icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
O‘zbekiston Prezidenti xorijiy hamkorlar bilan investitsiyaviy sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi

10.06.2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etdi.

Tadbirda Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirg‘iziston Hukumati raisi Adilbek Kasimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Rossiya Hukumati raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso va Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef ham qatnashdi.

Umuman, forumga 100 dan ziyod mamlakatdan 7,5 mingdan ortiq delegat, jumladan, 3 mingga yaqin xorijiy mehmon tashrif buyurdi. Bu yilgi tadbir yangi, kengaytirilgan shaklda o‘tkazilmoqda. Uning doirasida ilk bor O‘zbekiston kompaniyalarining loyihalari va qo‘shma tashabbuslari namoyish etilayotgan ixtisoslashgan ko‘rgazma tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari forumdagi nutqini dunyodagi bugungi vaziyatning qisqacha tahlilidan boshladi. Bugungi kunda geosiyosiy jarayonlar shiddat bilan o‘zgarib, global xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdidlar kuchayib borayotgani ta’kidlandi.

Iqtisodiy inqirozning keskinlashuvi va moliyaviy resurslar taqchilligi natijasida jahon yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari ketma-ket uchinchi yil pasaymoqda.

O‘zbekiston rahbari mintaqaviy mojarolar va muammolarni faqat diplomatik vositalar bilan, xalqaro huquq normalari va prinsiplari asosida, BMT rezolyutsiyalariga muvofiq hal etish muhimligini ta’kidladi.

- Men hozir ta’kidlab o‘tgan muammolar bo‘yicha barcha sherik davlatlarimizni ochiq va keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikka chaqiramiz. Chunki forumning asosiy mavzusi bo‘lgan investitsiyalar – faqat iqtisodiy taraqqiyotning emas, balki tinchlik va barqarorlikning kafolatidir, - dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston yetakchisi nafaqat daromad keltiradigan, balki inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlari va jamiyat taraqqiyotini ta’minlash uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladigan investitsiya muhitini yaratishga chaqirdi.

Mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash borasidagi yutuqlariga alohida to‘xtalib o‘tildi. So‘nggi 8 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti ikki barobar ko‘paydi. Bu ko‘rsatkichni 2030-yilga borib 200 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. 2024-yilda investitsiyalar hajmi 35 milliard dollarga, eksport esa 27 milliard dollarga yetgan.

So‘nggi 5 yil ichida O‘zbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksida 48 pog‘onaga, Garvardning Iqtisodiyot murakkabligi indeksida 28 pog‘onaga ko‘tarildi.

O‘tgan oyda nufuzli “S&P” agentligi O‘zbekistonning suveren reytingi bo‘yicha prognozini "barqaror"dan "ijobiy"ga ko‘tardi.

Bugun jahon iqtisodiyoti yangi o‘zgarishlar ostonasida turganini ta’kidlar ekan, O‘zbekiston Prezidenti to‘rtta muhim yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik qilish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi.

Birinchisi - "yashil" iqtisodiyot modeliga o‘tish.

- Biz iqtisodiyotni barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash uchun aynan “yashil” energetikani rivojlantirishga qattiq bel bog‘laganmiz, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Keyingi yillarda bu sohaga qariyb 6 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 59 milliarddan 82 milliard kilovatt soatga oshdi. Kelgusi 5 yilda bu ko‘rsatkich 120 milliard kilovatt-soatdan oshib, "yashil" energiya ulushi 54 foizga yetadi.

Elektr tarmoqlarini yangilashga ham 4 milliard dollar jalb qilinadi. Joriy yilda Samarqand shahrida, kelgusi yilda yana 8 ta hududda elektr tarmoqlari xususiy sheriklikka beriladi.

Birinchi marta "yashil sertifikatlar" va uglerod birliklari savdosini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. O‘zbekiston global uglerod bozorlariga qo‘shiladi, "Yashil O‘zbekiston" iqlim investitsiyalari platformasi yaratiladi.

Ikkinchidan, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt iqtisodiyotning yangi "drayveri"ga aylanmoqda.

- Mamlakatimizda shu yilning o‘zida IT eksporti 1 milliard dollarga yetadi. 2030-yilga borib, bu ko‘rsatkichni 5 karra oshirish uchun salohiyatimiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli, - dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlari xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Xususan, Xalqaro sun’iy intellektga tayyorlik indeksida mamlakatimiz bir yilda 17 pog‘onaga ko‘tarildi.

Kelgusi yilda "Bulutli texnologiyalar" milliy platformasi ishga tushiriladi. Yaqin 5 yilda xususiy investorlar bilan birga 500 megavattdan ziyod quvvatli 20 ta data-markaz barpo etiladi.

Boy tariximiz, qadriyatlarimiz va yangi kreativ g‘oyalarni mujassam etadigan milliy sun’iy intellekt modelini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Ushbu tizim samaradorligini ta’minlash maqsadida "Bir million sun’iy intellekt yetakchilari" loyihasi boshlandi.

Davlatimiz rahbari birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan O‘zbekiston nufuzli IT va fintex xabiga aylanishiga ishonch bildirdi.

Uchinchidan, moliyaviy tizim va texnologiyalar tubdan o‘zgarmoqda.

- Biz yaqinda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki bilan birga O‘zbekiston moliya sektorini ilk bor kompleks baholashdan o‘tkazdik. Ular bank, moliya, sug‘urta, kapital bozoridagi islohotlarimizni to‘liq qo‘llab-quvvatladi, - dedi davlatimiz rahbari.

Bu sohalarni keyingi bosqichga olib chiqish uchun Moliyaviy barqarorlik kengashi tuziladi, Markaziy bank huzurida kiberxavfsizlik va moliyaviy texnologiyalar platformalari ishga tushiriladi.

Sug‘urta tizimida islohotlar boshlandi, Milliy qayta sug‘urtalash kompaniyasi va Global qayta sug‘urtalash raqamli platformasi tashkil etildi.

Startaplar uchun muqobil moliyaviy vosita - venchurlar jadal rivojlanmoqda. Masalan, o‘tgan yili ikkita milliy startap kompaniyasining qiymati ilk bor 1 milliard dollardan oshdi.

Bunday kompaniyalarni ko‘paytirish maqsadida "Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Kelgusi 5 yilda venchur va boshqa muqobil investitsiyalar hajmi 1 milliard dollarga yetkaziladi.

Yana bir yo‘nalish - "To‘rtinchi sanoat inqilobi" sharoitida texnologik minerallarga talab bir necha barobar ko‘paymoqda.

O‘zbekistonda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxiralari aniqlangan. Yer osti boyliklarimizning umumiy salohiyati 3 trillion dollarga baholanmoqda.

- Mintaqamizning minerallardan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish “xabi”ga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu borada Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari texnoparki”ni bunyod etmoqdamiz, - dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois geologiya-qidiruv ishlaridan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni yo‘lga qo‘ygan investorlarga 10 yil davomida renta solig‘ini qaytarib berish taklif qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida "Yangi O‘zbekiston - investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar mamlakati" tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratdi.

Birinchidan, O‘zbekiston kelgusi yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni maqsad qilgan. Bu borada o‘nlab qonunlar, yuzlab standartlar xalqaro talablarga moslashtirildi. Bu jarayon joriy yilda to‘liq yakunlanadi.

Ikkinchidan, xorijiy investorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mahalliy kompaniyalar bilan bir xil sharoitlarni kafolatlaydigan "milliy rejim", davlat idoralari bilan o‘zaro hamkorlikda "yagona darcha" tamoyili joriy etiladi, investitsiya faoliyatini kafolatli himoya qilish tizimi yaratiladi.

Bunday chora-tadbirlar orqali 2030-yilga borib O‘zbekistonning kredit reytingini “investitsion” darajaga ko‘tarish rejalashtirilgan.

Uchinchidan, davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda ularni mamlakat farovonligi o‘sishiga xizmat qiladigan yirik aktivlarga aylantirish yo‘li tanlandi.

18 ta yirik kompaniya va banklardagi qariyb 2 milliard dollarlik davlat ulushlarini birlashtirgan Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘armani boshqarishga nufuzli “Franklin Templeton” xalqaro kompaniyasi jalb qilingan. Kelgusi yilda fond aksiyalari paketini xalqaro IPOga chiqarish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, professional konsultantlar jalb qilinib, ikki yil ichida 29 ta yirik davlat kompaniyasi xususiylashtiriladi.

To‘rtinchidan, xususiy kapitalni jalb etgan holda transport va logistikani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Masalan, Samarqand, Namangan, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlari davlat-xususiy sheriklik asosida salohiyatli investorlarga boshqaruvga berilgan.

Urganch aeroportini boshqarishga jahonning yetakchi "Inchxon" kompaniyasi jalb etildi. Kelgusi yilda Nukus, Termiz, Farg‘ona, Navoiy aeroportlari bo‘yicha tenderlar o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, poytaxtimiz aholisi 5 milliondan oshishini inobatga olib, 2 million aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent shahri barpo etiladi. Bu yerda aeroport, temir yo‘l va avtomobil transportini bog‘laydigan, yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan multimodal xab quriladi.

Beshinchidan, Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi hamkorlik muhiti shakllandi. So‘nggi 8 yilda qo‘shni davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi 3,5 barobardan ziyodga o‘sib, qariyb 13 milliard dollarni tashkil etdi.

Yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. "Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" temir yo‘li qurilishi boshlandi, yirik energetika va infratuzilma loyihalarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyoda "Investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud" konsepsiyasini ilgari surishni taklif etdi.

- Shu o‘rinda xalqaro tashkilotlarga murojaat qilmoqchiman: mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish vaqti keldi. Birgalikda harakat qilsak, Markaziy Osiyoni tinchlik va taraqqiyot makoniga aylantiramiz, - dedi Prezident.

So‘zining yakunida O‘zbekiston rahbari ishtirokchilar e’tiborini mamlakatimiz uchun investitsiyalar shunchaki moliyaviy resurs emas, balki texnologiyalar, bilimlar, malakali kadrlar, shuningdek, xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyalashuv ekaniga qaratdi.

- O‘zbekiston mana shunday ezgu g‘oyalar bilan keladigan xorijiy investorlarga barcha sharoitlarni yaratib beradi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va buni kafolatlaydi, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Yalpi majlisda so‘zga chiqqanlar Yangi O‘zbekistondagi islohotlar natijalarini yuqori baholab, mamlakatimiz bilan ustuvor tarmoqlarda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi 12-iyun kuni o‘z ishini yakunlaydi.

Ertaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida Xorijiy investorlar kengashining yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo