
03.07.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xonkendi shahridagi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Afg‘oniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodarni qabul qildi.
Savdo-iqtisodiyot, transport-logistika, energetika sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.
Tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni barqaror ortib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Amaliy aloqalar faollashdi. Joriy yilning may oyida Kobul va Mozori Sharif shaharlarida O‘zbekiston savdo uylari ochildi. Iyun oyida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
O‘zbekiston yetakchisi chegaraoldi savdo va tegishli infratuzilmani yanada rivojlantirish, qazib chiqarish, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligini ta’kidladi.
Strategik muhim mintaqaviy loyiha - Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini jadallashtirish muhimligi qayd etildi.