06.07.2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston-Vengriya ko‘p qirrali munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Barcha darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. May oyida Toshkent shahrida qo‘shma Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumi samarali o‘tkazildi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobar oshdi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni ko‘paymoqda, 30-iyundan Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklandi.
Sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, logistika, qurilish va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Investitsiya loyihalarining yangi portfelini tayyorlash va joriy yil yakuniga qadar Qo‘qon shahrida Hududlar forumini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Ta’lim, madaniyat va sport sohalaridagi hamkorlik faollashdi. Ikki mamlakat xalqlarini yaqinlashtirishga qaratilgan madaniy tadbirlarni o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.
Turkiy davlatlar tashkiloti va Yevropa Ittifoqi doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.