
25.02.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni2025-yil 9-mayda Xotira va qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi nishonlanishi munosabati bilan Vatan himoyasi yo‘lida mardonavor kurashgan buyuk ajdodlarimizga alohida e’tibor va chuqur ehtirom ko‘rsatish, g‘alabaga bebaho hissa qo‘shgan O‘zbekiston fuqarolari – 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini munosib ravishda izzat-ikrom bilan sharaflash maqsadida:
1. 1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80-yilligi sharafiga “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali ta’sis etilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari – “1941-1945-yillardagi Ulug‘ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun” va “Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun” medallari bilan, urush yillarida jangovar xizmatlari uchun boshqa orden va medallar bilan mukofotlangan yoki urush qatnashchisi guvohnomasiga yoxud Vatan urushi nogironi guvohnomasiga ega bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilganlar, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi yillaridagi front orti mehnat faxriylari, shu jumladan, “1941-1945-yillar Ulug‘ Vatan urushidagi shavkatli mehnati uchun”, “Mehnatdagi jasorati uchun”, “Mehnatda o‘rnak ko‘rsatganligi uchun” medallariga yoki 1941-1945-yillardagi urush davrida Qurolli Kuchlarda fuqaro shaxslarni erkin yollash bo‘yicha shtat lavozimida bo‘lganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lgan mehnat fronti qatnashchilari mukofotlanadi.
3. Quyidagilar:
“Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali va tavsifi 2-ilovaga, uning guvohnomasi va tavsifi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali bilan mukofotlanishi lozim bo‘lgan 1941-1945-yillardagi urush faxriylari va nogironlarining, mehnat fronti qatnashchilarining aniq ro‘yxatini tuzib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Markaziy bank va “Suvenir” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan birgalikda bir oy muddatda “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medallari va ularning guvohnomalari blanklari belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tayyorlanishini ta’minlasin;
ikki hafta muddatda esdalik yubiley medallarini topshirish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-fevraldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi PF–24-son Farmonida nazarda tutilgan bir martalik pul mukofotlarini to‘lash tartibini belgilasin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev
“Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali