11.07.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qo‘qon universitetida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan ushbu ta’lim maskani 6 ming 400 o‘ringa mo‘ljallangan. O‘quv binolari, 500 o‘rinli 2 ta talabalar turar joyi hamda axborot-kutubxona markazida yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Talabalarga 233 nafar professor-o‘qituvchi saboq bermoqda.
Bu yerda xorijiy universitetlar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 80 ga yaqin xorijiy universitet bilan shartnomalar imzolangan. Universitet Turkiy tilli davlatlar universitetlari kengashi a’zosi. O‘tgan o‘quv yilida Kengashning ta’lim grantlari asosida 22 nafar o‘qituvchi Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘istonda malaka oshirib qaytdi. 15 nafar xorijlik o‘qituvchi esa Qo‘qon universitetida malaka oshirdi.
Hududda olti qavatli, ikki ming o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosi qurilmoqda. Bu yerda o‘quv xonalari, fan laboratoriyalari, tipografiya joylashadi. Shuningdek, ikki qavatli “Yoshlar IT akademiyasi” barpo etilmoqda. Ularni shu yil sentyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
2022-yilda universitetning turizm fakulteti uchun ming o‘rinli yangi bino barpo etilgan.
Davlatimiz rahbari milliy uslubdagi ushbu majmuani ko‘zdan kechirdi. Xorijdan professorlarni taklif etib, dual ta’lim tizimini keng qo‘llash, turizm tashkilotlari buyurtmasi asosida talabalarni maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlandi. Bu sohada yetuk nazariy va amaliy bilimlarga ega kadrlar ishlashini ta’minlaydi.
Shu yerda Farg‘ona turizm halqasini yaratishga oid konsepsiya taqdimot qilindi.
O‘tgan yili Farg‘onaga 430 ming xorijiy turist kelgan. Lekin viloyatning tarixi, so‘lim tabiatiga nisbatan qaralsa, bu kam.
Farg‘ona turizm halqasidan maqsad xorijiy va mahalliy turistlarning viloyatda qolish muddatini 3 kundan 7 kungacha uzaytirish, tashrif obyektlari sonini 2 barobar oshirishdir. Buning uchun Farg‘ona, Oltiariq, Quva, Uchko‘prik tumanlaridagi diqqatga sazovor joylar turizm yo‘nalishlariga kiritiladi. Umuman, halqada 577 ta maskan bo‘ladi, 50 dan ortiq savdo-xizmat turlari taqdim etiladi.
Prezidentimiz universitet yonidagi Tepaqo‘rg‘on arxeologiya yodgorligini ham ko‘zdan kechirdi.
Yodgorlik shahar yoshini aniqlagani hamda qadimgi o‘rda o‘rnida joylashgani bilan ahamiyatlidir. Ya’ni bu yer Qo‘qon shahrining eng qadimiy asosidir.
Xo‘qand milodiy era boshlarida nafaqat yirik shahar, balki kichik davlat poytaxti bo‘lgan. U haqda ko‘plab tarixiy manbalarda yozilgan. Qo‘rg‘on xarobaga aylangach, uzoq yillar davomida qabriston bo‘lgan. Bu yerda ko‘plab alloma, adib va mudarrislar dafn etilgan.
Ushbu yodgorlik 2019-yilda moddiy madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. 2022-yilda olib borilgan arxeologik qazuv ishlari natijasida yodgorlik arkining tuzilishi aniqlangan.
Davlatimiz rahbari mazkur arxeologik yodgorlikni rekonstruksiya va konservatsiya qilib, "ochiq osmon ostidagi muzey"ga aylantirish tashabbusini bildirdi.
- Ziyorat o‘zi xayrli ish. Lekin millat tarixini ziyorat qilish yanada ulug‘ ne’mat. Bu yerda ana shunday sharoit yaratish kerak. Bu odamlarga, ayniqsa, yoshlarimizga ham bilim, ham g‘urur beradi. Qo‘rg‘on haqida chet ellardagi manbalarni o‘rganib, ma’lumotlarni boyitib borish ham zarur, - dedi Prezident.