14.01.2025
Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!
Muhtaram Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!
Qadrli yurtdoshlar!
Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Barchamiz uchun shon-sharaf timsoliga aylangan mana shu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan botir va dovyurak o‘g‘lonlarimizni, muhtaram faxriylarimizni tabriklab, ularning sha’niga eng ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
Sizlarning azmu shijoatingiz, el-yurtga sadoqatingiz tufayli xalqimizning tinch va osoyishta hayoti ta’minlanmoqda, mamlakatimizning mudofaa salohiyati mustahkamlanmoqda, milliy armiyamizning jangovar qobiliyati yuksalmoqda.
Yurtimiz bo‘ylab jasorat madhiyalari yangrayotgan bugungi ulug‘ kunlarda Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan qahramon harbiylarimizning so‘nmas xotirasi oldida barchamiz hurmat bajo keltiramiz.
Fursatdan foydalanib, mard va bahodir yurt posbonlarini tarbiyalagan barcha ota-onalarga, harbiy xizmat davomida Vatan himoyachilariga tog‘dek tayanch bo‘lib kelayotgan ularning oila a’zolariga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.
Aziz do‘stlar!
Keyingi yillarda olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashning chinakam kafolatiga aylanib bormoqda.
Barcha qo‘shin turlari zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi uzluksiz oshib bormoqda. Milliy armiyamiz ular uchun, yoshlarimiz uchun mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda.
Eng muhimi, xalq bilan armiya tobora yaqin bo‘lib borayotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bag‘ishlamoqda.
Bugungi kunda navqiron avlodimiz o‘rtasida harbiy xizmatga qiziqish kuchayib, minglab yigit-qizlarimiz Vatan himoyasiga dadil bel bog‘layotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Biz ana shunday o‘tyurak farzandlarimiz timsolida bo‘lg‘usi qahramonlarimiz, Qurolli Kuchlarimizning bo‘lajak ofitser va generallari, mohir qo‘mondonlarni ko‘ramiz.
Ayni vaqtda barchamiz yaxshi anglaymizki, hozirgi vaqtda, dunyo miqyosida turli xavf-xatarlar, qurolli to‘qnashuvlar tobora avj olib borayotgan o‘ta murakkab vaziyatda Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini, harbiy xizmatchilarning jismoniy va ma’naviy shayligini oshirish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida bu borada boshlagan ishlarimizni mutlaqo yangi sifat bosqichiga ko‘tarishimiz shart. Xususan, Qurolli Kuchlarimizni yangi, modernizatsiya qilingan o‘t ochish tizimlari va texnika bilan ta’minlashni harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini, qo‘shinlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda davom ettiramiz.
Harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktablarda boshlang‘ich harbiy ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratamiz.
Askar va ofitserlarning professional mahorati, harbiy bilim yurtlarida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, malakali harbiy kadrlar zaxirasini yaratish doimo ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.
Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylarini ijtimoiy himoya qilish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham diqqatimiz markazida bo‘ladi.
Ana shu muhim vazifalarni bajarishda, hech shubhasiz, harbiy-ma’muriy sektorlar, davlat va jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilikning faol ishtiroki g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Chunki, xalq bilan muloqot va maslahat asosida, uning ishtirokida amalga oshirilgan ish albatta qudratli ijobiy kuchga ega bo‘ladi.
Umuman, bugungi kunda barchamiz – qaysi soha yoki tarmoqda, qanday lavozimda ishlamaylik, Vatan himoyachisi bo‘lishimiz zarur. Bu talabni davrning o‘zi oldimizga qat’iy vazifa qilib qo‘ymoqda va xalqimiz ham bizdan aynan shuni kutmoqda.
Qadrli Vatan himoyachilari!
Ona yurt qalqonlari, tinchlik posbonlari sharaflanadigan mana shu quvonchli kunda siz, azizlarni shonli bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan qutlayman.
Barchangizga muqaddas qasamyodingizga sodiq qolib, xizmat burchingizni yuksak darajada ado etishda mustahkam sog‘liq, ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman.
Jonajon Vatanimiz himoyasi yo‘lida hech qachon tolmang, yutuq va zafarlar doimo sizlarga yor bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni