28.01.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni elektr energetikasini 2025-2035-yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Oxirgi sakkiz yilda elektr ishlab chiqarish 38 foiz oshib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetdi. Xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani tufayli 11,2 gigavattli qo‘shimcha quvvat yaratildi. Natijada bu sektorning generatsiyadagi ulushi 24 foizga, “yashil” energiya hissasi esa 16 foizga yetdi.
Shu davrda aholi daromadi 1,6 baravar o‘sgani, yangi turdagi maishiy texnikalardan foydalanilayotgani sababli xonadonlarda elektr iste’moli 21 milliard kilovatt soatdan oshdi. Bu 2016 yilgidan 2 baravar ko‘p.
2030-yilga borib, mamlakatimiz aholisi 41 millionga yetishi, iqtisodiyotimiz esa 1,5 karra o‘sishi kutilayapti. Shunga mutanosib ravishda, sanoatda 45 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish, xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish, yirik Ma’lumotlar markazlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Buning uchun, avvalo, barqaror elektr ta’minoti zarur. Hisob-kitobga ko‘ra, 2030-yilda 117 milliard kilovatt soat, 2035-yilda esa 135 milliard kilovatt soat elektr energiyasi talab etiladi. Ya’ni, hozirgidan 1,7 baravar ko‘p.
Yig‘ilishda energetika vaziri shu maqsadga qaratilgan uzoq muddatli dasturni taqdimot qildi.
Qayd etilganidek, yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlari barpo etiladi. Ularni tizimga ulash uchun 7 ming kilometr magistral tarmoq qurilib, raqamlashtirilgan boshqaruv joriy qilinadi. Bu orqali hududlarda energiya balansi ta’minlanadi. Bir viloyatda elektr yetishmovchiligi bo‘lsa, boshqa joyda qo‘shimcha quvvatlar ishga tushiriladi. Bu ishlar uchun kelgusi besh yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”ga 4 milliard dollarlik investitsiya kiritish talab etiladi.
Yana bir muhim masala – elektr energiyasining tannarxini pasaytirish. Buning omili muqobil manbalarni ko‘paytirishdir. Xorijiy ekspertlar ham O‘zbekiston sharoitida “yashil” energiya imkoniyatlari ko‘pligini aytayapti.
Shundan kelib chiqib, 2030-yilga borib jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 50 foizdan oshirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 3 mingta mikroGESda 164 megavatt, quyosh va shamol qurilmalari hisobiga 750 megavatt quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Kuni kecha davlatimiz rahbari resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi.
Xususan, sanoatda energiya samaradorlik orqali qo‘shimcha 27 foiz yalpi ichki mahsulot yaratish imkoniyati bor. Hozir kimyo va metallurgiya bo‘yicha ayrim mahalliy korxonalarda energiya sarfi dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 2 karra, sement ishlab chiqarishda esa 1,2 barobar yuqori.
Shu bois, har bir tarmoq kesimida energiyani 10-15 foiz iqtisod qilish, 2030-yilda elektr energiyasi yo‘qotishlarini hozirgi 14 foizdan 8-9 foizgacha tushirish vazifa qilib olinmoqda.
Xorijiy investorlar bilan yana 26 milliard dollarlik 24 gigavattli loyihalar bo‘yicha ishlar boshlangan. Ularga ko‘p miqdorda uskuna va qurilish materiallari ishlatiladi. Bu yurtimiz korxonalari uchun katta imkoniyat ekani, loyihalarda mahalliylashtirish va kooperatsiyani rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Iste’molchilarga barqaror va uzluksiz elektr yetkazib berish, sohada kadrlar tayyorlashni rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Mutasaddilarga bularning hammasini inobatga olib, elektr energetikasi sohasini 2035-yilgacha rivojlantirish dasturini tayyorlash topshirildi.