09.08.2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, faxriy mehmonlar sifatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, mintaqada ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, shuningdek, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida mintaqada birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
- Ochiq va samarali muloqotlarimiz, ilgari surilgan muhim tashabbuslar, ishga tushirilgan ko‘p tomonlama loyihalar va dasturlar, amalga oshirilgan ko‘plab qo‘shma tadbirlar va shu kabi boshqa harakatlarimiz mintaqa qiyofasini va imijini tubdan o‘zgartirdi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mintaqa mamlakatlari samarali hamkorlik qilib, muhim masalalarni hal eta boshlagani ta’kidlandi. O‘zaro savdo, investitsiyalar, yuk tashish hajmi, fuqarolarning tashriflari bir necha barobar oshdi. Xorijiy davlatlarning mintaqaga qiziqishi sezilarli darajada oshdi, "Markaziy Osiyo plyus" formatidagi turli uchrashuvlar shundan dalolat beradi.
- Bugun biz umummintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish jarayoni boshlangani haqida ishonch bilan aytishimiz mumkin, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Davlatimiz rahbari hamkasblarining mintaqaviy o‘zaro hamkorlik mexanizmlari va institutlarini ishga tushirish, jumladan, milliy koordinatorlar, tarmoq vazirliklari va idoralari vakillari uchrashuvlari bo‘yicha takliflarini qo‘llab-quvvatladi. Hozirgi bosqichda qabul qilinayotgan qarorlarni amalga oshirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun ta’sirchan vositalar kerakligini ta’kidladi.
- Mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish va uzoq muddatli sheriklik kun tartibini boyitish uchun Maslahat uchrashuvi formatini yanada takomillashtirish masalalarini birgalikda ko‘rib chiqish vaqti keldi, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Ushbu masalalar yuzasidan konseptual tavsiya va takliflar ishlab chiqish uchun Markaziy Osiyo ekspert forumining navbatdagi yig‘ilishini mamlakatimizda o‘tkazish taklif etildi.
Dunyodagi hozirgi vaziyatga to‘xtalib, O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo o‘zining geosiyosiy joylashuvi tufayli global ishonch inqirozi va mojarolar keskinlashuvining barcha salbiy oqibatlarini boshidan kechirayotganini qayd etdi.
An’anaviy savdo-transport zanjirlari buzildi, mintaqa mamlakatlari sanksiya siyosatining asiriga aylandi, logistika xarajatlari sezilarli darajada oshdi, inflyatsiya bosimi kuchaymoqda, jahon kapital bozoridagi imkoniyatlar qisqarmoqda, proteksionizm kuchaymoqda va yangi-yangi to‘siqlar paydo bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi bilan bog‘liq masalalar xalqaro kun tartibida ikkinchi darajaga tushib qoldi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining farovonligi ko‘p jihatdan umumiy sa’y-harakatlarga, yaqindan hamkorlik qilish, qat’iy choralar ko‘rish va mintaqa manfaatlarini birgalikda ilgari surishga tayyorlikka bog‘liq. Shu munosabat bilan strategik hujjat - Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
Global jarayonlarning Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishiga ta’siri tahlilidan kelib chiqib, O‘zbekiston Prezidenti mintaqada amaliy hamkorlikning qator ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Birinchi navbatda, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishning yangi drayverlari va modeli zarurligi ta’kidlandi.
- Mamlakatlarimiz tabiiy savdo sheriklari bo‘lib, milliy iqtisodiyotlarimiz bir-birini to‘ldiradi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bilan birga, bugungi kunda mamlakatlarimiz umumiy tovar aylanmasida mintaqaviy savdoning ulushi kichik. Mintaqada to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish yo‘lidagi to‘siqlar saqlanib qolmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish yaqin besh yilda o‘zaro savdo hajmini ikki barobar oshirish imkonini berishi ta’kidlandi.
Tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olish va reglamentlarni unifikatsiya qilish, bojxona operatsiyalari va fitosanitariya tartib-taomillarini raqamlashtirish, davlat xaridlaridan foydalanishni o‘zaro yengillashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish shular jumlasidan.
Yagona mintaqaviy bozorni shakllantirish uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategik maqsad bo‘lishi kerak.
Davlatimiz rahbari bu masalalarning barchasini ko‘rib chiqish uchun Iqtisodiy kengash - Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida muntazam uchrashuvlarni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.
O‘zbekiston kelgusi yilda ushbu uchrashuvning birinchisini qabul qilishga hamda uning doirasida Hududlar forumi va tarmoq konferensiyalari, sanoat salohiyati ko‘rgazma-yarmarkasi, eksport imkoniyatlari taqdimotlarini tashkil etgan holda Markaziy Osiyo biznes hamkorligi haftaligini o‘tkazishga tayyor.
Sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada muvaffaqiyatli misollar mavjud. Xususan, chegaraoldi hamkorlikka doir maxsus hududlar, zamonaviy avtomobillar, maishiy elektronika, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari, agrar va to‘qimachilik klasterlari, logistika markazlari va infratuzilma obyektlari mavjud.
- Biz kuchlarimizni birlashtirib, qisqa qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, yetakchi xalqaro kompaniyalardan investitsiya va texnologiyalarni jalb qilish, kooperatsiyaning yangi shakllarini joriy etish orqali mintaqani sanoatlashtirishning yagona xaritasini shakllantirishga erisha olamiz, - dedi davlatimiz rahbari.
Bu borada vazirlar darajasida Kengash ta’sis etish va dasturiy hujjat tayyorlash taklif etildi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo investitsiya kengashi, Innovatsion rivojlanish bankini ta’sis etish, qo‘shma investitsiya forumlarini muntazam o‘tkazib borish masalalari ham istiqbolli ekani ta’kidlandi.
Mintaqaviy transport-kommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishi sifatida qayd etildi. Mintaqaning geografik xususiyatlaridan kelib chiqib, tashqi savdo yuklarini tashish xarajatlarining ulushi tovarlar yakuniy qiymatining 50 foizigacha yetayotgani, bu esa jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan to‘rt-besh barobar yuqori ekaniga e’tibor qaratildi.
Shu munosabat bilan kelishilgan tarif siyosatini shakllantirish va o‘tkazish, milliy tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyoz va preferensiyalarni qo‘llash, transport tarmog‘i va infratuzilmasini modernizatsiya qilish, chegara punktlarining o‘tkazish qobiliyatini oshirish, transport sohasini raqamlashtirish masalalari tizimli yondashuvni talab qiladi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni muvofiqlashtirib borish zarurligi ta’kidlandi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari nafaqat asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishi, balki xalqaro bozorda mustahkam o‘rin egallashi mumkin.
Buning uchun qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish va suvni tejashning innovatsion texnologiyalarini joriy etish, hosildorlikni oshirish, chuqur qayta ishlashni rivojlantirish, seleksiya sohasidagi ilmiy ishlarni kuchaytirish, klaster va "aqlli" fermer xo‘jaliklarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Ushbu sohadagi Mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish maqsadida joriy yil sentyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro forum doirasida mintaqa qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvini o‘tkazish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari iqlim o‘zgarishi muammolariga alohida e’tibor qaratdi. Harorat ko‘tarilishi, muzliklar erishi, toshqinlar, qurg‘oqchiliklar, chang bo‘ronlari va boshqa ko‘plab tabiat hodisalari jiddiy talafotlar yetkazishda davom etmoqda.
- Joriy yilning noyabr oyida Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan Iqlim sammiti davomida mamlakatlarimiz yagona pozitsiya bilan chiqishlari mumkin. Bu o‘rinda so‘z xalqaro jamoatchilik, fondlar va donorlik tashkilotlari e’tiborini ushbu o‘tkir muammolar, jumladan, Orol fojiasiga yechim topishga qaratish maqsadida mintaqadagi ekologik vaziyat haqida qo‘shma taqdimot o‘tkazish haqida ketmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish bo‘yicha kompleks dastur va Transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish va qabul qilish taklif etildi.
Energetika sohasidagi hamkorlik mintaqa mamlakatlari hamkorligining asosiy yo‘nalishi sifatida qayd etildi. Bugungi kunda mintaqaviy miqyosda elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish va uni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish bo‘yicha qator strategik loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, atom energetikasini rivojlantirish, uglevodorodlar yetkazib berishni ko‘paytirish rejalari ham bor.
O‘zbekiston Prezidenti mintaqa mamlakatlari parlamentlari o‘rtasidagi samarali almashinuvlarni rivojlantirishga yuqori baho berdi va buni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shu munosabat bilan navbatdagi Parlamentlararo forumni kelgusi oyda Xiva shahrida o‘tkazishni taklif qildi.
Gumanitar sohadagi hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, davlatimiz rahbari “madaniy-tarixiy merosning umumiyligini hisobga olgan holda, xalqlarimizning mintaqa kelajagi uchun daxldorligi, birdamligi, umumiy mas’uliyatni anglashini kuchaytirishga katta e’tibor berish lozim"ligini ta’kidladi.
"Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak" xalqaro media platformasining tez fursatda ishga tushirilishi bu borada muhim amaliy qadam bo‘ladi.
Mintaqa xalqlarining o‘zaro bir-birini tushunishi va birdamligini yanada mustahkamlash maqsadida mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirishning amaliy jihatlariga bag‘ishlangan ilmiy forum o‘tkazish taklif etildi.
Innovatsion g‘oyalar va loyihalar mintaqaviy tanlovining muntazam o‘tkazilishi "Markaziy Osiyo yoshlari kun tartibi - 2030"ni ilgari surish va yosh avlodni hamkorlik dasturlariga jalb etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Markaziy Osiyo ta’lim va akademik almashuv dasturini qabul qilish va yetakchi oliy o‘quv yurtlarining diplomlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, iqtidorli talabalari o‘qishi uchun o‘zaro kelishuvlar asosida stipendiyalar ajratish muhimligi qayd etildi.
Ushbu masalalarni atroflicha muhokama qilish uchun oktyabr oyida Toshkent shahrida birinchi Markaziy Osiyo ta’lim forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mintaqaviy sheriklikning yangi drayveri sifatida turizm sohasi belgilandi. Turizm almashinuvini kengaytirish maqsadida milliy ID-kartalarni o‘zaro tan olish masalasini o‘rganish va "bitta tur - butun mintaqa" tamoyili asosida ommaviy turizm mahsulotlarini ishlab chiqish taklif etildi.
So‘zining yakunida Prezidentimiz Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning 2040-yilgacha mo‘ljallangan konsepsiyasi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi hamda Markaziy Osiyoda strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitimni tayyorlashni taklif qildi.
O‘zbekiston rahbari ushbu uchrashuvning samarali natijalari Markaziy Osiyoda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari yanada mustahkamlanishiga, mintaqa xalqlari farovonligi yo‘lida amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini kelgusi yilda bo‘lib o‘tadigan yettinchi sammitda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga taklif qildi.