![icon](/img/menu.png)
14.02.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni yoshlar bilan muloqot qildi. Videoselektor shaklida o‘tgan uchrashuvda yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokama etildi.
Davlatimiz rahbari so‘zining boshida bu uchrashuvdan mamnun ekanini ta’kidlab, yoshlarni xalqimizning oltin fondi, deb atadi.
O‘zbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yigit-qizlar kirib kelmoqda. 2030-yilga borib, bu ko‘rsatkich 1 million nafarga yetadi.
Yoshlarning bandligini ta’minlash, intilishlariga sharoit yaratish davlatimizning ustuvor siyosatiga aylangan. O‘tgan 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, ular bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini tashkil etmoqda.
Ishsiz yoshlar 2 karra kamaydi. Ishsizlikdan xoli mahallalar soni 1 ming 889 taga yetdi. “Yoshlar daftari” orqali o‘tgan yili 180 ming nafar yoshlarga 345 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.
Ilgari oliy ta’limda bitta o‘rin uchun kamida 10 nafar bola kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirilgani natijasida endi 42 foiz yoshlar qamrab olinmoqda. Xotin-qizlarga shartnoma to‘lovi davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga, ularning soni 11 karra ko‘paydi.
O‘z sohalarida muvaffaqiyatga erishayotgan o‘g‘il-qizlar safi tobora kengaymoqda. Birgina misol – hozirgi vaqtda dunyodagi nufuzli universitetlarda 1 ming 500 dan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda.
Avvalgi 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yigit-qiz xorijga o‘qishga ketgan bo‘lsa, birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yilda 2 ming 300 nafar vatandoshimiz shunday imkoniyatga ega bo‘ldi.
Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni ham 2 karra ko‘payib, 4 ming nafardan oshdi. Mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylandi. An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi ishtirokchilari soni 3 millionga yetdi.
Ayniqsa, farzandlarimiz orasida chet tillarni o‘rganishga qiziqish keskin kuchaydi. So‘nggi 3 yilda til o‘rganayotgan yoshlar soni 2 millionga yetgan bo‘lsa, “IELTS” imtihonidan yuqori ball olganlar 5 karra kupaygan.
Yurtimizdagi yoshlar siyosati xalqaro jamoatchilik tomonidan ham e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoridan joy oldi.
Uchrashuvda Prezident yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 3 ta muhim hujjat imzolaganini ma’lum qildi.
Birinchi hujjatga ko‘ra, Yoshlar agentligi huzurida jamg‘arma tuzilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratildi. Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi, startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.
Ikkinchi qaror bilan, oliy o‘quv yurti bitiruvchilarining bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar yo‘naltirilib, ularning tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha bank xizmatlari joriy etiladi.
Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi.
Uchinchi hujjatga ko‘ra, Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch bankka aylantirilib, unga 200 million dollar beriladi. Aloqabank o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarning loyihalari uchun 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.
Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Bank kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi.
Ma’lumki, bu yil salkam 5 million 200 ming aholini band qilish mo‘ljallangan. Bunda yoshlarning katta o‘rni bor.
Masalan, tomorqa va dalasidan samarali foydalanib, kamida 100 million so‘m daromad olgan yoshlarga soddalashtirilgan tartibda yer ajratiladi. Sanoat ipotekasi orqali tayyor ishlab chiqarish maydonini olgan yosh tadbirkorga imtiyozli shartlarda uskunalar ham olib beriladi. Xizmat ko‘rsatish sohasida yoshlarni ishga olib, kamida 3 million so‘m oylik to‘lagan korxonalarga ijtimoiy soliq 1 foiz bo‘ladi.
Kreativ iqtisodiyot sohalarida faoliyat ko‘rsatayotganlarning 98 foizi yoshlar. O‘tgan yili bu bo‘yicha qonun qabul qilinib, huquqiy asoslari belgilandi.
Endi hududlarda ham kreativ industriya parklari barpo etiladi. Ularning rezidentlariga 2030-yil yakunigacha imtiyozli soliq rejimi qo‘llanadi. Bu borada biznes maktablari tashkil qilinib, biznes yuritish hamda elektron tijorat kabi xizmat ko‘rsatishning innovatsion usullari o‘rgatiladi.
Ish topishda xorijiy tillarni bilish juda muhim. Shu bois chekka hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlari ochgan malakali yoshlarlarga 120 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Shuningdek, xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan yoshlarga to‘lovlari “2+6” oy shaklida qoplab beriladi.
IT sohasida “Bir million dasturchi” loyihasiga qo‘shimcha 300 ming yoshlar jalb etiladi. “Raqamli ijtimoiy ekotizim”ni joriy etish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqiladi.
Kambag‘allikdan chiqishning eng samarali yechimi ham – bu ta’lim. Shu bois bunday oilalar farzandi foizsiz ta’lim krediti, qo‘shimcha grant, shartnoma to‘loviga yordam orqali o‘qishga rag‘batlantiriladi. Bilimga chanqoq, lekin oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim – “Yorqin kelajak” loyihasi joriy etiladi.
Yoshlar agentligi xorijda o‘qiyotgan har bir talabaga bosh-qosh bo‘ladi. Bilimli yigit-qizlar dunyoning “Top-100” oliygohlariga yuborilib, o‘qish va yashash xarajatlari qoplab beriladi. Chet elda o‘qib kelganlar milliy kadrlar zaxirasiga kiritilib, davlat organlariga tanlovsiz ishga olinadi.
Bundan tashqari, reytingi yuqori xalqaro universitetlarda ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga 800 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lganlar uchun bir martalik pul mukofoti miqdori 5 karra oshiriladi.
Energetika, transport, urbanizatsiya, zamonaviy arxitektura, tibbiyot yo‘nalishlarida “El-yurt umidi” jamg‘armasi kvotalari ko‘paytiriladi. Harbiy bilim yurtlarining namunali tinglovchilari uchun “Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi.
Kelgusi o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar o‘rtasida muhandislik olimpiadalari va tanlovlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. G‘olib bo‘lgan bitiruvchi yoshlar texnika oliygohlariga grant asosida o‘qishga kiradi.
Yig‘ilishda yosh avlodda milliy ruhiyatni shakllantirish, g‘oyaviy xurujlar va zararli axborotlardan asrash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Tarbiyasi og‘ir bolalarga alohida mehr-e’tibor ko‘rsatish, hayotda o‘rnini topishiga ko‘maklashish zarurligi aytildi.
Vatanparvarlik hissini kuchaytirish maqsadida 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Vatan tayanchi” harakati boshlandi. Unga 300 mingdan ziyod yoshlar qamrab olindi.
Endi bu harakat kasb-hunar maktabi, texnikum va xususiy ta’lim tashkilotlarida ham yo‘lga qo‘yilib, 1 million o‘quvchi qamrab olinadi. Ular o‘rtasida turli tanlov va musobaqalar tashkil etiladi. Shuningdek, mahallalarda “Shijoat va g‘ayrat” sport o‘yinlari o‘tkaziladi. G‘olib mahallalarga sport inshooti qurilib, anjomlar bilan ta’minlanadi. “Vatan tayanchi” hamda “Shijoat va g‘ayrat” musobaqalari g‘oliblariga harbiy bilim yurtlariga kirish uchun tavsiya beriladi.
Muloqotda so‘zga chiqqanlar mazkur reja va tashabbuslar yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishi, ularning orzu-intilishlariga rag‘batlantiruvchi kuch bo‘lishini ta’kidlashdi.
Davlatimiz rahbari yoshlarning takliflarini ma’qullab, ularni har doim qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.