
21.03.2025

Insoniyat tarixidagi eng qadimiy bayramlardan biri – tabiat uyg‘onishi, yangi hayot va yasharish ramzi bo‘lgan, ko‘p millatli xalqimizga xos bo‘lgan ezgulik, mehr-oqibat, sahovat va g‘amxo‘rlik, bunyodkorlik, ona zamin va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabat kabi fazilatlarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z bayrami kirib kelishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat arboblaridan samimiy tabriklar kelmoqda.
Xorijiy hamkorlar o‘z maktublarida yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, barqaror rivojlanish, do‘stlik, totuvlik va yaxshi qo‘shnichilik muhitini yuqori baholamoqda. Tinchliksevar va pragmatik tashqi siyosat tufayli O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlanib, Yangi O‘zbekistonga ravnaq tilaklari izhor etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Bahor ayyomi Navro‘z munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Rossiya-O‘zbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan o‘zaro manfaatli ikki tomonlama aloqalarni bundan buyon ham do‘st xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida faol rivojlantiramiz, deb ishonaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, chin qalbimdan mustahkam sog‘lik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning barcha fuqarolariga esa baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Vladimir Putin,
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
O‘zbek xalqining an’anaviy Navro‘z bayrami munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan o‘zimdan Sizni, O‘zbekiston hukumati va xalqini samimiy muborakbod etaman.
Ming yillik tarixga ega Navro‘z bahor kelishi va tabiat uyg‘onishini ifodalab, o‘zbek xalqining baxtli hayotga, el-yurt birligiga va ravnaqiga intilishini aks ettiradi.
O‘tgan yil iyul oyida Ostonada bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasidagi samimiy va do‘stona uchrashuvimizda Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari va turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdik, ikki tomonlama aloqalarning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldik.
Erishilgan kelishuvlarimiz samarali amalga oshirilayotgani, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil mustahkamlanib, e’tiborga loyiq natijalar berayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlayman.
Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat beraman va yaqin do‘stligimizni yuksak qadrlayman.
Siz bilan birgalikda barcha sohalardagi hamkorlikni ilgari surish, Xitoy va O‘zbekistonning yagona taqdir hamjamiyatini barpo etish ishlarini boyitish uchun harakat qilishga tayyorman.
Fursatdan foydalanib, Sizga, Janobi Oliylari, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, davlat rahbari sifatidagi mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, do‘st O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, bardavom taraqqiyot va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Si Szinpin,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi nomidan Sizni va butun O‘zbekiston xalqini ajoyib Navro‘z ayyomi bilan tabriklayman. Bu barcha uchun tinchlik, farovonlik va yangilanish bayramidir.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida mustahkam rishtalar o‘rnatilayotganligini yuksak qadrlayman va Sizning izchil islohotlar dasturingizni olqishlayman. Savdo aloqalarimizni kengaytirish va zamonamizning eng yirik muammolarini hal etish yo‘lida hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutaman.
Buyuk davlatlarimiz ravnaq sari intilayotgan bir paytda, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlashga sodiq bo‘lib qoladi.
Navro‘z muborak!
Chin dildan,
Donald Tramp,
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.
Navro‘z ayyomi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy qutlovlarimiz va ezgu istaklarimizni yo‘llab, Sizga sihat-salomatlik va baxt-saodat, birodar O‘zbekiston hukumati va xalqiga davomiy taraqqiyot va ravnaq tilashdan mamnunmiz.
Yuksak ehtirom ila,
Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,
Saudiya Arabistoni Podshohi
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu
Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy qutlovlarim va ezgu istaklarimni yo‘llab, Sizga sihat-salomatlik va baxt-saodat, birodar O‘zbekiston hukumati va xalqiga yanada taraqqiyot va ravnaq tilashdan mamnunman.
Yuksak ehtirom ila,
Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,
Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari, aziz qardoshim,
Tabiat qayta jonlangan, tuproq uyg‘ongan va umidlar kurtak otgan Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga va do‘st O‘zbekiston xalqiga eng samimiy tabriklarimni yo‘llayman.
Asrlik qadim an’anamiz Navro‘z - tinchlikning, birodarlikning va birdamlikning ahamiyatini bu yil ham eslashimizga imkoniyat yaratmoqda. Navro‘zning dunyoda tinchlikka bo‘lgan umidning kurtak ochgani, xalqaro muloqot va hamkorlikning yangi qirralar ochgan payt xushxabarini keltirishini chin yurakdan tilab qolaman. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi chuqur ildiz otgan do‘stlik va birodarlik rishtalarining mustahkamlanishi, hamkorligimizning yanada kuchayishi bu Navro‘zda ham samimiy orzularimiz orasida.
Ushbu mazmunli kun munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik, omonlik va farovonlikka to‘la kelajak tilab qolaman.
Rejep Tayyip Erdog‘an,
Turkiya Respublikasi Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Sizni va qardosh O‘zbekiston xalqini ulug‘ ayyom - Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Bu mamlakatlarimizni ko‘p asrlik do‘stlik, o‘zaro anglashuv va hurmat an’analari bilan bog‘laydigan, shuningdek, tabiatning yangilanishi va tiklanishining ramzi bo‘lgan yorqin bayramdir. Ushbu fayzli kunda xalqlarimiz birdamlik va farovonlik yo‘lida birlashsin.
Navro‘z bayramining muqaddas qadriyatlari davlatlararo aloqalarimizni yanada rivojlantirish, xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yuksak maqsad va vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilishiga qat’iy ishonaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat, oilangizga baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.
Eng yaxshi tilaklar bilan,
Qasim-Jomart Toqayev,
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Sizni va qardosh O‘zbekiston xalqini go‘zal Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Bu yorqin va quvonchli bayram bahorda tabiat uyg‘onishi, birlik va do‘stlik, tinchlik va farovonlik ramzidir. U xalqlarimizni bog‘lab turgan ko‘p asrlik do‘stlik va o‘zaro anglashuv an’analarini ifodalaydi, umumiy tarixga asoslangan qardoshlik munosabatlarini mustahkamlaydi.
Ishonchim komil, o‘zaro hurmat, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan hamkorligimiz bundan buyon ham barcha darajada birgalikdagi sa’y-harakatlar tarzida davom etib, xalqlarimizning porloq kelajagiga xizmat qiladi.
Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘lik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh o‘zbek xalqiga esa tinchlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz.
Hurmat bilan,
Sadir Japarov,
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Xalqaro Navro‘z bayrami munosabati bilan eng ezgu va samimiy tilaklarga yo‘g‘rilgan samimiy qutlovlarimizni qabul qilgaysiz.
Qadimiy tarixga ega ushbu bayram madaniy meros va ko‘p asrlik an’analarimiz mushtarakligi ifodasi sifatida uni nishonlaydigan xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni tinchlik va xavfsizlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash g‘oyalari asosida mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.
Navro‘zning boqiy bunyodkorlik an’analari bizni xalqlarimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida tinimsiz sa’y-harakat qilishga undaydi.
Tojikiston tomoni O‘zbekiston bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi davlatlararo munosabatlarning bugungi darajasidan mamnun.
Ishonchim komil, mamlakatlarimiz ushbu qadimiy bayramning yuksak umuminsoniy qadriyatlariga tayangan holda, ko‘p qirrali munosabatlarni mazmunan boyitish yo‘lida bundan buyon ham birgalikda harakat qiladilar.
Ushbu qutlug‘ kunlarda Sizga mustahkam sog‘lik va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi zafarlar, mamlakatingizning qardosh xalqiga esa baxt-saodat, farovonlik, tinchlik va barqarorlik, izchil taraqqiyot va ravnaq tilayman.
Navro‘z muborak!
Chuqur hurmat bilan,
Emomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Xalqaro Navro‘z bayrami munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keng nishonlanadigan ushbu go‘zal bayram bahorning boshlanishi va tabiatning uyg‘onishini anglatadi. Navro‘z bayrami turli xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Ushbu yorqin bayram umid ramzi bo‘lib, bugungi dunyoda insonparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga undaydi.
Ushbu ajoyib bayram Siz va butun mamlakatingiz xalqi uchun baxt, quvonch va yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin!
Chuqur hurmat bilan,
Serdar Berdimuhamedov,
Turkmaniston Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Xalqaro Navro‘z bayrami munosabati bilan Sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yo‘llash men uchun sharaf!
Bahorgi tengkunlik kunlarida nishonlanadigan xalqaro Navro‘z bayrami insoniyatning eng qadimiy madaniy meroslaridan biridir. Ildizlari ming yillar qa’riga borib taqaladigan ushbu go‘zal bayram nafaqat tabiat uyg‘onishi, balki o‘zaro hurmat, tinch-totuv yashash, bir-birini anglash va mehnatsevarlik ramzidir.
Ushbu qutlug‘ ayyom Siz va butun xalqingizga tinchlik, quvonch va yangi tashabbuslar olib kelsin!
Chuqur hurmat bilan,
Gurbanguli Berdimuhamedov,
Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich,
Aziz Qardoshim,
Sizni va qardosh O‘zbekiston xalqini milliy, madaniy va tarixiy ildizlari chuqur bo‘lgan Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Ikki ming yildan buyon katta shodu xurramlik bilan nishonlanib kelinayotgan bu bayram zaminning uyg‘onishi, tabiatning yangilanishi, insoniyatning qayta tug‘ilishini anglatadi. Navro‘zi olam muborak bo‘lsin, qardosh xalqlarimiz uchun ezgu ishlarning boshlanishi bo‘lsin!
Ishonchim komil, Ozarbayjon - O‘zbekiston ittifoqi umumiy tariximiz, boy milliy va ma’naviy qadriyatlarimiz, xalqlarimizning qardoshligi va birdamligiga tayangan holda bundan buyon ham rivojlanib, sa’y-harakatlarimiz bilan mustahkamlanib boraveradi.
Ushbu qutlug‘ ayyomda Sizga va oilangizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston Respublikasi va uning xalqi farovonligi yo‘lidagi faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Hurmat bilan,
Ilhom Aliyev,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Tabiatning uyg‘onishi, yaxshi kelajakka umid hamda hijriy-shamsiy yangi 1404 yilning boshlanishi chog‘i bulmish ulug‘ va qadimiy Navruz bayrami bilan Siz Janobi Oliylarini hamda mamlakatingizning aziz xalqini chin yurakdan tabriklayman.
Bahor tabiatdagi muvozanat nuqtasi hamda mehr-oqibat, yakdillik va yangilanish pallasidir.
Hijriy-shamsiy yangi yilda ikki davlat munosabatlarida hamda xalqlarimiz hayotida ajoyib o‘zgarishlarning guvohi bo‘lamiz, deb umid qilaman.
Qodir Egamdan Siz Janobi Oliylariga sog‘lik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston Respublikasi xalqiga baxt-saodat va farovonlik, Navro‘z madaniyati mintaqasi davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlariga esa yanada rivojlanish tilab qolaman.
Mas’ud Pezeshkiyon,
Eron Islom Respublikasi Prezidenti
***
Shuningdek, quyidagilar o‘z qutlovlarini yo‘llagan:
Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayev,
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Majid Xon.
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.