
24.04.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan birga Samarqanddagi xalqaro turizm markazida tashkil etilgan "Zamonlar sadosi" ko‘rgazmasiga tashrif buyurdilar.
Mehmonlarga ko‘rgazmaning asosiy qismi — tungi sahro manzarasi namoyish etildi. Yulduzli osmonda burjlar, Mirzo Ulug‘bek xaritasi va meridianlar namoyon bo‘ladi. Tomoshabin xuddi Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab harakatlanayotgan karvon kabi qum tepaliklar orasidan o‘tadi. Yo‘l bo‘ylab insoniyat sivilizatsiyasining rivojlanish tarixi yoritib boriladi.
O‘zbek va turkman san’atkorlari ijrosida dutor va tanbur chalindi, buyuk shoirlar Alisher Navoiy va Maxtumquli g‘azallari o‘qildi.
Innovatsion taqdimotda maxsus jilolar va teatrlashtirilgan sahnalar keng qo‘llanilgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.