21.01.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni parrandachilikni rivojlantirish va yaylovlardan samarali foydalanish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Bu tarmoqlar aholini oziq-ovqat xavfsizligi va arzonligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. So‘nggi yillardagi sharoitlar va loyihalar natijasida mahsuldorlik izchil oshib bormoqda. Bu sur’atni davom ettirib, joriy yilda 1 million tonna parranda go‘shti, 10 milliard 500 million dona tuxum yetishtirish mo‘ljallangan. Eksportni 2 karra oshirib, 180 million dollarga olib chiqish ko‘zda tutilgan.
Chorvachilikda 1 ming 350 ta loyihani ishga tushirib, 3 million 200 ming tonna go‘sht yetishtirish, 13 million tonnadan ziyod sut olib, uning 30 foizini sanoat usulida qayta ishlash hisob-kitob qilingan.
Taqdimotda ushbu ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Masalan, yurtimizda go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasini tashkil qilish boshlangan. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda endi buni tuxumchilik bo‘yicha ham yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda.
Parrandachilik kooperatsiyasi bo‘yicha Andijon, Namangan, Samarqand va Xorazmda yaxshi tajribalar bor. Bunda ham odamlar daromad topayapti, ham parrandachilik korxonalarining ishi yurishayapti.
Masalan, Qo‘shrabot tumanidagi “Yetti xazina” korxonasi xonadonlarga emlangan tovuq, qafas va yem tarqatib, tuxumini o‘zi sotib olayapti.
Bunday loyihalarni barcha viloyatlarda qilib, mahsulot va ish o‘rinlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Bunga 50 million dollar yo‘naltirilishi belgilandi.
Vaqtincha to‘xtab qolgan yoki kam quvvatda ishlayotgan parrandachilik korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirib, faoliyatini yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Xalq rizq-ro‘zining yana bir katta manbai – yaylovlar. Lekin ularning deyarli yarmidan foydalanilmayapti. Negaki yaylov o‘simliklari urug‘chiligi rivojlanmagan, suv inshootlari va quduqlar yetishmaydi. Bunday maydonlarning xaritasi va ijarasi raqamlashtirilmagan.
Shu bois yaylovlarni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tizimiga o‘tkazish taklif etilmoqda. “E-yaylov” elektron xaritasi ishlab chiqilib, har bir maydon ushbu tizimga kiritiladi. Unda chorva, ekin yoki geologiyaga mo‘ljallangan joylar aniq namoyon bo‘ladi.
Bunday maydonlar eng ko‘p bo‘lgan 7 ta viloyatda yaylov xo‘jaliklari tashkil qilinadi. Ular o‘rmon xo‘jaliklari kabi yaylovlarni asrash va samarali foydalanishga mas’ul bo‘ladi. Yaylov xo‘jaliklaridagi yerlar auksion orqali chorva boqish, pista, bodom kabi ko‘chatlarni ekish uchun aholiga 30-yilga ijaraga beriladi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, yaylovlarni degradatsiyadan chiqarish, qo‘shimcha quduqlar qazish va yaylov urug‘chiligini tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Bu yil 500 ming gektar yaylovda 1 million bosh qo‘yni tartibli boqish bo‘yicha namunaviy loyiha amalga oshirilishi aytildi.
Chorvachilik va parrandachilik korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Yangi loyihalar va kooperatsiya hisobiga aholi bandligini oshirib, kambag‘allikni qisqartirish muhimligi ta’kidlandi.