09.10.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Buxoro xalqaro aeroporti qurilishiga oid taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda aeroportlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Shu yilning o‘zida Shahrisabz, Qo‘qon va Zomin aeroportlari ishga tushirildi, Namangan va Andijonda esa modernizatsiya boshlandi.
Aeroportlar boshqaruviga xususiy sektor jalb qilinayotgani ham o‘z samarasini berayapti. Xususan, Samarqand xalqaro aeroporti xususiy boshqaruvga berilib, modernizatsiya qilingach parvozlar va yo‘lovchilar soni 5 barobarga oshgan.
Shunday salohiyat Buxoroda ham bor. Lekin u yerdagi aeroport aholi va turistlar talabiga javob bermayapti. Mazkur aeroport soatiga 400 nafar yoki yiliga 1 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi, xolos. Bu – talabga nisbatan juda past.
Parvozlarni boshqarish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tizimlari, kutish-kuzatish zallari eskirgani qatnovlarni ko‘paytirish imkonini cheklayapti. Aksariyat sayyohlar Buxoroga borish uchun Toshkent, Samarqand yoki Urganch aeroportlariga qo‘nishga majbur bo‘layapti. Masalan, 9 oyda Buxoroga tashrif buyurgan 1 milliondan ziyod xorijiy turistlarning 95 foizi poyezd yoki avtomobilda borgan.
Viloyatda mehmonxonalar tarmog‘i, ziyorat turizmi rivojlanib bormoqda. Kelgusi uch yilda Buxoroga turistlar oqimini 8 millionga yetkazish reja qilingan.
Shu bois joriy yil 31-mayda Prezidentimizning viloyatga tashrifi chog‘ida Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlangan edi. Davlat-xususiy sheriklik asosidagi ushbu loyiha doirasida jahon standartlariga mos aeroport tashkil etiladi. Soatiga 1 ming 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Yo‘lovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalar jalb qilinadi.
Taqdimotda loyihaning texnik-iqtisodiy jihatlari to‘g‘risida axborot berildi.
Davlatimiz rahbari yangi aeroportda o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 2 barobar oshirib, soatiga 8 ta samolyot kelish-ketishiga imkoniyat yaratish zarurligini ta’kidladi. Terminalning qulayliklari, ichki va tashqi qiyofasi bo‘yicha tavsiyalar berildi.