21.07.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, №PQ-3142, 20 iyul 2017 yil
Toshkent viloyatida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yanada jadallashtirish, ayniqsa shaharlardagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridagi mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, viloyatning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish, ushbu vazifalarni amalga oshirishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini takomillashtirish va ularning mas’uliyatini yanada kuchaytirish, shuningdek shahar va tumanlar aholisining farovonligini oshirish va turmush sifatini yaxshilash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining:
Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa shahrini viloyat bo‘ysunuvidagi shahar turkumiga kiritish hamda uni Toshkent viloyatining ma’muriy markazi etib belgilash;
Toshkent viloyatining Ohangaron va Yangiyo‘l shaharlarini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish hamda Zangiota tumani hududi chegarasi doirasida Zangiota va Toshkent tumanlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa shahri negizida viloyat bo‘ysunuvidagi shahar turkumiga kiradigan To‘ytepa shahrini tuzish va uni Toshkent viloyatining ma’muriy markazi etib belgilash, Toshkent viloyatining Ohangaron va Yangiyo‘l shaharlarini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish hamda Zangiota tumani hududi chegarasi doirasida Zangiota va Toshkent tumanlarini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga taklif kiritsin.
3. Toshkent viloyati hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
aholining ehtiyoj va talablarini o‘rganish asosida shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qisqa va uzoq muddatli dasturlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirilishini ta’minlash;
shaharlarning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, zamonaviy tejamkor texnologiyalar bilan jihozlash tadbirlarini amalga oshirish;
shaharlardagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish.
4. Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yangiyo‘l, Chinoz tumanlari va yangidan tashkil etiladigan Toshkent tumani hokimliklarining meva- sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish hamda ularga amaliy yordam ko‘rsatish Uzbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - “Uzavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi U. U. Rozukulov zimmasiga yuklansin.
Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yangiyo‘l, Chinoz tumanlari va yangidan tashkil etiladigan Toshkent tumanining tuman prokuraturalari, ichki ishlar bo‘limlari, davlat soliq inspeksiyalari hamda yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlarining tumanda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishga ko‘maklashish hamda yer resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishliligiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti tarkibida 4 ta shtat birligidan iborat Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yangiyo‘l, Chinoz tumanlari va yangidan tashkil etiladigan Toshkent tumanida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish masalalari bo‘yicha sho‘’ba tashkil qilinsin.
5. Toshkent viloyatidagi avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan ob’ektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
6. Respublika komissiyasi (A. Aripov):
bir oy muddatda avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan ob’ektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazilishini ta’minlasin va ularning ro‘yxatini shakllantirsin;
ro‘yxatga kiritilgan har bir qurilishi tugallanmagan ob’ekt va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydoni bo‘yicha undan samarali foydalanish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlasin hamda uni amalga oshirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rsin;
amalga oshiriladigan yangi loyihalar doirasida xorijiy va mahalliy investorlarni jalb qilgan holda eksportbop va import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishni ta’minlasin;
qurilishi tugallanmagan ob’ektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish hamda kelajakda yangi loyihalarni amalga oshirish istagini bildirmagan mulkdorlarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan ta’sirchan choralarni ko‘rish bo‘yicha qarorlar qabul qilsin;
ikki hafta muddatda komissiya reglamenti loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Uzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Uzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga bo‘ysunadigan 10 ta shtat birligidan iborat Turizmni rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti tashkil qilinsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati tuzilmasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga taklif kiritsin.
9. Toshkent viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyatiga qo‘shimcha 5 ta shtat birligi ajratilsin hamda viloyat hokimligi huzurida 35 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Turizmni rivojlantirish departamenti tashkil qilinsin.
Belgilansinki:
Toshkent viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyatiga qo‘shimcha ajratilayotgan 5 ta hamda viloyat hokimligi huzurida tashkil etilayotgan Turizmni rivojlantirish departamentining 35 ta shtat birligi moliya, soliq va iqtisodiyot organlari shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi;
Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish departamenti ikki tomonlama - viloyat hokimligi hamda Uzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Turizmni rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentiga bo‘ysunadi.
10. Toshkent viloyati hokimligi boshqaruv apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda o‘n kun muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqib Toshkent viloyati hokimligi boshqaruvi apparati xodimlarining shtatlar jadvalini qayta ko‘rib chiqsin.
11. Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Toshkent viloyati hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarining funksional vazifalari va uning kotibiyati to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish departamentining tuzilmasi va nizomini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarorni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni 2017 yilda ajratsin, 2018 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Parkent” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi U. S. Ismailov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh. Mirziyoyev