
07.05.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-may kuni tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini oshirish, dori iste’molini tartibga solish hamda tibbiy ta’limni takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
So‘nggi 7 yilda sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘ 6 karra oshirildi. Hududlardagi shifoxonalar moddiy-texnik jihatdan yangilandi. Ilgari faqat poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyot viloyat va tumanlarda o‘tkazilayapti. Mahalladagi birlamchi bo‘g‘in bilan ixtisoslashgan xizmatlarni bog‘laydigan tizim yo‘lga qo‘yildi.
Yurtimizda har o‘n ming aholiga 29 nafar shifokor to‘g‘ri keladi. Bu AQSH, Buyuk Britaniya, Finlyandiyadagi bilan bir xil, Turkiya va Kanadadagidan esa ko‘p. Lekin bizda ish samaradorligi, davolash sifati zo‘r emas.
Masalan, mahallada birlamchi bo‘g‘in to‘g‘ri ishlamagani uchun tumanlarda kasallanish va ularning og‘ir asoratlari kamaymayapti. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar mamlakatimiz iqtisodiyotiga har yili 1 milliard dollar atrofida zarar keltiryapti.
Tez tibbiy yordamdagi jami chaqiruvlarning to‘rtdan biri surunkali kasalligi bor bemorlarga to‘g‘ri kelayapti. Ba’zi joylarda tez yordam xuddi poliklinikadek bo‘lib qolgan. Viloyat va tuman shifoxonalarida xodimlar soni, o‘rinlar, mablag‘lar to‘g‘ri taqsimlanmagan.
“Tibbiy sug‘urta” tizimini joriy qilish yildan-yilga surilib kelayapti. Navbat va xizmatlarni raqamlashtirish ham to‘liq ishga tushgani yo‘q.
Bu ishlarda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun sog‘liqni saqlash vazirining ikki o‘rinbosari vazifasidan ozod qilindi, yana biriga ogohlantirish berildi.
Yig‘ilishda sohaning birlamchi bo‘g‘inini yaxshilash, kasalliklarning oldini olish, tibbiyot xodimlarining bilimini va davolash sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Aholi qamrovi, kasalliklar tahlili va murojaatlar turidan kelib chiqib, yangicha ish tartibi belgilandi.
Avvalo, birlamchi bo‘g‘in isloh qilinib, tibbiyot brigadasi hamda unga biriktirilgan aholi o‘rtasida ikki tomonlama shartnoma tuziladi. Endi aholi oilaviy shifokorni erkin tanlaydi, bu jarayonga xususiy shifokorlar ham jalb etiladi.
Tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanadi va paket doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari to‘liq budjetdan qoplanadi.
Birlamchi bo‘g‘inda barcha shifokor va hamshiralar faqat to‘liq stavkada ishlaydi. Poliklinikada akusher-ginekologlar soni 2 barobar ko‘paytiriladi. Har 3 ming nafar bola uchun bittadan pediatr shtati yangidan qo‘shiladi.
Tumanlardagi shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalar faoliyati qamrov jihatidan maqbullashtiriladi. Markaziy poliklinika esa tuman shifoxonasining maslahat-diagnostika bo‘limiga aylantiriladi. Barcha tor soha mutaxassislari shu yerda ishlaydi.
Bu poliklinikalarda oilaviy shifokorning bazaviy oylik maoshi 500 dollar, hamshiraniki 300 dollar miqdorida bo‘ladi. Ular malaka sertifikati olsa, yana shuncha ustama to‘lanadi. Agar ular mahallada yurib, surunkali bemorlarni kasallik bilan yashash va uni boshqarishga o‘rgatsa, onkologiya, diabet, insult, infarkt kabi xastaliklarni erta aniqlab, og‘ir asoratlarning oldini olsa, maoshi yanada oshadi. Ya’ni, oilaviy shifokorlar 1,5 ming dollar, hamshiralar esa 600-800 dollar miqdorida oylik oladigan tizim bo‘ladi.
Mazkur tizim bu yil 15 ta tuman va shaharda, kelgusi yildan Samarqand viloyatining barcha hududlarida sinovdan o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, oilaviy shifokor va hamshiralarning mas’uliyati ham oshiriladi. Endi mahallada infarkt, insult, onalar va bolalarning erta o‘limi, surunkali kasallik tufayli orttirilgan nogironlik bo‘lsa, favqulodda holat sanaladi.
Nogironlikni belgilashda shifokorlik-maslahat komissiyalari degan korrupsion tizimdan to‘liq voz kechiladi. Endi bu oilaviy shifokor rasmiylashtirgan hujjat asosida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Soha mutasaddilari va viloyat hokimlariga “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi asosida shifo maskanlarida kutish joylari hamda yo‘laklarni tartibga keltirish, tozalik va madaniyatni oshirish topshirig‘i berildi. Ta’lim va barcha ijtimoiy muassasalarda “Toza qo‘llar” dasturi tatbiq etilib, sanitar-gigiyena sharoiti yaxshilanishi aytildi.
Yig‘ilishda ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar masalasi ham tahlil qilindi.
Endi respublika tibbiyot markazlarida budjet hisobidan faqat yuqori texnologiyali murakkab amaliyotlar o‘tkazilishi belgilandi.
“Elektron yo‘llanma” berish va taqsimlash tizimi ham tubdan o‘zgaradi. Unga kiritilgan kasalliklar ro‘yxati va yagona bazaviy narxi tasdiqlanadi.
Bemorga respublika darajasida davolanish uchun berilgan yo‘llanma yagona elektron maydonchaga joylashtirilib, uni barcha davlat va xususiy klinikalar ko‘rib turadi. Ularning takliflari asosida bemor o‘ziga eng ma’qul shifoxonani tanlaydi.
Eng og‘riqli muammo – bolalar onkogematologiyasi. Afsuski, yurtimizda bunday kasalliklarning 75 foizi so‘nggi bosqichlarda aniqlanayapti.
Shu bois, xuddi onkologiyada bo‘lgani kabi, bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha ham besh yillik dastur ishlab chiqiladi. Bunga kamida 110 million dollar yo‘naltiriladi.
Dori iste’molini tartibga solish juda dolzarb masala. Rivojlangan davlatlar “dalillarga asoslangan tibbiyot”ga tayanib, keng miqyosda o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar orqali samaradorligi va xavfsizligi aniq dorilardan foydalanadi. Yurtimizda samaradorligi isbotlanmagan dorilarning importdagi ulushi 42 foiz. Shifokorlar ularni hamon tavsiya etayotgani sababli aholi iste’mol qilmoqda.
Shu bois sog‘liqni saqlash vaziriga xalqaro manbalarda “samarasiz yoki samarasi o‘rganilmagan” deb topilgan vositalarni klinik protokollardan chiqarish vazifasi qo‘yildi.
Barcha tibbiyot muassasalari, birinchi navbatda, bolalar shifoxonalarida antibiotiklarni asosli qo‘llash bo‘yicha taftish o‘tkazish topshirig‘i berildi.
Yig‘ilishda sohadagi ta’lim sifatiga ham alohida e’tibor qaratildi.
So‘nggi yetti yilda tibbiyot yo‘nalishlariga qabul ko‘payib, yiliga 25 ming talaba o‘qishga kirayapti. Ularning 40 foizi xususiy oliygohlarda o‘qimoqda. Lekin bu sohada bilim va ko‘nikmalarni baholovchi shaffof tizim yo‘q.
Shu bois endi tibbiyot oliygohlari va texnikum bitiruvchilarini zamonaviy diagnostika va davolash usullarini o‘zlashtirishi shaffof tizim asosida alohida baholanadi. Buning uchun Tibbiyot sohasini baholash milliy markazi tashkil qilinadi. Bu tizim hozirda ishlayotgan shifokor va hamshiralarga ham tatbiq etiladi.
Davlat va xususiy klinikalar esa akkreditatsiyadan o‘tadi. Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish vazifasi davlat va xususiy tibbiyot oliygohlari, ixtisoslashgan markazlar va viloyat muassasalariga beriladi.
Sohada dual ta’limni to‘liq joriy qilish, mavjud klinikalarni ularning tasarrufiga o‘tkazib, oliygohlarga moliyaviy mustaqillik berish zarurligi qayd etildi.
Umuman, mutasaddilarga tibbiyot tizimida mablag‘larni to‘g‘ri ishlatish, raqamlashtirish va sug‘urtani joriy etish, tartib-intizom o‘rnatib, odamlarni rozi qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.