16.12.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-dekabr kuni banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda banklar faoliyati mahallagacha tushirilgani o‘z natijasini berayapti. Xususan, Namangan viloyati Uychi tumanida banklar 3 ming 200 ta faol mijoz bilan ishlab, ularga yordam bergani uchun 9 ming odam doimiy ishli bo‘ldi. Kambag‘allar soni 6 mingga kamaydi.
Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi 3 ming 200 ta xonadonda loyihalar ishga tushirildi, 12 ming odam o‘z tomorqasida daromad topishni o‘rgandi.
Jizzax viloyati Zarbdor tumanida 13 ming 500, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida 28 ming ish joyi yaratildi. Bularning hisobiga qo‘shimcha 10 mingdan ziyod aholi kambag‘allikdan chiqarildi.
Umuman, mazkur 4 ta – Uychi, Sayxunobod, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari doirasida yil boshidan buyon 3 million 300 ming aholi doimiy daromadga ega bo‘lgan. Jami rasman band bo‘lganlar ilk bor 10 million 500 ming nafarga yetgan.
Bundan tashqari, Xo‘jayli, Asaka, Vobkent, Bulung‘ur, Yangiyer, Qo‘shtepa, Shovot kabi 57 ta tumanda ishsizlik 5 foizdan pasaygan.
Markaziy bank va joylardagi banklar bu ijobiy tajribalarni kengaytirib, xalqqa madad bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
– 2025-yil bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni kamaytirishda eng muhim va hal qiluvchi yil bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda shu boradagi yangi imkoniyatlar va rejalar ko‘rib chiqildi.
Oxirgi 6 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega bo‘lgan. Ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochgan. Endi banklar mana shunday sinovdan o‘tgan mijozlarini qo‘llab-quvvatlab, kichik va o‘rta biznes darajasiga olib chiqishi kerak.
Shu bois ularga “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 million so‘m kredit beriladi. Bu orqali kelgusi yillarda 1,5 million aholi ishli bo‘ladi.
Ilgari banklar oilaviy tadbirkorlik dasturlariga mablag‘ni faqat davlatdan olgan. Xalq banki tashabbus qilib, Osiyo taraqqiyot banki bilan “moliyaviy ommaboplik” dasturi doirasida 50 million so‘mgacha ortiqcha hujjat va garovsiz kredit berayapti.
Ushbu namuna asosida, kelgusi yil 9 ta davlat banki 1 milliard dollar kredit berib, 250 ming odamni daromadli qilishi mumkinligi aytildi.
Faol tadbirkorlar ishtirokida 27 ta tumanda ochilgan kooperatsiyalar yaxshi samara berayapti. Kelasi yil 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik bo‘yicha shunday kooperatsiyalar tashkil qilinadi. Bunga 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Ham investitsiya olib keladigan, ham ko‘p ish o‘rni yaratadigan startap loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi. Buning uchun davlat banklari venchur kompaniya tuzib, mahalla startaplariga o‘z mablag‘idan jami 50 million dollar ajratadi. Har bir bank xususiy sherik topib, startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar ochadi.
Yig‘ilishda og‘ir tumanlarda ishsizlikni kamaytirish masalasiga alohida yondashildi. Ularga boshqa hududlardan tajribali tadbirkorlar jalb qilinib, loyihalari uchun yengil kreditlar hamda infratuzilmasiga qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Bu 1 million 300 ming aholini daromadli qilish imkonini beradi.
Davlat infratuzilma qilib bersa, tadbirkorlar qo‘shimcha 31 trillion so‘mlik 3,5 mingta loyiha va 200 mingta yangi ish o‘rni tashkil etish tashabbusini bildirgan. Kelgusi yilda ushbu loyihalar infratuzilmasiga 1 trillion so‘m ajratilishi belgilandi.
Yana bir tahlil: 85 ming gektar yerda kam daromadli ekin ekilgani sababli samarasi pastligicha qolmoqda. Shu bois bunday yerlar yirik konturga birlashtirilib, yetakchi tadbirkorlarga ikkilamchi ijaraga beriladi. Yer egasiga ijara haqi va mahsulotni sotishdan ulush to‘lanadi. Ekin ekmagan aholiga yerini boshqasiga ikkilamchi ijaraga berish haqida majburiy talabnoma kiritiladi. Kelasi yil taqsimlanadigan 100 ming gektar yer ham shu tartibda ajratiladi.
60 ta ilg‘or shahar-tuman ishsizlik va kambag‘allikdan xoli bo‘lish imkoniyatiga ega. Buning uchun kelgusi yilda ulardagi 2 million aholini band qilib, 417 mingta oilani kambag‘allikdan olib chiqish zarurligi qayd etildi.
Bu maqsadlarga erishish uchun banklar moliyaviy mustahkam bo‘lishi kerak. Shu bois faqat davlat beradigan pulga bog‘lanib qolmasdan, tashqi manbalardan 6 milliard dollar jalb qilish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, kelasi yili aholi omonatlarini 11 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Huquqiy asos yaratilgani uchun bu yil 5,5 trillion so‘mlik mikromoliya va faktoring xizmatlari ko‘rsatilgan. Bu asosdan foydalanib, endi davlat banklari ham o‘zining mikromoliya va faktoring kompaniyasini ochishi, unga xorijiy investorlarni jalb qilishi mumkin.
Yig‘ilishda banklar oldidagi muammolar ham tahlil qilinib, hal qilish choralari ko‘rildi.
Masalan, banklar balansida 3 mingta harakatsiz mulk bor. Ular sotilsa, qo‘shimcha resurs va 150 mingta ish o‘rni uchun zaxira paydo bo‘ladi. Shu bois banklarga harakatsiz mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat berilishi belgilandi.
Kredit qarzi hisobidan garovni sud orqali undirishga ham ko‘p vaqt ketayapti. Shuning uchun bu boradagi qonunchilikni o‘zgartirish, unda garovga nisbatan bank huquqlari ustuvorligini hamda undiruvga qaratilgan mulklar tezroq sotilishini nazarda tutish zarurligi aytildi.
Hokimliklar bilan banklarning mahallalarda muvofiq ishlash tizimi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda tuman hokimlari loyihani joy va infratuzilma bilan ta’minlash majburiyatini oladi, banklar esa tadbirkorlar loyihalariga ko‘maklashadi, muammosi bo‘lsa, hal etadi, ishsizlarni biznesga jalb qiladi.
Shu maqsadda mahalla bankirlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Ular mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganadi, odamlarning g‘oyalari va qobiliyatini loyihalarga aylantiradi. Aholiga moliyaviy tartiblarni, mahsulot va xizmatlarini sotishni o‘rgatadi, loyihalarga hamrohlik qiladi.
Umuman, jahon iqtisodiyotidagi bugungi murakkab sharoitda moliya-bank tizimining barcha darajalarida moliyaviy intizom va shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda hokimlar va bank rahbarlari 2025 yilda 5 milliondan ziyod aholini daromadli qilish, 1,5 million odamni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha hisob-kitoblarini aytdi. Muloqotda hududlardagi ijobiy tajribalar, mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.