18.07.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 iyul kuni «O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarorni imzoladi.
Ushbu muhim hujjat yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yurt istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan tashabbuskor va shijoatli yosh avlodni voyaga yetkazish kabi ezgu maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, Yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlar dasturini o‘z ichiga olgan.
Qarorda ko‘zda tutilganidek, Dastur ijrosi yuzasidan Respublika ishchi guruhi tuzilib, uning zimmasiga Yoshlar ittifoqi faoliyati samaradorligini oshirish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash, shu bilan birga, yoshlarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitet shakllantirish kabi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada faollashtirish, ayni paytda iste’dodli yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish kabi qator vazifalar yuklanadi.
Davlatimizning yoshlarga doir siyosati borasidagi barcha maqsadlarini o‘zida aks ettirgan Dasturda yoshlarni mas’uliyatli lavozimlar zaxirasiga kiritish, oliy ta’lim muassasalariga imtiyoz bilan qabul qilish, imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Yoshlar klubi»ni tashkil qilish singari g‘oyat muhim tashkiliy-huquqiy tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.
Shuningdek, Dasturga binoan Yoshlar ittifoqi faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida uning yoshlarga oid ommaviy axborot vositalari, fuqarolar yig‘inlari, xorijdagi turdosh tashkilotlar bilan hamkorligini rivojlantirish, Ittifoqning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kengaytirish, jumladan, «Yoshlar nashriyot uyi», «Yoshlar press-klubi» va «Yoshlar qurilish invest» kompaniyasini tashkil etish, ta’lim olish va uy-joy egasi bo‘lishda, o‘z biznesini tashkil qilishda ilg‘or va namunali yoshlarga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.