08.12.2024
Qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha jonkuyarlari!
Jonajon diyorimizda dala ishlari, joriy mavsum yakuniga yetib borayotgan ushbu qutlug‘ ayyomda sizlarni va ko‘pmillatli butun xalqimizni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Fidokorona mehnati bilan tuproqdan noz-ne’mat undirib, xalqimiz dasturxonini to‘kin qilib kelayotgan sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir bog‘bon va chorvadorlarga, omilkor agronom va mexanizatorlar, klasterlarning tajribali rahbarlari va xodimlari, sohaning hurmatli faxriylariga o‘zimning chuqur hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Aziz do‘stlar!
So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar, yer va suv resurslari taqchilligi qishloq xo‘jaligi sohasida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Ana shunday murakkab sharoitga qaramasdan, joriy yilda sizlarning mashaqqatli mehnatingiz bilan yurtimizda 9 million tonna don, 3 million tonnadan ortiq paxta, 16 million tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 15 million tonnadan ko‘p go‘sht va sut, 30 ming tonna pilla yetishtirilgani – chinakam qahramonlik namunasi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.
Buning uchun sizlarning sha’ningizga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.
Albatta, bunday ulkan yutuqlarga erishishda keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi rivojiga berilayotgan yuksak e’tibor, tarmoqda tub tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilib, ishlab chiqarish munosabatlari zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yilayotgani hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lganini barchamiz yaxshi tushunamiz.
Ayniqsa, sohaga ilg‘or agrotexnologiyalar, ilm-fan va innovatsiya yutuqlari keng joriy etilayotgani ijobiy natija bermoqda. Bu yil 100 ming gektar maydonda kasallik va zararkunandalarga chidamli serhosil g‘o‘za navlari ekilib, ulardan mo‘l hosil yetishtirilgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
G‘allachilikda resurs tejaydigan zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash natijasida o‘rtacha hosildorlik birinchi marta 85 sentnerga yetkazildi. Olti mingdan ortiq tajribali fermerlarimiz bu borada 90-100 sentnerlik marrani zabt etganlarini alohida ta’kidlash lozim.
Resurslarni tejaydigan intensiv texnologiyalar asosida 50 ming gektar maydonda sabzavot yetishtirilib, hosildorlik an’anaviy usulga nisbatan 200-250 sentnerga oshgani, sof daromad gektaridan 6-8 ming dollarni tashkil etgani ham muhim yutuqlarimiz qatoriga kiradi.
Yil davomida qishloq xo‘jaligi subyektlariga 18 trillion so‘m imtiyozli kredit va 176 milliard so‘m subsidiya ajratilgani, umumiy qiymati 3,6 trillion so‘mlik 11 ming 600 dona yuqori unumli zamonaviy texnika va agregatlar yetkazib berilgani ham mavsumni samarali yakunlashda muhim omil bo‘ldi.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish, ularning salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida ilk bor Milliy dastur qabul qilindi. Uning ijrosini ta’minlash hamda mahsulot yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun xorijiy moliya tashkilotlaridan 160 million dollardan ortiq mablag‘lar jalb etilmoqda.
Bu yil qishloq joylarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni saqlash va sotish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 343 ta yangi loyiha ishga tushirilgani diqqatga sazovordir.
Shuningdek, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun 75 ming gektar yer maydonlari 180 ming nafardan ortiq ijtimoiy muhtoj aholi hamda yoshlarga bo‘lib berilgani va 200 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgani qishloqda bandlikni ta’minlash, real daromadlarni oshirish, kambag‘allikni qisqartirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Tomorqachilikda daromadni oshirish maqsadida 5145 ta mahalla “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ixtisoslashtirildi.
Chorva naslini yaxshilash va mahsulot hajmini ko‘paytirish uchun aholiga 40 ming bosh qoramol, 82 mingta qo‘y va echki yetkazib berildi, chetdan 260 ming bosh zotdor mollar olib kelindi.
Qadrli do‘stlar!
2025-yilni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb e’lon qilganimiz albatta bejiz emas.
Butun taqdiri va istiqboli yer-suv resurslari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi uchun bu qarorning ahamiyati qanchalik katta ekanini siz, azizlar ayniqsa yaxshi tushunasiz.
Hech shubhasiz, mazkur yil bo‘yicha qabul qilinadigan davlat dasturi sohani barqaror rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida “yashil” texnologiyalarni qo‘llash, ekologik toza mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ochadi.
Agrar sohani ilm-fan asosida rivojlantirishni tizimli yo‘lga qo‘yish, uning barcha tarmoqlaridagi innovatsion faoliyatni integratsiyalash maqsadida kelgusi yili O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasini tashkil etamiz.
O‘tgan yillardagi ijobiy tajriba davom ettirilib, yana 100 ming gektar yer dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun aholiga bo‘lib beriladi. Paxtachilikda 40 foiz maydonda Xitoyda o‘zini oqlagan ilg‘or tajriba joriy etiladi.
Xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi.
“Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi takomillashtirilib, mahsulot yetishtiruvchilarga “bir darcha” tamoyili asosida kompleks xizmat ko‘rsatish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.
Qishloq va mahallalarni obod qilish, ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, qishloq ahli uchun yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi ishlarimiz ham izchil davom ettiriladi.
Hurmatli dehqon va fermerlar, soha xodimlari!
Ko‘rib turganingizdek, oldimizda ulkan vazifalar turibdi. Ularni amalga oshirishda sizlar faol ishtirok etib, o‘z kuch-g‘ayratingiz, bilim va tajribangiz bilan qishloq xo‘jaligi rivojini yangi bosqichga olib chiqishga munosib hissa qo‘shasiz, deb ishonaman.
Siz, azizlarni bugungi fayzli bayram bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat, olijanob faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
Halol mehnatingiz, azmu shijoatingiz uchun yana bir bor katta rahmat. Doimo sog‘-omon bo‘ling, umringizdan baraka toping, qadrdonlarim!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti