
18.07.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining QaroriO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24–25-iyun kunlari Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida 2025–2026-yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning asosiy ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga 100 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelish va ularni mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari yordamida ko‘paytirish orqali ularning sonini 2029-yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkazish;
(b) bosqichma-bosqich jun va kashemirni qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
(v) meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarining Mo‘g‘ulistonga eksport hajmini har yili oshirib borib, 10 barobarga ko‘paytirish choralarini ko‘rish;
(g) O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida tajriba almashish va mutaxassislar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish.
II. Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni import qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
2. Belgilansinki, 2025-yil 1 avgustdan 2027-yil 31-dekabrga qadar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilishda tadbirkorlik subyektlariga:
(a) havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilinadi. Bunda ushbu kichik bandda nazarda tutilgan xarajatlar uchun talab etiladigan mablag‘lar Davlat budjeti parametrlarida Qishloq xo‘jaligi vazirligiga chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echki, ona baliq va jo‘jalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi;
(b) qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatini foizlar hisoblanmagan holda to‘lov ta’minotisiz kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqa xarajatlarni qayta ko‘rib chiqish hisobidan 2027-yil uchun Davlat budjeti parametrlarida ushbu qarorning 2-bandi “b” kichik bandida ko‘rsatilgan to‘lovlarni qoplab berish bo‘yicha xarajatlarni nazarda tutsin.
4. Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilishda quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) chorvachilik yo‘nalishida jalb qilingan xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘larini tadbirkorlik subyektlariga yillik 10 foiz stavkada (shundan 3 foiz bank marjasi) 5 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan ajratish. Bunda tijorat banklarining mazkur kichik bandda nazarda tutilgan kreditlarni imtiyozli shartlarda ajratish bilan bog‘liq xarajatlari Davlat budjetiga to‘lanadigan dividendlarini mos ravishda kamaytirish hisobiga qoplanadi;
(b) tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan kredit mablag‘lari uchun sug‘urta mexanizmidan foydalangan holda mol-mulk garov ta’minotini 50 foizgacha etib belgilash.
5. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga (keyingi o‘rinlarda – Veterinariya qo‘mitasi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlarining kafilligi asosida bir oy muddatda qaytarish sharti bilan Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik subyektlariga Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni yetkazib berishda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish huquqi berilsin.
6. Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga import qilinadigan mayda shoxli mollarning hududlar kesimidagi taqsimoti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Buxoro, Jizzax, Namangan, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hokimlari bir hafta muddatda mayda shoxli mollarni parvarishlash uchun ozuqa yeri, chorvachilik majmuasi va mutaxassisi (veterinar) mavjud bo‘lgan tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirib, Veterinariya qo‘mitasiga taqdim etsin.
8. Belgilab qo‘yilsinki, Yaylov yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish va ularni muhofaza qilish, qorako‘lchilik, teri va jun sanoati sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo yaylov xo‘jaliklari balansidagi yerlar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga kamida 1 000 bosh import qilgan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi shartlar asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi:
(a) naslchilik va seleksiya ishlarini rivojlantirish orqali import qilingan mayda shoxli mollarning bosh sonini ko‘paytirib borish;
(b) yaylovlarda ozuqabop o‘simlik turlaridan bo‘lgan izen, teresken, quyrovuq, kamforosma, cho‘g‘on, erkak o‘t, oq (qora) saksovul ekilishini tashkil qilish.
III. Mo‘g‘ulistonga meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish ishlarini tashkillashtirish
9. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda 2025–2026-yillarda:
(a) Mo‘g‘ulistonning yirik savdo markazlarida “O‘zbekiston mahsulotlari” yarmarkasini tashkil etsin hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini O‘zbekistondan eksport qilib, kelgusida boshqa davlatlarga reeksportni amalga oshirsin;
(b) Ulan-Bator shahridagi yirik savdo maydonlarida O‘zbekiston mahsulotlari stendini tashkil etib borsin;
(v) O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston savdo uyini tashkil etsin;
(g) Mo‘g‘ulistonning importchi korxonalari vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etgan holda biznes uchrashuvlar o‘tkazsin.
IV. Mayin jundan aralash ip va mato ishlab chiqarishni tashkil etish
10. Savdo-sanoat palatasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) 2025-yil yakuniga qadar O‘zbekiston to‘qimachilik fabrikalarida dastlabki bosqichda sinov tariqasida aralash ip va mato ishlab chiqarish uchun Mo‘g‘ulistondan “O‘zsanoateksport” AJ orqali markazlashgan holda mayin jun va kashemir olib kelish. Bunda “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ ushbu maqsadlar uchun “O‘zsanoateksport” AJga uning buyurtmanomasiga asosan belgilangan tartibda mablag‘ ajratadi;
(b) 2026-yil yakuniga qadar Mo‘g‘ulistondan import qilingan mayda shoxli mollardan olinadigan junni qayta ishlash bo‘yicha mahalliy mutaxassislarning Mo‘g‘ulistonning kashemir ishlab chiqarish va to‘qimachilik korxonalarida malakasini oshirgan holda junni qayta ishlash korxonasini tashkil etish.
V. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida tajriba almashish va mutaxassislar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish
11. Agrosanoatni rivojlantirish agentligi 2026-yil yakuniga qadar Mo‘g‘ulistonga sovuqqa chidamli va serhosil 10 ming dona meva ko‘chatlarini tomchilatib sug‘orish texnologiyalari bilan birga yetkazsin hamda 15 gektar yer maydonida zamonaviy sanoatlashgan intensiv bog‘ tashkil etishga ko‘maklashsin. Bunda meva ko‘chatlari va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini sotib olib, uni Mo‘g‘ulistonga yetkazish xarajatlarini qoplash Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Agrosanoatni rivojlantirish agentligi huzuridagi “Agrosanoat innovatorlari” MCHJ tomonidan amalga oshiriladi.
12. Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti va Mo‘g‘uliston tabiiy fanlar universiteti o‘rtasida magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilishini ta’minlasin.
VI. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
13. Bosh vazir o‘rinbosarlari J. Qo‘chqorov va J. Xodjayev ikki oy muddatda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida erishilgan kelishuvlar va loyihalarni moliyalashtirish hamda tadbirkorlik subyektlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash maqsadida Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasiga 50 mln AQSH dollari hamda Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasiga 50 mln AQSH dollari ekvivalentida 2030-yil 31-dekabrga qadar qaytarish sharti bilan past foizli mablag‘ jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.
14. Vazirlar Mahkamasi (Xodjayev) ikki hafta muddatda mazkur qarorning 2 va 4-bandlariga muvofiq quyidagilarni tasdiqlasin:
(a) havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizini Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilish bo‘yicha vaqtinchalik tartibni;
(b) Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik subyektlariga Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni olib kelish uchun moliyaviy ko‘mak berish bo‘yicha vaqtinchalik tartibni.
15. Transport vazirligi o‘n kun muddatda:
(a) Veterinariya qo‘mitasi bilan birgalikda mayda shoxli mollarni Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga havo transporti orqali olib kelish;
(b) O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini O‘zbekistondan Mo‘g‘ulistonga havo transporti orqali eksport qilishni tashkil etish choralarini ko‘rsin.
16. Veterinariya qo‘mitasi bir hafta muddatda Mo‘g‘ulistondan import qilinadigan mayda shoxli mollar nasli, vazni va yoshi bo‘yicha talablarni ishlab chiqib, hududlar va tadbirkorlarga yetkazsin.
17. 2025–2026-yillarda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
18. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib quyidagilar belgilansin:
(a) qishloq xo‘jaligi vaziri I. Abdurahmonov – Mo‘g‘ulistonda sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirish hamda agrar sohada ilmiy hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yishga;
(b) qishloq xo‘jaligi vaziri I. Abdurahmonov va Veterinariya qo‘mitasi raisi B. Norqobilov – Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga import qilinadigan mayda shoxli mollarni olib kelish havo transporti xarajatining bir qismini qoplab berishga;
(v) Veterinariya qo‘mitasi raisi B. Norqobilov:
(i) Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilish hamda naslchilik va seleksiya ishlarini rivojlantirish orqali ularning sonini mahalliy sharoitga moslashtirgan holda 2029-yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkazish;
(ii) Mo‘g‘ulistondan olib kelinadigan mayda shoxli mollarni mahalliy sharoitga moslashtirish, ularni ko‘paytirish bo‘yicha choralarning natijadorligi, taqdim etilgan imtiyozlarning samaradorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har oy yakuni bilan hisobot kiritib borishga;
(g) O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I. Ergashev – Mo‘g‘ulistonga meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini keskin oshirishga;
(d) Savdo-sanoat palatasi raisi D. Vaxobov – Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga import qilinadigan mayda shoxli mollarning junini qayta ishlashga.
19. Qaror ijrosi uchun mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev