17.09.2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-sentabr kuni Ostona shahrida ikkinchi "Markaziy Osiyo - Germaniya" sammitida ishtirok etdi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Investitsiya va texnologiyalar, o‘ta muhim xomashyo resurslari, "yashil" energetika, transport va logistika aloqalari, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohalarida sheriklikni rivojlantirish, shuningdek, ta’lim va madaniy dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Germaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida olib borilayotgan demokratik o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, mintaqadagi hamkorlik va integratsiyani qat’iy hamda o‘zgarmas qo‘llab-quvvatlayotganini yuqori baholadi.
- Bizning Berlindagi ilk uchrashuvimiz va bugungi sammit aniq, amaliy natijalarga erishishga qaratilgan ochiq va konstruktiv muloqotimizni davom ettirishga bo‘lgan umumiy intilishimizni yana bir bor tasdiqlamoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari Germaniya bilan munosbatlar chuqur tarixiy ildizlarga ega ekani, Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish maqsadlarini ta’minlashda Federativ Respublikaning muhim o‘rnini alohida ta’kidladi. So‘nggi yillarda mintaqada yuz bergan chuqur o‘zgarishlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni jadal rivojlantirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoning Germaniya bilan har tomonlama hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida bir qator yangi tashabbus va takliflarni ilgari surdi.
Avvalo, O‘zbekiston rahbari Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida strategik mintaqaviy sheriklik o‘rnatilganini yuqori baholab, ustuvor yo‘nalishlarda dasturiy tadbirlarni qamrab olgan uzoq muddatli Hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilishni taklif etdi.
Ushbu hujjatni ishlab chiqish uchun "Markaziy Osiyo - Germaniya" tahliliy markazlari forumini ta’sis etish va uning birinchi uchrashuvini kelgusi yili Xivada o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.
Sammitlar kun tartibini tayyorlashda mamlakatlarimiz tashqi siyosat idoralari rahbarlarining yillik uchrashuvlari muhim rol o‘ynashi qayd etildi.
Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan investitsiyaviy va texnologik sheriklikni kuchaytirish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya o‘rtasidagi investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish, mintaqada qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklarini faol jalb etish, "Markaziy Osiyo va Germaniya" Investorlar va tadbirkorlar kengashini tuzish, shuningdek, investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha ko‘p tomonlama hukumatlararo bitimni qabul qilish imkoniyatlarini o‘rganish taklif etildi.
Germaniyaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida o‘ta muhim xomashyo resurslari sohasidagi hamkorlik istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi.
- Bu o‘rinda gap geologiya razvedkasi, jadal o‘zlashtirish, qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga yetkazib berish loyihalari haqida bormoqda, - dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekiston bunday loyihalarni qo‘shni davlatlarda birgalikda amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekani bildirdi.
Bundan tashqari, mintaqada aniqlangan o‘ta muhim minerallar va nodir metallar konlarining raqamli xaritalarini yaratish dasturini amalga oshirishda Germaniyaning texnik ko‘magini jalb qilishdan manfaatdorlik bildirildi. Bunday hamkorlikning ishonchli huquqiy bazasini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
"Yashil" energetika sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda.
- So‘nggi yillarda mamlakatlarimizda quyosh, shamol, gidroenergetika faol rivojlanmoqda, issiqlik stansiyalari va tarmoqlari modernizatsiya qilinmoqda, “yashil” vodorod loyihalari ilgari surilmoqda, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Davlatimiz rahbari energetika vazirliklari, yirik korporatsiyalar, operatorlar, ilmiy tashkilotlar va soha mutaxassislarini jalb qilgan holda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Germaniya bilan Energetika muloqotini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
Germaniya texnik ko‘magini jalb qilgan holda kam uglerodli iqtisodiyot sohasida mutaxassislar salohiyatini oshirish bo‘yicha kompleks dasturni tayyorlashga qiziqish bildirildi.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi birgalikda kurashish alohida dolzarblik kasb etgan.
Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo universiteti negizida atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy almashinuvlarni kengaytirish, shuningdek, Germaniyaning suvdan oqilona foydalanish texnologiyalarini joriy etish, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, ekolog mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik dasturlarini qabul qilish taklif etildi.
Germaniya Kansleri tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyo tabiat hamkorligini yo‘lga qo‘yish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash va uni amalda ro‘yobga chiqarishda faol ishtirok etishga tayyorlik bildirildi.
- Transport kommunikatsiyalarining, jumladan, yer usti va havo tashuvlarining zaif rivojlanganligi sherikligimizni chuqurlashtirishda eng katta to‘siq bo‘lmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan Prezidentimiz Germaniya tomonini Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirishga Yevropa institutlarini jalb qilishda ko‘maklashishga chaqirdi.
Davlatimiz rahbari 2025 yilda bunday yo‘nalishlarning tranzit salohiyatini oshirish yo‘llarini izlash bo‘yicha vazirlar konferensiyasini o‘tkazishni taklif etdi.
O‘zbekiston Prezidenti madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, qo‘shma Madaniy tadbirlar rejasini qabul qilish, Germaniyaning yirik shaharlarida Markaziy Osiyo san’ati va kinosi kunlarini o‘tkazish, muzeylarning o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi.
Ilmiy-ta’lim almashinuvi sohasida yetakchi oliy ta’lim muassasalarining hamkorlik platformasini ishga tushirish, Gyote instituti va Germaniyaning boshqa tashkilotlarini jalb etgan holda dual ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish dasturlarini ishlab chiqish, nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Germaniya bilan terrorizm, ekstremizm va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, yoshlar radikallashuvining oldini olish masalalarida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
O‘zbekiston rahbari Markaziy Osiyoda xavfsizlik sohasidagi vaziyat Afg‘onistonda ro‘y berayotgan jarayonlar bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidladi.
- O‘z muammolari bilan deyarli yakka o‘zi qolgan ushbu mamlakatda gumanitar inqirozning chuqurlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim, deb hisoblaymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlari bilan birigalikda Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka jalb qilish va chegaradosh Termiz shahridagi Ta’lim markazi negizida Afg‘oniston tinch hayoti uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar, shu jumladan xotin-qizlarni tayyorlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirdi.
Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Germaniya Kansleri ham so‘zga chiqdi.
Tadbir yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.