
04.08.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 4-avgust kuni BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.
Avazada bo‘lib o‘tadigan konferensiyada transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiy transformatsiya, iqlim o‘zgarishiga va atrof-muhit uchun xatarlarga bardoshlilikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Avaza siyosiy deklaratsiyasi va harakatlar dasturining qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etadi va qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.