19.08.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining Qoraqalpog‘iston filialini borib ko‘rdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlanib bormoqda. Yetti yil oldin yurtimizda IT kompaniyalari soni 147 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 2 mingtadan oshdi. Ularda 30 ming nafar xodim yuqori daromadli ish bilan band. 70 ming nafardan ziyod yoshlar IT bilan mustaqil shug‘ullanayapti.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida shu sohada eksport hajmini 5 milliard dollarga yetkazish va 300 ming nafar yoshni ish bilan band qilish rejalashtirilgan. Chekka hududlarda ham IT-shaharchalar tashkil etishga kirishilgan.
Xususan, Qoraqalpog‘istonda IT-park rezidentlari soni o‘tgan yil yakuniga nisbatan bugungi kunda uch barobarga oshib, 108 tani tashkil etdi. Ular tomonidan 310 nafar mutaxassis ish bilan ta’minlangan. 2024-yilning birinchi yarmida xizmatlar hajmi 2,4 barobarga, eksport hajmi esa 1,7 barobarga ko‘paydi.
Ta’lim rezidentlari tomonidan 25 ming nafar yosh va davlat xizmatchilari o‘qitilib, malakasi oshirildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida onlayn platforma orqali 2023-yilda 18 ming nafar yosh o‘qitilgan bo‘lsa, 2024-yilning shu kuniga qadar 29 ming nafar yosh o‘qitildi. Joriy yil 33 mingdan ziyod yoshga ta’lim berish rejalashtirilgan.
Bu natijalar yaratilgan sharoit in’ikosi. Davlatimiz rahbari 2021-yil hududga tashrifi chog‘ida IT-park uchun yangi bino qurish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shunga muvofiq, Nukus shahri markazida 17 qavatli zamonaviy bino bunyod etildi. Bu yerda IT-ta’lim va kovarking markazlari, ofislar, konferensiya zali va xizmat xonalari mavjud. Shuningdek, binoga IT-park rezidentlari, sohada faoliyat olib borayotgan investorlar, chet ellik autsorsing korxonalar joylashtiriladi.
Ilgari ikki qavatli binoda ochilgan IT-park bugun muhtasham majmuaga ko‘chgani rejalar ulkanligidan darak beradi.
Prezidentimizga binoda bajarilgan ishlar, sohadagi natijalar va rejalar haqida axborot berildi.
Masalan, avval AQSHning Amazon kompaniyasida ishlagan qoraqalpog‘istonlik Beknazar Abdikamalov yurtiga qaytib, o‘zining HUPO startapiga 4 million dollar sarmoya jalb qilgan. Davlatimiz rahbari u bilan suhbatlashib, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.
Davlatimiz rahbari IT-park rezidentlari, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar bilan muloqot qildi. Yoshlarning fikrlarini tinglab, takliflarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
– Bu sohada startaplarni hayotga tatbiq etsak, ham tarmoqlarda natijadorlik oshadi, ham davlat xarajati kamayadi, ham yoshlar uchun ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Binoda UZINFOCOM markazining filiali ham joylashgan. Markaz hudud yoshlarini uStudy dasturi orqali zamonaviy kasblarga o‘qitadi. Malakasi oshirilgan kadrlar o‘z sohasi bo‘yicha zamonaviy kompaniyalarga ishga joylashadi.
Prezident barcha hududlarda IT parklar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida shunday ko‘p qavatli binolar qurish zarurligini ta’kidladi.
– Ularda muhit shunday bo‘lishi kerakki, yoshlar o‘zini erkin his qilsin. Ovqatlanish, dam olish, sport va boshqa xizmatlar mujassam bo‘lsin. Binolar shaharlar markazida, yoshlarga qulay joyda bo‘lgani ma’qul, – dedi davlatimiz rahbari.
Mazkur IT-parkni Qoraqalpog‘iston tumanlaridagi maktablar bilan bog‘lab, sohaga qiziqqan yoshlarni o‘qitish, kelgusida yuqori daromadli ishlarga jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.