 20 ming o‘rin ochish rejalashtirilgan.

Buning uchun yangi ko‘p qavatli uylar qurilishida ulardagi aholi soniga mutanosib maktabgacha ta’lim tashkiloti ham bo‘lishi nazarda tutiladi. Bog‘chalarda ishlayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar uchun dual ta’lim va malaka oshirish tizimi joriy etiladi.

Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurishga ruxsat etiladi. Tadbirkorlarga faoliyatni o‘zgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari bepul beriladi hamda 7-yilgacha bo‘lgan imtiyozli kredit ajratiladi.

2026-2028-yillarda respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyot tarmoqlarining hozirgi va kelgusi talabidan kelib chiqib, texnika va muhandislik yo‘nalishlarini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan edi. Shunga muvofiq, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Ushbu maktablarga bolalar imtihon asosida saralab olinadi va Davlat byudjeti hisobidan o‘qitiladi. Ularda “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik ta’lim dasturi joriy qilinadi. O‘quv jarayoni 5-yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi.

2026-yildan boshlab, har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi.

Shuningdek, tabiiy fanlarni o‘qitishni yaxshilash maqsadida barcha hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinadi. Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab bu yo‘nalishda tayanch maktab sifatida xizmat qiladi.

Toshkent shahrida N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “ToshTech” texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.

Yana bir yangilik o‘qituvchilikka mehr qo‘ygan yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Hozirgi kungacha bu sohada alohida davlat stipendiyasi yo‘q edi.

Shu bois, joriy o‘quv yilidan boshlab, pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etilmoqda. Stipendiya bakalavriatning 3-4-kurslari uchun bo‘ladi, yoshlarni o‘qish va ilmiy izlanishlarga undaydi.

Yig‘ilishda fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar taqdimot qilindi.

Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tartiblari takomillashtiriladi. Jumladan, doktoranturaga ajratilayotgan kvotalar mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib belgilanadi.

Fanlar akademiyasining respublikada istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy ishlanma natijalarini amaliyotga tatbiq etishdagi o‘rni kuchaytiriladi.

Davlatimiz rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni imzoladi. Ulardagi vazifalar ijrosini tizimli va sifatli ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo