12.08.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-avgust kuni tumanlarni iqtisodiy rivojlantirish, muqobil energiya manbalarini joriy etish hamda sanoat korxonalari uchun jozibador sharoitlar yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ma’lumki, yurtimizda aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari yo‘lga qo‘yilgan. Yig‘ilish avvalida shu boradagi ishlarning natijadorligi ko‘rib chiqildi.
Masalan, Sayxunobod tajribasi bo‘yicha har bir mahallada 10 tadan mikroloyiha qilish vazifasi qo‘yilgan. Bu orqali respublikada jami 132 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 242 ming kishining bandligi ta’minlangan. Lekin 26 ta tumandagi 46 ta mahallada bu ishlar sust ketmoqda.
Uychi tajribasi asosida banklar mijozi bilan ishlab, respublika bo‘yicha 500 mingta yangi ish joyi ochilgan. Ammo 15 ta tuman va shaharda natija yetarli emas.
G‘ijduvon tajribasi mingta mahallada ko‘p qavatli sanoat binolari tashkil etish, Zarbdor tajribasi joylarda drayver loyihalar qilishga qaratilgan.
Ushbu 4 ta tuman tajribasi davlat siyosati ekani ta’kidlanib, ularni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga qattiq chora ko‘rilishi haqida ogohlantirildi. Umuman, tajribalarning har biri bo‘yicha mas’ullarga aniq “KPI” belgilanib, ijrosi ustidan qat’iy so‘rov bo‘lishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy mavzu Buxoro viloyati misolida tadbirkorlarga ko‘proq sharoit yaratish, har bir tumanni ixtisoslashtirish, energiyadan oqilona foydalanish haqida bo‘ldi. Yig‘ilishda hukumat a’zolari, iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari va boshqa viloyatlar hokimlari ham ishtirok etdi.
Shu yil 31-may - 1-iyun kunlari davlatimiz rahbari Buxoro viloyatida bo‘lgan edi. Tashrifdan so‘ng hududga 1,4 trillion so‘m ajratildi. Bugun tadbirkorlikka qo‘shimcha 60 million dollar, infratuzilmaga 40 million dollar ajratish bo‘yicha qaror imzolandi.
Yig‘ilishda Buxorodagi imkoniyatlar beshta yo‘nalishga bo‘lib tahlil qilindi hamda vazifalar belgilandi.
Shulardan birinchisi bu – xizmatlarni rivojlantirish.
Viloyatda 584 ta mehmon uylari, 122 ta umumiy ovqatlanish, 18,5 mingta savdo, 30 ta salomatlik va fitnes markazlari bor. Buxoroning taomlari mashhur, lekin har ming kishiga to‘g‘ri keladigan oshxona va restoranlar soni Samarqanddagidan 10 karra kam. 103 ta loyiha tashkiloti, 2 ming 372 ta qurilish tashkiloti ham to‘liq ishga solinmayapti. Hududlarning master rejasini ishlab chiqib, savdo va servis shoxobchalarini joylashtirish mumkin.
Shu bois Buxorodagi 62 ta massiv va 54 ta ko‘chada xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Ularning biri ovqatlanish, ikkinchisi salomatlik, boshqalari mehmonxona, hunarmandchilik, savdo va xizmatlarga ixtisoslashtiriladi. Jami 4 mingta tadbirkorlik tashkil qilinib, 6 ming aholining bandligi ta’minlanadi.
Davlatimiz rahbari sanoat zonalarida yer ajratishni yengillashtirish, bunga xizmat ko‘rsatishni ham qo‘shish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bundan buyon servis joylarini sotib olish uchun alohida kredit turi – “xizmat ipotekasi” yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda energiyadan oqilona foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Buxoroda 900 million kilovatt elektr va 400 million kub metr gazni iqtisod qilish imkoni borligi qayd etildi. Bu – umumiy iste’molning 20 foiziga teng. Jumladan, 42 ta yirik korxonada uskunalarni yangilab, 25 foizgacha elektr va gazni iqtisod qilish mumkin.
Eng katta iste’molchi – “Amu-Buxoro kanali”. Nasoslarni yangilash natijasida yiliga 200 million kilovatt yoki 204 milliard so‘m iqtisod qilinmoqda. Lekin bu kam.
Nasos stansiyalari hududida 100 megavattli quyosh stansiyasi va 100 megavattli saqlash tizimi o‘rnatilsa, umumiy tarmoqdan olinadigan elektrni 25 foiz kamaytirish, kunlik o‘rtacha tarifni 12,5 foizga pasaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, 200 ming ko‘chmas mulk binosida kamida 3 kilovattli quyosh paneli o‘rnatib, 600 megavatt quvvat yaratish imkoni bor. Bu bilan viloyat elektr iste’moli yana 20 foiz iqtisod bo‘ladi.
Shu bois Energetika vazirligi, viloyat va tuman mutasaddilariga yil yakunigacha 4 mingta inshootda quyosh panellari o‘rnatish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun ularni sotib olish imkoniyatlarini kengaytirish zarurligi aytildi.
Xususiy sektorni keng jalb qilgan holda, aholiga suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berish choralari belgilandi.
Buxoro viloyatida 3 ta yirik gaz-kimyo majmuasi, 10 ta quyosh va shamol stansiyasi qurilayapti. Ularda 1 milliard dollarlik ehtiyot qismga ehtiyoj bor. Lekin ko‘p klaster va korxonalar bir xil mahsulot ishlab chiqarib, yangisini yaratish ustida ishlamayapti.
Viloyatda 1,5 million tonna meva-sabzavot tayyorlanadi. Bu – Buxoro ehtiyojidan 2 barobar ko‘p. Lekin, ularning atigi 11 foizi qayta ishlanadi, 30 foizi tashishda isrof bo‘ladi. Viloyatni 4 ta kichik agrologistika markazi quvvati 66 ming tonna mahsulotni qayta ishlashga yetadi, xolos.
Shu bois Prezident har bir tumanni sanoat tarmoqlariga ixtisoslashtirish zarurligini ta’kidladi.
Masalan, Jondor tumanida uy tekstili bo‘yicha 3 mingga yaqin xotin-qizlarda yetarli tajriba bor. Vobkent tumanida voyish usulida uzum, gul va ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Buxoro tumanida 27 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatiga ega yangi korxona ishga tushgan.
Shu kabi har bir tuman ixtisoslashuvidan kelib chiqib, xomashyo, infratuzilma, kadr va bozor masalalarini qamrab olgan dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Bu reja va maqsadlarning ro‘yobi uchun professional kadrlar zarur. Lekin ko‘p hollarda kasbga o‘qitish mehnat bozoridagi talab va yoshlarning qiziqishini hisobga olmasdan, mavjud o‘qituvchilar doirasida amalga oshirilayapti. Yoshlarning atigi 2 foizi dual ta’lim shaklida o‘qitiladi, viloyatdagi 30 ming korxonadan 350 tasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, xolos. Oqibatda quvvati 28 ming o‘quvchi bo‘lgan kollej va texnikumlarga qabul 50 foizga yetmaydi.
Shuning uchun endi quvvatidan to‘liq foydalanmayotgan o‘quv binolari va xonalari tadbirkorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi. Tushgan mablag‘lar binolarni ta’mirlash va uskunalar xarid qilishga sarflanadi. Yagona shart – bu yerda yoshlarni kasbga o‘qitib, ishli qilish ekani ta’kidlandi.
Hududlarda ish yurishiga eng katta to‘siq – tuman tashkilotlaridagi o‘zibo‘larchilik kayfiyati. Xodimlarga “KPI” belgilanmagan, raqamlashtirish chala, yangiliklarga o‘qitish yo‘q. Shu bois vazirliklarga o‘z tizimida metodologiya, reglament va raqamlashtirishni tartibga solish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda Buxoro viloyati va tumanlar hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlarining axboroti eshitildi.