icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
O‘zbekiston Prezidenti dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi

05.08.2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni Turkmanboshi shahridagi "Avaza" milliy turizm hududida o‘tayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, boshqa qator davlat va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiyotni transformatsiya qilish, iqlim o‘zgarishi va ekologik tahdidlarga bardoshlilikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Turkmanistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, global va mintaqaviy barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.

Konferensiyada muhokama qilinayotgan masalalar hayotiy muhim ahamiyatga ega ekanini, chunki dengiz portlaridan jo‘g‘rofiy uzoqlik va bir necha mamlakat hududlarini kesib o‘tish zarurati bir qator obyektiv muammolarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi.

Tariflarning yuqoriligi, transport yo‘laklari va infratuzilmasining cheklanganligi, boshqa mamlakatlarning bojxona-tranzit siyosatiga qaramlik shular jumlasidan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, katta transport xarajatlari va tranzitning beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili yalpi ichki mahsulotning 2 foizigacha yo‘qotmoqda.

Logistika xarajatlari tovarlar qiymatining 60 foizigacha qismini tashkil etadi, bu esa jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir necha barobar yuqoridir.

Shu munosabat bilan yangi ishonchli tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotning muhim shartiga aylanmoqda.

– Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala – adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Shu bilan birga, ushbu dolzarb muammoni hal qilish uchun uchta prinsipial shartni bajarish lozim.

Bular barqaror rivojlanish asosi sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish, tranzit muammolarining oldini olish maqsadida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va global teng huquqlilikning asosiy elementi bo‘lgan rivojlanish huquqini ta’minlashdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xususiy sektorni faol jalb qilgan holda zamonaviy transport-logistika tarmog‘ini shakllantirish bo‘yicha tizimli qadamlar qo‘yildi. Savdo-transport jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Amalga oshirilayotgan tarkibiy iqtisodiy islohotlar, savdo tizimini liberallashtirish va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash sezilarli natijalar bermoqda: raqobatbardoshlik oshdi, innovatsion rivojlanish jadallashdi.

– Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va sheriklik yangi darajaga ko‘tarilgani esa jadal o‘zgarishlarga kuchli turtki bermoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Bugun mintaqada yagona transport-logistika makoni shakllanmoqda. Markaziy Osiyoni Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi to‘laqonli tranzit xabiga aylantirishga qaratilgan dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 4,5 barobar ko‘paydi. Investitsiyalar ikki barobar, qo‘shma korxonalar soni besh barobar ko‘paydi.

Joriy yilda hamkorlar bilan “Xitoy - Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlandi, “O‘zbekiston - Turkmaniston - Eron – Turkiya” transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi.

Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti qator aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Avvalo, xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun o‘zaro muvofiqlashgan harakatlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shu ma’noda, "O‘zbekiston - Afg‘oniston - Pokiston" temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va uni qurilayotgan "Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" temir yo‘l magistrali bilan tutashtirish muhimligi ta’kidlandi.

– Bu keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Davlatimiz rahbari O‘rta yo‘lak salohiyatini, eng avvalo, o‘zaro kelishilgan tranzit siyosatini yuritish, qoidalarni unifikatsiya qilish va konteyner tashuvlari uchun maqbul tariflarni joriy etish orqali to‘liq ishga solishga chaqirdi.

O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, BMT shafeligida dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif qildi.

Hujjat portlar va kommunikatsiyalardan adolatli foydalanish shartlarini ta’minlash, yuk tashishda xavf-xatarlarni pasaytirish, global logistikada tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan.

Yirik infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish uchun moslashuvchan investitsiya vositalariga talab ortib borayotganini hisobga olib, davlatimiz rahbari BMT shafeligida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini tuzish tashabbusini ilgari surdi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport infratuzilmasiga investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyoji yiliga qariyb 40 milliard dollarga baholanmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston rahbari tranzit imkoniyatlarining cheklanishini xolisona aniqlash, xalqaro moliyaviy-texnik dasturlarni kengaytirish va resurslarni real sharoitlarni hisobga olgan holda samarali taqsimlash maqsadida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning Zaiflik global indeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

O‘zbekistonda agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha Innovatsion xabni tashkil etish taklifini amalga oshirish muhimligiga e’tibor qaratildi. Bu moslashuvchan agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha innovatsion loyihalarni ilgari surish, bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti yetakchi ekspertlar va "aql markazlari"ni umumiy tahdidlarni yengib o‘tish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga faol jalb qilish, shu jumladan xalqaro anjuman va davra suhbatlari o‘tkazish muhimligini qayd etdi.

– Bunday tadbirlar kun tartibiga global ishlab chiqarish zanjirlariga mamlakatlarimizning chuqur integratsiyasini ta’minlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish, transchegaraviy investitsiyalarni kengaytirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini kiritish mumkin, - dedi Prezident.

Shuningdek, O‘zbekiston dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Xalqaro tahlil markazi faoliyatiga qo‘shilish niyatida ekani ma’lum qilindi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari mamlakatimiz global taraqqiyotning yanada adolatli arxitekturasini shakllantirish bo‘yicha konstruktiv va uzoq muddatli sheriklikka tayyor ekanini tasdiqladi.

Konferensiya yakunida Avaza siyosiy deklaratsiyasi qabul qilindi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo