17.09.2024
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Sizlarni qutlashdan chin dildan mamnunman.
Samimiy qabul va uchrashuvimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
Germaniya Federal kansleri hurmatli Olaf Shols Janobi Oliylariga mintaqamiz mamlakatlari bilan ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish tarafdori ekanligi uchun tashakkur izhor qilaman.
Bizning Berlindagi ilk uchrashuvimiz va bugungi sammit ochiq va konstruktiv muloqotimizni davom ettirish, aniq, amaliy natijalarga erishishga bo‘lgan umumiy intilishimizni yana bir bor tasdiqlamoqda.
Biz ilgari surilayotgan tashabbuslar ekspertizasi va ularni amalga oshirish mexanizmlarini shakllantiradigan mana shunday formatdagi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borishdan manfaatdormiz.
Hurmatli Federal kansler Janobi Oliylari!
Biz Germaniyaning mamlakatlarimizda olib borilayotgan demokratik o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, Markaziy Osiyodagi hamkorlik va integratsiyani qat’iy hamda o‘zgarmas qo‘llab-quvvatlashini yuksak qadrlaymiz.
Shuni alohida ta’kidlaymanki, bizning munosabatlarimiz chuqur tarixiy ildizlarga ega. XVIII asrdayoq Yevropadagi Ma’rifatparvarlik davrining buyuk bastakori Gendel o‘z ijodining shoh asarlaridan biri bo‘lgan “Amir Temur” operasini yaratgan. Buyuk shoir va faylasuf Gyote o‘zining bir qator mashhur asarlarini sivilizatsiya markazlari bo‘lgan qadimiy shaharlarimizga bag‘ishlagan.
Yana bir tarixiy misolni keltiraman. XX asr boshida Markaziy Osiyoning bir guruh iste’dodli, taraqqiyparvar yoshlari Germaniyaning yetakchi universitetlarida tahsil olishgan va keyinchalik ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ilgari surish, mintaqamiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga katta hissa qo‘shganlar.
Ta’kidlamoqchimanki, biz bugun Germaniyani barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy maqsadlarga erishishda muhim hamkorlarimizdan biri sifatida ko‘ramiz.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan chuqur, fundamental o‘zgarishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Biz ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘ydik, chegara, suv, energetika, savdo, tranzit bilan bog‘liq ko‘plab muammolarni mustaqil hal qilayapmiz.
Yaqinda bu yerda, Ostona shahrida mintaqa davlatlari rahbarlarining oltinchi uchrashuvini o‘tkazdik.
Mintaqaning xalqaro subyekt sifatidagi o‘rni mustahkamlanmoqda, jahonning yetakchi mamlakatlari bilan “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi hamkorligi kengaymoqda.
Mintaqa ichidagi savdo aylanmasi, investitsiyalar, yuk tashuvlari, fuqarolarimizning sayyohlik tashriflari ko‘rsatkichlari bir necha barobar o‘sdi.
Biz “yashil” energetika va transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishni muhokama qilayapmiz.
Tajriba va texnologiyalarni almashyapmiz, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida zamonaviy korxonalar tashkil etayapmiz, kooperatsiya loyihalarini rag‘batlantirish bo‘yicha moliyaviy vositalarni joriy qilayapmiz.
Eng muhimi, mintaqamizning ertangi kuni, uning xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti faqat bizning siyosiy irodamiz va sa’y-harakatlarimizga bog‘liq ekanini aniq tasavvur qilmoqdamiz.
Biz yevropalik sheriklarimiz, eng avvalo, Yevropa Ittifoqining mamlakatlarimiz bilan hamkorlik bo‘yicha strategiya va ko‘p tomonlama dasturlarining asosiy tashabbuskori bo‘lgan Germaniyaning qiziqishlarini samimiy olqishlaymiz.
Kelgusi yili “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi navbatdagi sammitni O‘zbekistonda, mintaqa kelajagiga investitsiyalar kiritishni uchrashuvimiz kun tartibidagi asosiy mavzu sifatida belgilagan holda, o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayapmiz.
Hurmatli hamkasblar!
Mojarolar va urushlar, umuman, global miqyosdagi beqarorlik va vaziyat qaysi tomonga o‘zgarishi noaniq bo‘lib qolayotgani, sanksiyalar siyosati, proteksionizmning kuchayishi va boshqa ko‘plab omillar mamlakatlarimizga haddan tashqari salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, milliy islohotlarimizni amalga oshirishda jiddiy sinovga aylanmoqda.
Kechagina hurmatli Olaf Shols Janobi Oliylari bilan Samarqanddagi muzokaralarimiz chog‘ida men bugungi uchrashuvimizdan kutayotgan yuksak natijalar haqida fikr almashdim.
Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoda Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha qarashlarimizni bayon etishni istar edim.
Birinchi. Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasidagi mintaqa barqarorligi, barqaror rivojlanishi va farovonligini ta’minlash bo‘yicha umumiy manfaatlarimizga javob beradigan strategik mintaqaviy hamkorlikni yuksak qadrlaymiz.
Ustuvor sohalarda dasturiy tadbirlarni qamrab olgan, uzoq muddatga mo‘ljallangan Hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Ushbu hujjatni ishlab chiqish uchun “Markaziy Osiyo – Germaniya” tahlil markazlari forumini ta’sis etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qilamiz. Uning birinchi majlisini kelgusi yili nemis-mennonitlarining katta jamoasi yashagan mintaqadagi qadimiy shaharlardan biri – Xivada o‘tkazishga tayyormiz.
Shuningdek, sammitlarimiz kun tartibini tayyorlashda mamlakatlarimiz tashqi siyosat idoralari rahbarlarining yillik uchrashuvlariga muhim ahamiyat qaratamiz.
Ikkinchi. Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan investitsiyaviy va texnologik sheriklik.
Shuni ta’kidlashni istardimki, O‘zbekistonda nemis kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan va istiqbolli loyihalar umumiy portfeli 20 milliard yevrodan oshadi. Ular energetika, kimyo va tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Sheriklarimiz orasida Germaniyaning yetakchi, jumladan, “Siemens”, “Linde Group”, “BASF”, “MAN”, “Claas”, “Henkel”, “Knauf” kompaniyalari va boshqa ishlab chiqaruvchilari so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 6 milliard yevro sarmoya kiritdi.
Bugun bizda nemis biznesi vakillari bilan istiqbolli rejalarni muhokama qilish imkoniyati bo‘ladi.
Ishbilarmonlikka doir hamkorlikni rivojlantirish maqsadida quyidagilarni taklif etaman: Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya sarmoyaviy va texnologik hamkorligini kengaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish; chegara hududlarida tashkil etilayotgan maxsus iqtisodiy va sanoat zonalaridagi loyihalar, mintaqaviy ahamiyatga ega yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga yetakchi nemis kompaniyalari va banklarini jalb etish; doimiy biznes-muloqot maydonchasi – “Markaziy Osiyo va Germaniya” investor va tadbirkorlari kengashini ishga tushirish. Uning birinchi uchrashuvini kelgusi yili O‘zbekistonda, Toshkent investitsiya forumi doirasida o‘tkazishga tayyormiz; investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama hukumatlararo bitimni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish.
Uchinchi. Germaniyaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida muhim xomashyo resurslari sohasida sheriklik.
Ta’kidlab o‘tilganidek, mintaqamiz foydali qazilmalarga boy. Germaniya mineral resurslar agentligi va nemis kompaniyalari bu sohada bizning muhim sheriklarimiz bo‘lishi mumkin. Bu o‘rinda gap geologik razvedka, konlarni jadal o‘zlashtirish, qayta ishlash va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga mahsulot yetkazib berishni tashkil etish borasidagi loyihalar haqida bormoqda. O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlarda bunday loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor.
Mintaqamizda aniqlangan muhim xomashyo va nodir metallar konlarining raqamli xaritasini yaratish bo‘yicha dasturni ishlab chiqishda Germaniya texnik ko‘magini jalb etish istiqbolli hisoblanadi. Shuningdek, bu sohadagi hamkorlikning ishonchli huquqiy bazasini shakllantirish muhim deb hisoblaymiz.
To‘rtinchi. “Yashil” energetika.
So‘nggi yillarda mintaqamizdagi barcha mamlakatlar quyosh, shamol va suv energetikasini faol rivojlantirmoqda, issiqlik stansiyalari va tarmoqlarini modernizatsiya qilmoqda, “yashil” vodorod loyihalarini ilgari surmoqda.
Energetika vazirliklari, korporatsiyalar, operatorlar, ilmiy tashkilotlar, loyiha institutlari va tarmoq ekspertlarini jalb etgan holda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Germaniya bilan Energetika sohasidagi muloqotini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.
Biz Germaniya texnik ko‘magini jalb etgan holda Kam uglerodli iqtisodiyot sohasida mutaxassislar salohiyatini oshirish bo‘yicha kompleks dasturni tayyorlashdan manfaatdormiz.
Beshinchi. Iqlim o‘zgarishlariga birgalikda javob qaytarish.
Ekspertlarning bashoratiga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasi global isish oqibatlari oldida hammadan ko‘ra zaif bo‘lib qolaveradi. Mintaqada o‘rtacha haroratning oshishi jahondagi umumiy ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘proq bo‘ladi.
Germaniya tomoniga “Yashil Markaziy Osiyo” dasturining ikkinchi fazasi ishga tushirilgani, ekologik loyihalarni amalga oshirishda ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildiramiz. Biz Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universiteti bazasida qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy almashuvlarni amalga oshirish, suvdan oqilona foydalanishda nemis texnologiyalarini joriy etish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, bioxilma-xillikni saqlash, mutaxassis-ekologlarni tayyorlashda hamkorlik dasturlarini qabul qilishdan manfaatdormiz.
Germaniya Kanslerining Markaziy Osiyo tabiat hamkorligini yaratish borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz va amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyormiz.
Oltinchi. Transport kommunikatsiyalari, shu jumladan, yer usti va havo tashuvlari yaxshi rivojlanmagani hamkorlikni chuqurlashtirishda eng katta to‘siq bo‘lmoqda.
Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirish borasida Yevropa institutlarini jalb etishda Germaniyaning ko‘magiga umid qilamiz. Kelgusi yilda bunday yo‘nalishlar tranzit salohiyatini oshirish yo‘llarini topish bo‘yicha vazirlarning qo‘shma konferensiyasini o‘tkazishni taklif etamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
O‘tgan yili Berlin Yangi muzeyida tashkil etilgan mintaqamiz madaniy-tarixiy merosi ko‘rgazmasi bunday tadbirlarni doimiy ravishda o‘tkazishga katta ehtiyoj mavjud ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Ko‘rgazmaning bir necha oylik faoliyati davomida Germaniya poytaxti aholisi va mehmonlaridan yarim milliondan ortig‘i tashrif buyurdi.
Biz mamlakatlarimizda Madaniy tadbirlar qo‘shma rejasi qabul qilinishi tarafdorimiz, Germaniyaning yirik shaharlarida Markaziy Osiyo san’ati va kinosi kunlarini o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni, muzeylar hamkorligini yo‘lga qo‘yishni taklif etamiz.
Ilmiy-ma’rifiy almashuvlar sohasida yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamkorligi uchun platformani ishga tushirish, dual ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Gyote instituti va Germaniyaning boshqa tashkilotlarini jalb qilgan holda nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha dasturlar ishlab chiqishni dolzarb vazifa, deb hisoblaymiz.
Shu yilning yozida Gyottingen shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon olimpiadasida o‘zbekistonlik maktab o‘quvchisi erishgan g‘alaba ham yoshlarimizning nemis tilini o‘rganishga bo‘lgan katta qiziqishidan dalolat beradi.
Hurmatli hamkasblar!
Terrorizm, ekstremizm va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, yoshlarning radikallashuvining oldini olish bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirish muhim, deb hisoblaymiz.
Markaziy Osiyoda xavfsizlik sohasidagi vaziyat Afg‘onistonda ro‘y berayotgan jarayonlar bilan uzviy bog‘liqdir.
O‘z muammolari bilan deyarli yakka o‘zi qolgan bu mamlakatda gumanitar inqirozning yanada chuqurlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim, deb hisoblaymiz.
Shu munosabat bilan Germaniya va Yevropadagi boshqa sheriklarimiz bilan ushbu mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka jalb etish, chegara yonida joylashgan Termiz shahridagi ta’lim markazida Afg‘onistonning tinch hayoti uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar, jumladan, xotin-qizlarni tayyorlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.
So‘zimning yakunida shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, O‘zbekiston Germaniyaning Markaziy Osiyo mintaqasi bilan ko‘p qirrali hamkorlik bo‘yicha salohiyati yanada to‘liqroq ro‘yobga chiqishidan manfaatdor.
Ishonchim komil, bugungi uchrashuvimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi, strategik sherikligimizni aniq loyiha va dasturlar bilan to‘ldirish imkonini beradi.