27.08.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni energiya tejamkorligini ta’minlash, muqobil quvvatlardan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakatimizda energiya resurslariga talab yildan yilga oshib bormoqda. Bunga mos ravishda yangi stansiyalar qurilib, manbalar ko‘paytirilmoqda.
Shu bilan birga, joriy yil boshida hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan edi. Davlatimiz rahbarining iyulda Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu rejani ilmiy asoslangan holda 2 baravar oshirib bajarish yo‘llari ko‘rsatib o‘tildi.
Shundan so‘ng, Farg‘ona politexnika instituti olimlari tomonidan Farg‘ona tumanidagi elektr iste’moli o‘rganildi. Misol uchun, 4,6 ming xonadon va 233 ta tadbirkorga xizmat qiladigan “Log‘on” podstansiyasidagi yillik yo‘qotish 5 million kilovatt soatni tashkil qiladi. Bu – tabiiy yo‘qotish uchun belgilangan me’yordan 1,5 baravar ko‘p.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur podstansiyadan elektr oladigan 113 ta transformatordagi yuklamani teng taqsimlash orqali 765 ming kilovatt soat yo‘qotishning oldini olish mumkin. Eng muhimi, bunga xarajat talab qilinmaydi. Tuman elektr korxonasida boshqaruv to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa bo‘ldi.
Yoki suv nasoslariga xizmat ko‘rsatuvchi 44 ta transformatorga reaktiv quvvat batareyalari o‘rnatilsa, yo‘qotish yiliga 1,1 million kilovatt soatga kamayadi, xarajat bir yilda o‘zini oqlaydi.
Umuman, Farg‘ona tumanidagi 14 ta podstansiyada 15,5 million kilovatt soat yoki yiliga o‘rtacha 6 milliard so‘mlik ortiqcha yo‘qotish hisob-kitob qilingan. Ish yuqoridagidek omilkorlik bilan tashkil qilinsa, elektrdan iqtisod qilish rejasini bajarish mumkin.
Mamlakatimiz bo‘yicha 1 ming 800 ta shunday podstansiya va 100 mingga yaqin transformator bor. Mutasaddilarga ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilib, energiyani tejash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Qoraqalpog‘istonda gazni tejash bo‘yicha yaxshi natija bor. Hozirgacha 95 mingta xonadondagi eskirgan “gorelka” energiya tejamkoriga almashtirilgani va isitish tizimi izolyatsiya qilingani hisobiga, yiliga 145 million kubmetr gaz iqtisod bo‘layapti. Yana 16 ming ehtiyojmand oilaga mahalliy budjet hisobidan shunday pechlar qo‘yib berish boshlangan. Bu orqali 20 million kubmetr gaz iqtisod qilinib, ehtiyojmand aholi ixtiyorida 12 milliard so‘m qoladi.
Shu tarzda, yurtimizdagi 1 million xonadon isitish tizimini energiya tejamkoriga almashtirish vazifasi qo‘yildi.
Yurtimizda 2 ming 349 ta yirik gaz iste’molchisi bor. Ularning orasida omilkorlari ham ko‘p. Masalan, Ohangarondagi kafel ishlab chiqaruvchi korxona o‘zidan chiqqan issiqlikdan qayta foydalanish texnologiyasini joriy qilgan. Lekin, yirik iste’molchilarning bor-yo‘g‘i 25 foizida zamonaviy gaz tejovchi uskunalar o‘rnatilgan.
Davlatimiz rahbari bunga alohida to‘xtalib, viloyat hokimliklari va Energoinspeksiya mana shunday masalalar bilan shug‘ullanishi kerakligini ta’kidladi. Yirik gaz iste’molchisi bo‘lgan korxonalarda ilmiy-texnik asoslar bilan energiya tejamkor texnologiyalar o‘rnatish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ma’lumki, shu yil 23-avgustdagi Prezident farmoniga asosan, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi – O‘zenergoinspeksiya Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazildi. Bu uning imkoniyatlari va ish samaradoriligini oshiradi.
Endi shunday ishlarni eng yirik elektr iste’molchilari bo‘yicha ham qilish kerakligi aytildi.
Bu borada ijobiy tajribalar bor. Misol uchun, “Amu-Buxoro” kanaliga 100 Megavattli quyosh stansiyasi o‘rnatildi. Buning natijasida tarmoqdan olinadigan energiya miqdori 30 foizga yoki 200 million kilovattga qisqardi. Yana shuncha quvvat ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Bu bejiz emas. Jami elektr iste’molining 10-11 foizi suv xo‘jaligi korxonalariga to‘g‘ri keladi. Shu bois kelgusi uch yilda suv xo‘jaligi inshootlarida elektr iste’molini kamida 25 foizga qisqartirish vazifasi belgilandi.
Energiya samaradorligini ta’minlashda yana bir manba bu – quyosh. Masalan, Oltiariqdagi tadbirkor 300 kilovattli quyosh paneli o‘rnatib, yiliga 540 ming kilovatt soat yoki 486 million so‘mlik elektrni o‘zi ishlab chiqarayapti.
Bu yil aholiga 182 Megavatt, tadbirkorlarga 791 Megavatt quvvatli muqobil energiya uskunalari o‘rnatish rejalashtirilgan. Lekin ayrim viloyatlarda bu boradagi ishlar sust ekani ko‘rsatib o‘tildi. Tegishli mutasaddilar qat’iy ogohlantirildi.
– Muqobil energiya manbalarini o‘rnatish bu – davlat siyosati, – dedi Prezident.
Yig‘ilishda viloyat hokimlari, energetika tarmoqlari rahbarlari hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash chora-tadbirlari yuzasidan hisobot berdi.