
19.02.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining FarmoniMamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80-yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini, ularga tenglashtirilgan shaxslarni hamda, 1941–1945-yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida:
1. Bir martalik pul mukofoti belgilansin:
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 10 000 (o‘n ming) AQSH dollari miqdorida;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga 25 000 000 (yigirma besh million) so‘m miqdorida;
1941–1945-yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarining har biriga 3 000 000 (uch million) so‘m miqdorida.
2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofoti tantanali hamda bayramona vaziyatda topshirilishini ta’minlasin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev