12.07.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, №PQ-3129, 12 iyul 2017 yil
Hududlarning sayyoxlik salohiyatini dunyoga keng targ‘ib qilish, mamlakatimizga tashrif buyurishi kutilayotgan sayyohlarga qulay sharoitlar yaratish, sohadagi mavjud muammolarni tizimli asosda bartaraf etish, ushbu vazifalarni amalga oshirishda joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyatini oshirish hamda turizm sohasini yanada rivojlantirish maksadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlari hokimliklari hamda Moliya vazirligining Xorazm, Buxoro, Samarkand va Toshkent viloyati hokimlarining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlarini joriy etish va ularning kotibiyatlarini tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Quyidagilar viloyatlar hokimlarining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
hududda turizm sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, soha bo‘yicha kabul qilingan konsepsiya va dasturlarning ijrosini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni belgilash;
chet el mamlakatlari bilan turizm sohasida, ayniqsa, turistlar oqimini ko‘paytirish hamda ularni jalb qilish bo‘yicha hamkorlik va kelishuvlarni vakolatli organlar bilan birgalikda amalga oshirish;
sohani chuqur tahlil qilish asosida turistik xizmatlarga bo‘lgan talabni o‘rganish, bu boradagi mavjud muammolar va to‘siqlarni aniqlash, sohani rivojlantirish hamda takomillashtirishning maqsadga muvofiq modellarini ishlab chiqish va kelgusi rejalarni belgilash;
turizm sohasining iqtisodiy, ekologik, ijtimoiy, madaniy va boshqa yo‘nalishlardagi infratuzilmasini takomillashtirish va turizm
yo‘nalishidagi diqqatga sazovor joylar, ularni yaxshilash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash hamda amalga oshirish;
qo‘shimcha turizm marshrutlarini ishlab chiqish, chet el yoshlarini keng jalb etish maqsadida ko‘ngilochar komplekslar barpo etish, madaniy meros ob’ektlarida xalqimizning tarixi, turmush tarzi, urf-odatlari, an’analarini o‘zida aks ettirgan ekspozitsiyalarni tashkil etish;
turizm sohasida turizmni rivojlantirishning hududiy dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish;
turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha mas’ul vazirlik, idora va qo‘mitalarning hududiy boshqarmalari ish faoliyatini muvofiqlashtirish;
turizm sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini jalb etish, xorijiy turoperatorlar va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish orqali respublikaning mavjud sayyohlik salohiyatini keng yoritish choralarini ko‘rish.
3. Xorazm, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyati hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda joriy etilayotgan viloyat hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining funksional vazifalari va ularning kotibiyati to‘g‘risidagi nizomlarni bir oy muddatda ishlab chiqib, tasdiqlasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi U. S. Ismailov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov joriy etilayotgan lavozimlarni puxta maxsus bilimlarga, yuqori kasbiy mahoratga ega bo‘lgan, chet tillarini yaxshi biladigan, tajribali va malakali kadrlar bilan to‘ldirish yuzasidan bir oy muddatda taklif kiritsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2016 yil 22 dekabrdagi PQ-2691-son qaroriga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi U. S. Ismailov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri