icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
O‘zbekiston quruvchilariga bayram tabrigi

09.08.2025

Hurmatli quruvchilar, muhandis va mutaxassislar, soha faxriylari!

Avvalo, siz, azizlarni bugungi qutlug‘ kasb bayramingiz bilan samimiy tabriklab, barchangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Sizlar kabi ming-minglab mohir quruvchi va muhandislar, usta va me’morlar, loyihachi va mutaxassislarning mashaqqatli mehnati bilan Yangi O‘zbekistonning yangi, obod va ko‘rkam qiyofasi shakllanmoqda, xalqimizning hayoti tobora farovon bo‘lib bormoqda. Buning uchun barchangizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Keyingi yillarda qurilish industriyasi rivoji yangi bosqichga ko‘tarilib, ushbu soha milliy iqtisodiyotimizning drayverlaridan biriga aylandi. So‘nggi sakkiz yil davomida qurilish ishlari hajmi bir necha barobar ortib, 2016-yildagi 30 trillion so‘mdan 2024-yilda qariyb 234 trillion so‘mga yetgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

O‘tgan yili yurtimizda jami 40 million 500 ming kvadrat metr bino va inshoot qurilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu raqam 45 million kvadrat metrdan oshishi kutilmoqda.

Xalqimizning o‘sib borayotgan talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, 2024-yili 100 mingdan ziyod xonadonga ega bo‘lgan 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uy barpo etildi. Bugungi kunda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy hajmi 2020-yildagi 16 kvadrat metrdan 19 kvadrat metrga yetganini alohida ta’kidlash lozim.

E’tiborlisi, bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, 56 ta hududdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Joriy yilda xalqimiz ixtiyoriga 135 mingta xonadon topshiriladi. 2030-yilgacha “Yangi O‘zbekiston” massivlari sonini 100 taga yetkazish maqsad qilingan, bu esa 250 mingta xonadon degani.

Dunyoning ilg‘or kompaniyalari bilan hamkorlikda “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida 20 ming gektar maydonda 2 million aholi uchun qulay infratuzilma yaratilmoqda.

Ayni vaqtda Yangi Toshkent shahri qurilishining birinchi bosqichida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Yangi O‘zbekiston universiteti, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, muzeyi, ixtisoslashtirilgan maktab va maqom markazi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti kabi yirik bino va inshootlar qad rostlamoqda.

Bularning barchasi qo‘ligul bunyodkorlarimiz qanday ulkan marralarga erishayotganini yaqqol namoyon etadi.

Qadrli do‘stlar!

Boshqa sohalar qatori qurilish tarmog‘ida ham davr talabi asosida raqamlashtirish jarayoni jadal rivojlanmoqda. Sohada 30 dan ortiq axborot tizimi joriy qilindi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida 22 ta davlat xizmati raqamlashtirilgani natijasida ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchiliklarga chek qo‘yildi. Tender platformasi joriy etilishi tufayli inson omilining aralashuviga barham berildi, shaffoflik, ochiq raqobat muhiti shakllantirildi.

Uy-joy qurilishida ulushdor sifatida ishtirok etadigan fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish maqsadida “Eskrou” tizimi tatbiq etilmoqda. Shu asosda ishonchli developerlar bozori shakllantiriladi.

Bugungi kunda shaharsozlik sohasida ham yangi davr boshlandi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Endilikda bosh rejalar mutlaqo yangi mazmun va ko‘rinishda ishlab chiqilib, geoaxborot tizimiga joylashtirish uchun raqamlashtirilmoqda. Xususan, 2024-yilda 146 ta shaharsozlik hujjatlari raqamlashtirildi. 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 180 taga yetkaziladi.

Qurilish resurslari milliy klassifikatori yaratilib, narxlarni shakllantirish va obyektlar smeta qiymatini aniqlash ham elektron tizimga o‘tkazilmoqda.

Qurilish jarayonlarining barcha bosqichlarida jamoatchilik fikrini inobatga olish, nazorat jarayonida ishtirokini ta’minlash hamda qurilish sifatini yaxshilash maqsadida nazorat mexanizmlari samaradorligini oshirish muhim ahamiyatga ega.

Shu borada nazorat faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, obyektlarda ishlarning borishini kunlik nazorat qilib borish hamda real vaqt rejimida kuzatish imkonini yaratgan holda kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish soha vakillari oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

Aminmanki, sizlar bugungi zamonning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan ana shunday muhim talablarni chuqur anglab, yuksak natijadorlik bilan mehnat qilasizlar. Zahmatkash quruvchilarimizning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni munosib rag‘batlantirish masalalari bundan buyon ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi.

Har bir qurilgan bino – bu bizning kelajak avlodlarga qoldiradigan buyuk merosimiz, har bir ko‘cha va shaharchaning ko‘rinishida sizlarning qo‘l izingiz borligini, insonlar baxti va quvonchi aynan sizlarning mehnatingiz bilan bog‘liqligini hech qachon unutmang.

Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda oldimizda zamonaviy shaharlar, qulay turar-joy massivlari, insonlarga shodlik baxsh etuvchi betakror imoratlar qurish kabi ulkan vazifalar turibdi va buni amalga oshirishda biz sizdek – mo‘jizakor, mohir va zahmatkash quruvchilarimizga ishonamiz hamda suyanamiz!

Hurmatli quruvchilar!

Sizlarni – mamlakatimizni har tomonlama go‘zal va betakror diyorga aylantirishdek sharafli ishga sidqidildan hissa qo‘shib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni bugungi bayram bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.

El-yurtimiz ravnaqi va farovonligi yo‘lida siz, azizlarga yangi yutuq va omadlar yor bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo