23.08.2024
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev o‘tkazilgan muzokaralar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.
Davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda tarixiy voqea bo‘lganini katta mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifning asosiy natijalaridan biri sifatida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani alohida qayd etdi. Bu, O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlaganidek, davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda yangi sahifa ochilganini anglatadi va tomonlarning ko‘p qirrali sheriklikni har taraflama rivojlantirishga qat’iy sodiqligini tasdiqlaydi.
Tashrif davomida ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish bo‘yicha yangi takliflarni ishlab chiqish va amalga oshirishning samarali mexanizmi bo‘lishi ko‘zda tutilgan Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi ham bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Prezidenti yil boshidan buyon Hukumatlararo komissiya majlislari, siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlar, parlament a’zolari uchrashuvlari, hududlar forumi, shuningdek, bir qator madaniy va ishbilarmonlik tadbirlari o‘tkazilgani ushbu sammit muvaffaqiyatining poydevori bo‘lganiga e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston qardosh Ozarbayjonning ulkan yutuqlaridan xursand.
Davlatimiz rahbari qardosh mamlakatda iqtisodiyot, sanoat jadal rivojlanib, aholi turmush darajasi yaxshilanayotganini ta’kidladi. Ilhom Aliyevni Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tiklangani va azaliy ozarbayjon yerlari qaytarilgani bilan yana bir bor muborakbod etdi.
Ijtimoiy infratuzilma va ishlab chiqarish obyektlari faol qurilayotgan Qorabog‘ qayta tiklanayotganiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Ozarbayjonni bu olijanob ishda bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
- Ozarbayjon bizning muhim strategik hamkorimiz va ittifoqchimizdir. Bizni mushtarak tarixiy ildizlarimiz va ko‘p asrlik do‘stligimiz, yagona din, o‘xshash madaniyat va an’analar bog‘lab turadi. Bularning barchasi har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda, - dedi O‘zbekiston rahbari.
Muzokaralar chog‘ida Prezidentlar ko‘p qirrali munosabatlarning barcha yo‘nalishlarini, jumladan, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va madaniyat sohalarini muhokama qildilar.
Tomonlar siyosiy muloqotni mustahkamlash, ko‘p tomonlama platformalarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, parlamentlar, hukumatlar, tarmoq idoralari va hududlar darajasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan kelgusi yilni O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy kooperatsiya yili deb e’lon qilish hamda 20 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha dastur qabul qilishga ahdlashildi.
Kuni kecha biznes forumi samarali o‘tgani, unda o‘nlab shartnoma va bitimlar imzolangani qayd etildi. Ushbu kelishuvlar doirasida mehmonxona, to‘qimachilik klasterlari, tikuvchilik fabrikasini barpo etish, qurilish materiallarini ishlab chiqarish kabi muhim loyihalar amalga oshiriladi.
Uchinchi mamlakatlardagi istiqbolli loyihalarda birgalikda ishtirok etish bo‘yicha ishlanmalar mavjudligi aytildi. Shu ma’noda, bunday loyihalarni ilgari surish maqsadida tashkil etilgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.
Transport bog‘liqligini, shu jumladan Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yetakchilar "yashil" energiya ishlab chiqarish va uni Ozarbayjon orqali Yevropa mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha keng ko‘lamli mintaqaviy loyihani amalga oshirishni tezlashtirishga kelishib oldilar.
Hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish maqsadida bu bo‘yicha "yo‘l xaritasi" qabul qilinadi, shuningdek, Qo‘qon shahrida navbatdagi hududlar forumi o‘tkaziladi.
Davlat rahbarlari madaniyat, yoshlar va axborot siyosati, ilm-fan, ta’lim va sport sohalarida muloqot va almashinuvlarni kengaytirishga kelishib oldilar.
Mamlakatlarimizda har yili o‘zaro madaniyat va kino kunlarini, ijodiy jamoalarning ko‘rgazma va safarlarini o‘tkazish an’anasi endilikda nafaqat poytaxtlarda, balki aholining asosiy qismi istiqomat qilayotgan hududlarda ham davom ettiriladi.
Estrada san’atining afsonaviy yulduzlari Farruh Zokirov va Po‘lat Bulbul o‘g‘lining yuksak xizmatlari e’tirofi sifatida Prezidentlar ularga ikki mamlakatning “xalq artisti” faxriy unvonlarini berishga qaror qildilar.
Yakunda davlatimiz rahbari ozarbayjonlik hamkasbiga taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik izhor etdi. Samarali muzokaralar natijalari O‘zbekiston-Ozarbayjon aloqalarini yanada rivojlantirishga kuchli turtki berishiga hamda qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.