
04.07.2025

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Sizlar bilan qadimiy Qorabog‘ zaminida, noyob tarixiy va madaniy merosni o‘zida mujassam etgan ko‘rkam Xonkendi shahrida ko‘rishib turganimizdan behad mamnunman.
Bugun ushbu hudud tom ma’noda bunyodkorlik va tinchlik makoniga aylanib borayotgani chin qardosh sifatida bizni cheksiz quvontiradi.
Aynan shu zaminda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining sammitini yuksak darajada tashkil etayotgani va samimiy qabul uchun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Aliyev Janobi Oliylariga chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Toshkentdagi tarixiy sammitimizdan keyin Tashkilotning institutsional salohiyatini mustahkamlash, yangi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi.
Fursatdan foydalanib, Tashkilotimiz doirasida Qozog‘iston Respublikasining samarali raisligini ham alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Shu bilan birga, anjumanimizda uzoq tanaffusdan so‘ng Afg‘oniston Muvaqqat hukumati delegatsiyasi ishtirok etayotganidan xursandmiz. Chunki biz qo‘shni Afg‘onistonni Tashkilotimiz makonining ajralmas bir qismi, keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlik va transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik jarayonlarining muhim ishtirokchisi sifatida ko‘ramiz va har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Bugungi sammitimiz butun dunyo hamjamiyati keskin inqirozni boshidan kechirayotgan murakkab bir sharoitda bo‘lib o‘tmoqda.
Ayniqsa, aksariyat ziddiyat va nizolar aynan bizning Tashkilotimiz makonida sodir bo‘layotgani fikrimizning yaqqol isbotidir. So‘nggi oylarda Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqda yuz bergan voqealar barchamizni chuqur tashvishga solmoqda.
Xalqaro huquq va global xavfsizlik institutlarining tanazzuli muloqot va hamkorlikni yanada zaiflashtirib, kuch ishlatish va zo‘ravonlikka keng yo‘l ochmoqda. Xususan, Tashkilotimiz a’zosi bo‘lgan Eron Islom Respublikasiga nisbatan olib borilgan harbiy harakatlar butun mintaqani urush girdobiga tortish, keng miqyosdagi ekologik halokat o‘chog‘ining vujudga kelish xavfini tug‘dirdi.
Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu qarorni mintaqadagi keskinlikni yumshatish, xavfsizlikni tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholaymiz.
Bu kelishuv barcha muammolarni diplomatik va konstruktiv muzokaralar yo‘li bilan hal etish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonamiz.
Ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik va ularni ishlatishdan tiyilish xalqaro xavfsizlikning eng dolzarb masalasi ekanini inobatga olib, dunyo hamjamiyatini yana bir bor yadro qurolidan xoli hududlar geografiyasini kengaytirishga chaqiramiz.
Ta’kidlash joizki, Falastin-Isroil ziddiyatini adolatli hal etmasdan turib, Yaqin Sharqdagi tinchlik va barqarorlikka erishish mumkin emas.
Biz G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatish, ochlik va g‘ayriinsoniy sharoitdan azob chekayotgan aholiga gumanitar yordam ko‘rsatishga hech qanday to‘siq qo‘ymaslik, Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga muvofiq mustaqil Falastin davlatini tashkil etish tarafdorimiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Har qanday tinchlik va taraqqiyotning asosi, eng avvalo, iqtisodiy hamkorlik bilan belgilanadi. Shu bois Tashkilotimiz doirasidagi sheriklik bugungi kunda nafaqat tabiiy, balki muhim strategik ahamiyatga ega.
Yig‘ilishimiz kun tartibidan kelib chiqib, bir qator masalalarga e’tiboringizni qaratmoqchi edim.
Eng avvalo, biz Tashkilotimizning o‘rta va uzoq davrdagi ustuvor rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab olishimiz kerak.
Bu borada “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konsepsiyasini qabul qilishimiz zarur. Hujjatda savdo, investitsiya, transport, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, turizm va ta’lim kabi an’anaviy yo‘nalishlar bilan birga, innovatsiyalar, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Tashkilotimiz doirasida tovar va xizmatlar savdosini soddalashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, elektron savdoni rivojlantirish masalalari ayniqsa dolzarbdir.
Shunga e’tiboringizni qaratmoqchiman: hozirgi kunda o‘zaro savdo hajmi past darajada qolmoqda. Bu ko‘rsatkich 2024-yilda 95 milliard dollarni tashkil etib, davlatlarimiz umumiy savdo aylanmasining 10 foizini tashkil etdi.
Mazkur yo‘nalishda strategik masalalarni muhokama qilish, Savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni kelishish maqsadida joriy yil Toshkentda savdo vazirlarimizning uchrashuvini o‘tkazish taklifini ilgari suramiz.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bo‘yicha tezkor ma’lumot almashish va to‘siqsiz yetkazishga qaratilgan “yashil yo‘laklar” tizimini yaratish dolzarbdir.
Sarmoyaviy hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqish, investitsiya muhitini yanada shaffof va jozibador qilish maqsadida uzoq muddatli “Ekoinvest” dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz. Bu dasturning asosiy maqsadi mintaqamizdagi istiqbolli loyihalarga xususiy investorlar, banklar va xalqaro moliya institutlarini keng jalb etish, deb hisoblaymiz.
Yana bir ustuvor yo‘nalish. So‘nggi vaqtdagi geosiyosiy voqealar xalqaro logistika zanjirlarining uzilish xavfi naqadar yuqoriligi hamda muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish strategik ahamiyatga ega ekanini yana bir bor isbotladi.
O‘tgan yili Xitoy – Qirg‘iziston –O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini amalga oshirishni boshlaganimiz muhim voqea bo‘ldi. Kelgusida ushbu magistral tarmoq Transafg‘on yo‘lagi bilan tutashib, keng mintaqamizdagi tranzit tarmoqlarini samarali birlashtirish imkonini beradi.
Transport va logistika sohasini raqamlashtirish ishlarini tizimli asosda yo‘lga qo‘yish maqsadida Raqamli transport va bojxona idorasini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusni amalda tatbiq etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz va ekspertlar darajasidagi muzokaralarni jadallashtirish tarafdorimiz.
Mintaqada yangi aviaqatnovlar yo‘nalishlarini ochish, aviakompaniyalar o‘rtasida innovatsion hamkorlik shakllarini yo‘lga qo‘yish, turizm va aviatsiya sohalari o‘rtasida marketing bo‘yicha integratsiyalashgan strategiyalarni ishlab chiqish dolzarb vazifalardan biridir. Ushbu masalalarni muhokama qilish maqsadida Milliy aviakompaniyalar forumini Samarqandda tashkil etishni taklif qilamiz.
Istiqbolda turizm sohasida sayyohlar oqimini ikki barobar oshirish uchun yetarli salohiyatga egamiz. Tashkilot doirasida “Turizm xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish ayni shu ezgu maqsadimizga xizmat qiladi.
E’tiboringizni yana bir muhim masalaga qaratmoqchiman.
Global iqlim kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan davlatlarimizning intilish va sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimdir. Boku shahrida muvaffaqiyatli o‘tgan COP-29 global iqlim sammitida qabul qilingan majburiyatlar va kelishuvlar to‘liq amalga oshirilishining qat’iy tarafdorimiz.
Tashkilot doirasida cho‘l hududlarida o‘rmonlar tashkil qilish, rekreatsiya zonalarini barpo etish bo‘yicha Transchegaraviy “yashil dasturi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Tashkilotimiz faoliyatini takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan Yuqori darajadagi qo‘mitaning ishini ijobiy baholaymiz. Qo‘mitaga kelgusi sammitga qadar Tashkilot faoliyatini isloh qilish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqish vazifasini topshirsak, o‘ylaymanki, ushbu fikrimni ma’qullaysizlar.
Bunday islohotlar hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqish, Tashkilotning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzini yanada oshirish hamda uning faoliyatini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Ishonaman, bugungi sammitimiz ko‘pqirrali va amaliy hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi katta niyat va rejalarimizga munosib turtki bag‘ishlaydi.
E’tiboringiz uchun rahmat!