28.07.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi davlat va jamiyat qurilishini izchil takomillashtirishni ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish sur’atlarini jadallashtirish, ilg‘or innovatsion va ilm-fan yutuqlariga asoslangan texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirilgan ishlarga yangicha sur’at berdi. Bu muhim maqsadlar yuqori malakali mutaxassislar, pedagog va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ilg‘or xorij tajribasini o‘rganish va uning eng yaxshi yutuqlarini davlat va jamoat tuzilmalari, iqtisodiyot tarmoqlarida tatbiq etish asosida jiddiy qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish zaruratini taqozo etadi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining soha va tarmoqlarini xalqaro mehnat bozorida yuqori malakali va raqobatbardosh mutaxassislar, pedagog va ilmiy kadrlar bilan o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish, ularni magistratura va PhD dasturlari, malaka oshirish va stajirovka o‘tash orqali tayyorlash, yetakchi chet el ta’lim muassasalarida ta’lim olish uchun talabgorlarni tanlov asosida saralash mexanizmlarini takomillashtirish, ularning mehnat va ilmiy-pedagogik faoliyati monitoringini olib borish, shuningdek, yuqori malakali chet ellik olimlar, o‘qituvchilar va mutaxassislarni oliy ta’lim muassasalari, qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlarining o‘quv jarayoniga keng jalb etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarning malakasini oshirish “Iste’dod” jamg‘armasining nomi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi va ta’lim olishini tashkil etish “Iste’dod” jamg‘armasi” deb o‘zgartirilsin (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma).
2. Quyidagilar Jamg‘arma faoliyatining asosiy vazifalari va maqsadli yo‘nalishlari etib belgilansin:
ilg‘or ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar, yuqori texnologiyalarning yangi yutuqlarida ishtirok etish, kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarni zamon talablariga hamohang tarzda yangilash, yangi kasbga, ta’limga va amaliyotga yo‘naltirilgan dasturlarni o‘zlashtirish maqsadida iqtisodiyotning turli tarmoqlari, davlat va jamoat tuzilmalarining istiqbolli mutaxassislari, ta’lim muassasalarining yuksak intellektual-ijodiy salohiyatga ega bo‘lgan pedagog va ilmiy kadrlarini rivojlangan davlatlarning yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalarida malakasini oshirish va stajirovka o‘tashini tashkil etish;
iqtisodiyot tarmoqlari, davlat va jamoat tuzilmalarining hozir va kelajakda yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda ta’minlash uchun tanlov asosida saralab olingan oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilarini, shuningdek, respublika iqtisodiyoti tarmoqlarining malakali kadrlarini dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalarida magistratura va PhD dasturlari bo‘yicha tayyorlashni tashkil etish;
chet ellardagi nufuzli ta’lim va ilmiy markazlar, xalqaro hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va izchillik bilan rivojlantirish orqali oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazlarining o‘quv jarayonlariga yuqori malakali xorijiy olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlariga ular tomonidan chet elda malaka oshirish, stajirovka o‘tash hamda magistratura va PhD dasturlari bo‘yicha ta’lim olishga tavsiya qilinayotgan nomzodlarni Jamg‘arma bazasida dastlabki tayyorlashni tashkil qilishda ko‘maklashish;
iqtisodiyotning turli tarmoqlari, davlat va jamoat tuzilmalarining istiqbolli mutaxassislari, pedagoglari, ilmiy kadrlari va iqtidorli yoshlarning ilmiy-pedagogik va intellektual salohiyatini rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni egallashlari uchun ularning nufuzli xalqaro simpoziumlar, anjumanlar, olimpiadalar va tanlovlarda ishtirokini tashkil etish;
chet elda malaka oshirgan va stajirovka o‘tagan mutaxassislar, ilmiy pedagog kadrlar, shuningdek, magistratura va PhD dasturlari bo‘yicha ta’lim olganlar (keyingi o‘rinlarda – stipendiatlar) hamda chet ellik mutaxassislar ishtirokida anjumanlar, seminarlar, mahorat darslari, trening va boshqa tadbirlarni tashkil etish orqali ilg‘or xorijiy tajriba hamda zamonaviy pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish va ommalashtirishni ta’minlash;
kelajakda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida, shuningdek, yangi, istiqbolli faoliyat sohalarida, shu jumladan, sifatli kadrlar va resurslar zaxirasini yaratish va tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy-ta’lim jarayonlarini har tomonlama rag‘batlantirish orqali zamonaviy materiallar va ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish sohasida eng yuqori darajada samarali faoliyat olib borishlarini ta’minlash maqsadida stipendiatlarning yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
iqtisodiyotning turli tarmoqlari, davlat va jamoat tuzilmalaridagi respublikaning istiqbolli mutaxassislari, pedagog va ilmiy kadrlarining xorijda malaka oshirish, stajirovka o‘tash va ta’lim olish natijasida egallagan zamonaviy ilg‘or bilim va ko‘nikmalarini ularning kelgusidagi mehnat, pedagogik va ilmiy faoliyatining tizimli monitoringini olib borish orqali amaliyotga joriy etilishini ta’minlash;
stipendiatlarni respublika oliy ta’lim muassasalari, rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlarining o‘quv jarayonlariga izchil jalb etish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi va ta’lim olishini tashkil etish “Iste’dod” jamg‘armasining Vasiylik kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi va ta’lim olishini tashkil etish “Iste’dod” jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi va ta’lim olishini tashkil etish “Iste’dod” jamg‘armasining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Chet elda malaka oshirish, stajirovka o‘tash va ta’lim olish uchun nomzodlarni saralash tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 4-ilovaga muvofiq;
2017/2018 o‘quv yilida chet elning yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalarida pedagog va ilmiy kadrlarning malaka oshirishlari va stajirovka o‘tashlari, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini magistratura va PhD dasturlari bo‘yicha o‘qitishning maqsadli dasturi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Jamg‘arma Vasiylik kengashiga tasdiqlangan xodimlar soni doirasida Jamg‘armaning tashkiliy tuzilmasiga o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Quyidagilar jamg‘arma faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
stipendiatlarning xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda malaka oshirishlari, stajirovka o‘tashlari va ta’lim olishlarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar – Jamg‘armaning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq oliy ta’lim muassasalari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda jihozlashga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi resurslarining 10 foizdan kam bo‘lmagan miqdoridagi mablag‘lari hisobidan, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik yordamlari, xalqaro moliya instituti va xorijiy tashkilotlarining grantlari;
xodimlar ish haqi uchun to‘lovlarni o‘z ichiga olgan Jamg‘armaning joriy faoliyati va unga yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarish bilan bog‘liq xarajatlar – Jamg‘arma Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan miqdorda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda respublika oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari (to‘lov-kontrakt) mablag‘laridan ajratmalar, shuningdek, xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida ko‘rsatilgan xizmatlardan kelgan tushumlar, jismoniy va yuridik shaxslarning beg‘araz yordamlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Jamg‘arma 2022-yil 1-yanvargacha davlat maqsadli jamg‘armalariga soliq to‘lovlari va majburiy yig‘imlardan ozod qilinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jamg‘armaga xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, stipendiatlarga xorijiy mamlakatlarning vizalarini olish, konsullik ro‘yxatiga kiritish, notarial va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, ularning yuborilgan mamlakatda malaka oshirishlari va stajirovka o‘tashlari bo‘yicha ta’lim monitoringini amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi:
chet elda malaka oshirish, stajirovka o‘tash va ta’lim olishga yuboriladigan nomzodlarni tanlab olishni tashkil qilishda Jamg‘armaga har tomonlama uslubiy yordam ko‘rsatilishini;
Jamg‘arma tomonidan chet elda ta’lim olgan shaxslarning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari nostrifikatsiyasini (ekvivalentligini qayd etish) to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlar o‘tkazmasdan) amalga oshirilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Jamg‘armaning zamonaviy aloqa vositalari, jumladan, hukumat aloqasi va keng polosali internet tarmog‘iga ulanishini ta’minlasin.
9. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Jamg‘arma tomonidan taqdim qilingan ro‘yxatlarga muvofiq, o‘rnatilgan tartibda chegirmalarning mos tizimini qo‘llagan holda chet ellarga yuborilayotgan stipendiatlarni aviachiptalar bilan o‘z vaqtida ta’minlasin.
10. Jamg‘arma Toshkent shahri, Furqat ko‘chasi, 171-uyda joylashtirilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 1-iyuldagi “Istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish va tajriba almashuv tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-3272-sonli Farmonining 2, 3, 4, 9-bandlari va 5-bandining 2-xatboshisi hamda 1-4-ilovalari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari U.S.Ismailov va A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 27-iyul